Oʻzbekiston yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini muhofaza qilishda birlashishga chaqiradi

    Oʻzbekiston yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini muhofaza qilish boʻyicha xalqaro hamkorlikni boshlab, biologik xilma-xillikni saqlash borasidagi saʼy-harakatlarini davom ettirmoqda.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiya (CMS) ishtirokchilarining 14-konferensiyasiga raisligi doirasida CMS kotibiyati bilan birgalikda Berlin shahrida yangi mamlakatlarni Konvensiyaga jalb qilishga qaratilgan yuqori darajadagi tadbir tashkil etildi.

    Tadbirda atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha mamlakatning milliy va xalqaro miqyosdagi strategiyasi taqdim etildi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov CMS konvensiyasiga yangi davlatlar qoʻshilishi muhimligini taʼkidlab, Oʻzbekiston raisligi (2024–2026-yillar) davrida tashkilotga aʼzo boʻlishdan manfaatdor davlatlarga zarur yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

    Emi Frankel oʻz navbatida Oʻzbekistonning koʻchib yuruvchi turlarni muhofaza qilish tashabbusini ilgari surishdagi yetakchi rolini qayd etib, Samarqandda boʻlib oʻtgan Konvensiya ishtirokchilarining 14-konferensiyasida qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, u ishtirokchi mamlakatlarga ekologik tashabbuslarni samarali amalga oshirishga yordam beradigan strategik hujjatlarga toʻxtaldi.

    Ishtirokchilarni Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan quyidagi xalqaro tadbirlarga taklif etish uchrashuvning muhim qismi boʻldi:

    • Birinchi Samarqand iqlim forumi (2025-yil 4–5-aprel);
    • “Eco Expo Central Asia” ekologik texnologiyalar xalqaro koʻrgazmasi (2025-yil 3–5-iyun);
    • CITES Konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 20-yigʻilishi (2025-yil 24-noyabr – 5-dekabr).

    Oʻzbekiston global ekologik kun tartibiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlab, xalqaro hamjamiyatni tabiatni muhofaza qilish va yovvoyi hayvonlar koʻchib yuruvchi turlarining barqaror kelajagini taʼminlash boʻyicha birgalikda chora koʻrishga chaqiradi.