Oʻzbekistonda 27-oktyabr kuni deputatlik saylovi boʻlib oʻtadi

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovi 2024-yil 27-oktyabr kuni boʻlib oʻtadi.

    Bu haqda ayni paytda boʻlib oʻtayotgan Markaziy saylov komissiyasi majlisida maʼlum qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kampaniyasiga start berildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bugun oʻtkazilgan majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga doir muhim qarorlarni qabul qildi.

    Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkaziladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 36-moddalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi 2024-yil 27-oktyabr, yakshanba kuni oʻtkaziladi.

    Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida belgilangan muddatlardan kelib chiqib, bugundan, yaʼni 2024-yil 26-iyuldan Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi boʻyicha saylov kampaniyasiga start berilib, Kalendar reja tasdiqlandi.