Oʻzbekistonda 5 ta arxeologiya yodgorligi muzeylashtiriladi

    Arxeologiya yodgorliklarida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, konservatsiyalash va ularda ochiq osmon ostida muzey tashkil etish choralarini ko‘rish belgilangan. 

    Madaniy meros agentligi Fanlar akademiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda arxeologiya sohasidagi ekspert va mutaxassislarni jalb qilgan holda, arxeologiya yodgorliklarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, konservatsiyalash va ularda ochiq osmon ostida muzey tashkil etish hamda uni turizm obyektiga aylantirish choralarini koʻrish belgilab berilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-maydagi “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida 2023-2026-yillarda muzeylashtiriladigan arxeologiya yodgorliklarining manzilli rejasi tasdiqlangan edi.

    Unga koʻra, Madaniy meros agentligi Fanlar akademiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda arxeologiya sohasidagi ekspert va mutaxassislarni jalb qilgan holda, arxeologiya yodgorliklarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, konservatsiyalash va ularda ochiq osmon ostida muzey tashkil etish hamda uni turizm obyektiga aylantirish choralarini koʻrish belgilab berilgan.

    261-sonli qarordan kelib chiqqan holda, Toshkent shahar “Chilonzor oqtepasi”, Surxondaryo viloyati “Dalvarzintepa”, Andijon viloyati “Mingtepa”, Samarqand viloyati “Sherozqalʼa”, Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Qoʻyqirilganqalʼa” arxeologiya obyektlarida mintaqaviy restavratsiya markazlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

    Samarqand viloyati joylashgan “Sherozqalʼa” arxeologiya yodgorligini muzeylashtirishga Madaniy meros agentligi tomonidan 1 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi. Loyiha-smeta hujjatlari asosida obyektni konservatsiya qilingan qismi metall konstruksiya bilan yopildi. Yodgorlikni toʻliq koʻrish qulayligini yaratish maqsadida kuzatish maydonchasi qurildi va mehmonlar uchun oʻrindiqlar oʻrnatildi, hojatxona hamda yoʻlaklar barpo qilindi.

    Toshkent shahridagi “Chilonzor Oqtepasi” arxeologiya yodgorligini restavratsiya qilish, taʼmirlash-tiklash ishlariga 500 mln. soʻm mablagʻ ajratildi. Loyiha asosida obyektni toʻliq koʻrish qulayligini yaratish maqsadida kuzatish maydonchasi qurildi. Tashrif buyuruvchilarning harakatlanishi uchun yoʻlaklar barpo qilindi hamda yoritgichlar oʻrnatildi. Shuningdek, harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida obyekt atrofi toʻsiq bilan oʻrab olindi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida “Chilonzor Oqtepasi” arxeologiya yodgorligida ochiq osmon ostidagi muzey tashkil etilib, turizm obyektiga aylantirildi.

    Madaniy meros agentligining tegishli qarori asosida “Dalvarzintepa” arxeologiya yodgorligi uchun 800 mln. soʻm mablagʻ ajratildi. Maskanda ham belgilangan loyiha asosidagi barcha ishlar amalga oshirildi. Harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida obyekt atrofi toʻsiq bilan oʻrab olindi.

    Qarorda belgilangan barcha yodgorlik majmualarida ham belgilan loyiha-smeta asosidagi ishlar amalga oshirildi.