Yurtimizda aholining ko'p qismi jamoat transportidan foydalanadi. Biroq rivojlangan mamlakatlar bilan solishtirganda ko'rsatkichlarimiz nisbatan past. Mutaxassislarning aytishicha, bu holat barcha hududlarda avtobuslarning etarli emasligi bilan izohlanadi. Birgina misol, respublikamizda 5 mingga yaqin yo'lovchi tashish yo'nalishi bo'lsa, shundan 15 foizi avtobus, qolgan 85 foizi mikroavtobus yoki “Damas”lar hissasiga to'g'ri kelmoqda. Natijada Toshkent shahri aholisining 30, viloyatlarda 22 foizi jamoat transportidan foydalanyapti. Vaholanki, bu ko'rsatkich boshqa davlatlarda yuqoriroq, xususan, Qozog'istonda 76 foiz, Rossiyada 30 foizni tashkil etadi. Mutaxassislar ushbu muammoning sababi va echimlari haqida gapirdi.
Ruslan RO'ZMETOV,
Transport vazirligi boshqarma boshlig'i:
— Avtobus, mikroavtobuslar yo'nalishini tahlil qiladigan bo'lsak, hozir sohada faoliyat yuritayotganlarning 99 foizini xususiy sektor tashkil qilmoqda. Bu juda yaxshi natija. Ammo bu holat mazkur tizimni o'z holiga tashlab qo'yishimiz mumkinligini anglatmaydi. Hududlarda avtobuslar kamligi ijtimoiy masala. O'rganishlar natijalari avtobuslar etishmovchiligining sababi ushbu transport vositasi narxining balandligi, kreditlashning samarali mexanizmi mavjud emasligi, subsidiya tizimi ishlamayotgani bilan bog'liqligi ma'lum bo'ldi. Hatto 2019-yilda avtobus sotib oladiganlarga 24 foizli kredit berilgan. Xususiy avtokorxonalarning ko'pchiligi bunday katta foizni to'lay olmagan. Ana shu muammolar sabab tadbirkorlarning avtobus sotib olib, faoliyat ko'rsatishga intilishi kamayib ketgan.
Shu jihatlarni inobatga olgan holda Transport vazirligi “Hududlardagi jamoat avtotransporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaror loyihasini ishlab chiqib, muhokamaga qo'ydi. Loyihada ayni yuqoridagi masalarning echimi ko'rsatilgan. Unda avtobus, mikroavtobus sotib olayotgan korxonalarni samarali kreditlash mexanizmini yaratish, foiz stavkalarini pasaytirish, avtobus xarid narxining 5 foizini davlat byudjeti mablag'lari hisobidan to'lash, zarar bilan faoliyat yuritayotgan korxonalarning ko'rgan ziyonini mahalliy byudjetdan oyma-oy qoplab berish mexanizmi hamda garov masalasida yordam ko'rsatish ko'zda tutilgan. Bu qulayliklar sohaning xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirib, aholining jamoat transportiga bo'lgan ehtiyojini qondirish uchun sharoit yaratadi.
Taksida yo'lovchi tashish sohasida ham qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2021-yil 7-maydagi “Avtomobil` transportida yo'lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ko'pchilik kutgan yangiliklardan biri bo'ldi. Ushbu huquqiy hujjatning eng muhim jihati taksichilik faoliyati bilan shug'ullanish uchun litsenziya olish tizimining soddalashtirilgani hisoblanadi.
Qaror qabul qilinishidan oldin o'tkazilgan tahlillarda respublikada qonuniy faoliyat ko'rsatayotgan taksilar soni 61 mingga yaqin, noqonuniy taksichilar esa 100 mingdan ziyod ekani aniqlandi. Xo'sh, ular nima uchun qonuniy faoliyat ko'rsatmayapti? Tegishli litsenziyani olib ishlamayapti?
Buning birinchi sababi shuki, qonuniy faoliyat ko'rsatish mexanizmi talablari juda murakkab. YA'ni avvalgi qonunchilik talablariga ko'ra, taksichi litsenziya olish uchun mashinasini yuridik tashkilotga ijaraga berishi, muayyan rangga bo'yashi, maxsus davlat raqamini olishi talab etilgan. Bularning barchasi ortiqcha xarajat edi.
Ikkinchi sabab - noqonunniy faoliyat ko'rsatayotgan 100 ming haydovchidan 50-60 foizining asosiy ish joyi bor va ular bo'sh vaqtlaridagina taksichilik qiladi. Bu kishilar uchun litsenziya olish ortiqcha ovoragarchilikdan boshqa narsa emas. Bundan tashqari, viloyatlarda aksariyat fuqarolar bola-chaqasini taksichilik orqasidan boqadi. Shu paytgacha amal qilgan me'yoriy hujjatlar, qonunchilikda ularning moliyaviy holati bilan hisoblashilmagan. Yuqoridagi qarorda ana shu masalalarga echim belgilandi. YA'ni taksichilik faoliyati bilan qo'shimcha ish sifatida shug'ullanadiganlarga yakka tartibda, hech kimga a'zo bo'lmasdan, shunchaki davlat ro'yxatidan o'tib, minimal qat'iy soliqni to'lagan holda, istagan vaqtda faoliyat ko'rsatish huquqi berildi. Ular buning uchun avvalgidek katta xarajatlar qilishga majbur bo'lmaydi. Yagona sharti — yakka tartibda ro'yxatga olingan taksichilar bir yoki bir nechta taksi korxonasiga birikib, faqat buyurtma asosida ishlashi kerak bo'ladi. SHu jihatdan qaror bilan agregatorlar, ya'ni taksi korxonalari faoliyati ham tartibga solindi. Ularga o'z bazasini soliq organi va Transport vazirligi bilan integratsiya qilish hamda 1-sentyabrdan faqat litsenziya olgan jismoniy shaxslar bilan ishlash talablari qo'yildi. Boisi, berilgan litsenziya orqali ro'yxatga olingan har bir taksi haydovchisidan aholiga qonuniy, qulay va sifatli xizmat ko'rsatishni talab qilish mumkin bo'ladi.