Norasmiy bandlik dunyoning barcha mamlakatlarida mavjud. Uning darajasi har bir davlatning ijtimoiy–iqtisodiy salohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlariga bevosita bogʻliq. Rasmiy statistik maʼlumotlarda qayd etilishicha, 2022-yilning 1-iyul holatiga koʻra, Oʻzbekistonda jami band aholining 41,3% i norasmiy sektorda faoliyat koʻrsatgan.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda norasmiy sektorda band boʻlganlar soni maʼlum darajada pasaygan (2020-yilning birinchi yarimida – 56,7%,2022-yilning shu davrida 41,3%).

2022-yilda norasmiy sektorda band boʻlganlar ulushi 2020-yildagiga nisbatan 15,4% punktiga kamaygan. Hududlar boʻyicha esa eng yuqori kamayish Xorazm (22,7%), Andijon (22,4%), Samarqand (20,5%), Fargʻona (16,8%) viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi (19,9%)da kuzatilgan.

Mamlakatimizda tahlil davrida mehnat resurslari (0,4 mln. kishi) va iqtisodiy faol aholi sonining oshishi (420 ming kishi) ga qaramasdan iqtisodiyotning norasmiy sektorida band boʻlganlar soni deyarli 1,5 mln. kishiga qisqarganini ijobiy hol, deyish mumkin.

Buning asosiy sabablaridan biri oʻzini – oʻzi band qilishning davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishidir. Oʻz navbatida ishsizlik darajasi (-4,4 foiz punktiga) bilan norasmiy bandlikning kamayishi (-15,4 foiz punktiga) oʻrtasida bevosita bogʻliqlik kuzatilgan.