Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat aʼzolari, markaziy idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus, shuningdek fuqarolik jamiyati instituti va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi Doimiy vakili oʻrinbosari Doyna Muntyanu moderatorlik qildi.
Tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Bahodir Karimov, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy boʻlinmasi rahbari Rishard Komenda, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi – Elchi, doktor Pyer fon Arks va boshqalar soʻzga chiqdi.
Maʼruzachilar taʼkidlaganlaridek, keyingi besh yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining oliy minbaridan turib ilgari surgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari keng jamoatchiligimiz hamda jahon hamjamiyati tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda. Bunday ijobiy munosabat, bir tomondan, Oʻzbekistonning davlatimiz rahbari belgilab bergan milliy taraqqiyot yoʻlidan ogʻishmay, dadil odimlayotganini tasdiqlasa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizning xalqaro maydonda oʻrni va nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganiga yana bir yorqin dalildir.
Bugungi anjuman Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan 2021-yil 22-fevral kuni BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida ilgari surgan yana bir tashabbus amalga oshirilgani munosabati bilan tashkil etildi. Bu oʻrinda gap 2021-yilda “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani (Nyu-York, 2006-yil 13-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingani haqida bormoqda.
BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari tengligi, ayniqsa, ayollar va bolalarning taʼlim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, oʻzi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega boʻlishining huquqiy kafolatlarini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjat. Mazkur Konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006-yil 13-dekabrda qabul qilingan va 2008-yil 3-mayda kuchga kirgan.
BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi XXI asrda qabul qilingan inson huquqlari toʻgʻrisidagi birinchi shartnomadir. 2021-yil fevral holatiga koʻra, BMTning 192 aʼzo-davlatidan 182 tasi ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilgan.
Konvensiya 50 ta moddadan iborat boʻlib, dunyodagi nogironligi boʻlgan shaxslar holatini tahlil qilish asosida qabul qilingan. Konvensiya insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati prinsiplarini oʻzida mujassamlashtirgan. Uning asosiy gʻoyasi shundan iboratki, nogironligi boʻlgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
Oʻzbekistonda kam taʼminlanganlar, nogironlar, yoshlar, ayollar va qariyalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.
Mamlakatimizning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga qoʻshilishiga oid masala davlat boshligʻining quyidagi dasturiy hujjatlarida:
birinchidan, “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida (2017-yil 1-dekabrda qabul qilingan);
ikkinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bagʻishlangan Tadbirlar dasturida (2018-yil 5-maydagi Farmon bilan tasdiqlangan);
uchinchidan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida (2020-yil 22-iyundagi Farmon bilan tasdiqlangan);
toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashining 2021-yil 22-fevralda boʻlib oʻtgan 46-sessiyasidagi nutqida nazarda tutilgan.
BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi va BMT xalqaro shartnomaviy organlari – Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qoʻmitasining, Irqiy kamsitishni tugatish boʻyicha qoʻmitasining yakuniy tavsiya va mulohazalarida Oʻzbekiston tomonidan Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilinishi boʻyicha chora-tadbirlarni takomillashtirish va bu borada targʻibot-tashviqot faoliyatini amalga oshirish bir necha marta tavsiya etilgan
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan noyob tajriba qoʻllanildi. Yaʼni, xalqaro-huquqiy hujjat dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida nogironlarning ijtimoiy himoyasi va tengligini kafolatlaydigan bir qator qonunlar qabul qilindi. 2020-yil 15-oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun nogironlarning huquqlarini belgilaydigan asosiy qonun hujjati hisoblanadi.
Konvensiyani ratifikatsiya qilishda 3 ta manba: milliy qonunchilik, xorijiy yuridik amaliyot va ushbu Konvensiyaning oʻziga tayanildi. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Rossiya, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon kabi davlatlar tajribasi chuqur oʻrganildi.
Xususan, AQSH, Buyuk, Britaniya, Germaniya, Shveysariya kabi yetakchi xorijiy davlatlar Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan holda, tegishli milliy qonunlarini ham qabul qilgan. Bu qonunlarning barchasi mazmunan oʻxshash boʻlib, Konvensiya talablari negizida ishlab chiqilgan.
Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siѐsiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat boʻlishidan qatʼi nazar insonni, shu jumladan nogironligi borligi tufayli kamsitmaslik prinsipi yotadi. Bu borada nafaqat davlat tuzilmalari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik koʻrsatayotgani juda muhim.
Bugungi kunda mamlakatimizda nogironlik sohasida 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ular orasida Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston nogironlar jamoat fondi, Oʻzbekiston Nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi, Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi, Oʻzbekistondagi falaj nogiron bolalar va oʻsmirlarga yordam berish “Umr” jamoatchilik markazi, “Inklyuziv hayot” nogironlar jamoat birlashmasi, Oʻzbekiston Koʻzi ojizlar jamiyati, Oʻzbekiston karlar jamiyati kabi NNTlar bor. Ushbu nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari Konvensiyani ratifikatsiya qilishda faol ishtirok etdi.
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy usullar va xalqaro standartlarni joriy etishga, Konvensiyaning asosiy qoidalarini amalga oshirishga, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyilini amalga oshirishga yordam beradi.
Konvensiyani ratifikatsiya qilish natijasida – nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimi xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashishi, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish boʻyicha xalqaro tashkilotlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkoni kengayishini, aholini ijtimoiy himoya qilishdagi mamlakatimizning ijobiy xalqaro imiji yana-da yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.