Oʻzbekistonda bolalar sanʼati uchun yangi davr keldi yoxud musiqada, qoʻshiqda maʼnaviyatning chuqur bulogʻi bor

    Oʻsha qora kunlarda yuz bergan bir voqea yuragida hamon dogʻ boʻlib qolgandi. Quchogʻida yosh bolasi bilan koʻsak chuvib oʻtirgan bir ayol xiyol mudrab qoladi. Bu holni kuzatib turgan tabelchi qoʻlidagi muzlagan koʻsak bilan uning yuzini nishonga oladi. Haligi ayolning koʻzidan oqqan qon yoshgina Shermatning koʻnglini oʻsha davr siyosatiyu hayotdan sovutib yuboradi. “Padariga ming laʼnat bunday hayotning”, degandi oʻshanda.

    Bogʻimda gullar chaman,

    Men gullarni quchaman

    Zavq-la ochib qulochim

    Yayrab qushdek uchaman

    Eh, bolalik... Bahorning oʻzimizga oʻxshashiga, uning biz bilan yashashiga murgʻak qalbimizni ishontirgan begʻubor davr, goʻzal olam. Oʻzbekiston Xalq artisti, “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi Shermat Yormatov ana shu begʻubor olam, orzular dunyosi haqida yuzlab kuy-qoʻshiqlar yaratib, bolalar bilan birga kuylagan ustoz sanʼatkorlardan. 40-50 yildan buyon Oʻzbekistnimizdagi har bir bola hayotida jilla qursa bir bor xirgoyi qiladigan ushbu qoʻshiq hammamizga tanish, qadrdon. Muallifning esa koʻngli hamon yangi qoʻshiqlar zavqidan masrur. Bolajonlar bilan tillashishdan kuch oladigan bu inson ularsiz, ularning qoʻshiqlarisiz hayotini tasavvur ham qila olmaydi.

    Uning bolalarga qattiq bogʻlanib qolishi, ularga ota-onaday gʻamxoʻrlik qilishida oʻzining bolaligi muhim oʻrin tutadi, desak xato boʻlmaydi. Chunki u bolalikning oʻziga xosliklari, bola qalbining har kim ham anglay olmas nozik qirralarini teran his qiladi. Shermat Yormatovning bolalik xotiralarini eshitsangiz, sevimli kasbi, darhaqiqat, hayotining mazmuni ekaniga amin boʻlasiz.

    Boshidan oʻtkazgan tabib

    “Otam urushdan qaytmagach, onam shoʻrlik ikki oʻgʻil, ikki qizni yolgʻiz oʻzi voyaga yetkazdi. Amakiyu togʻalar ham urushda edi. Qiyinchiliklarga qaramay halol mehnat bilan kun koʻrdik. Kichkina bogʻimiz boʻlardi. Olma, oʻrik degandek, pishgan meva borki, terib bozorga yoʻl olardik. Fargʻonaning markazigacha biz yashaydigan Logʻon qishlogʻidan 15-20 kilometr bor. Avtobus, mashina anqoning urugʻi. 2-3 soatlab kutamiz, uzoqdan tirillagan ovoz kelsa, toʻxtamay oʻtib ketmasin, deb yoʻlning oʻrtasiga chiqib olamiz. Non puli chiqsa hisob, mevalarni arzon garovga sotib kelardik. Onam kechasi bilan uxlamay, joʻxoriga oʻxshagan narsani maydalab, atala qilardi. Hech narsa qolmagan kunlari sigirimizning suti hammamizni boqardi. Xullas, onam shoʻrlik nima qilib boʻlsa ham qornimizni och qoʻymasdi. Uning oʻzi aytib berardi, dadasi oʻgay onasidan yashirib, bir burda non berar ekan-da, “yengingizning ichiga solib olib, koʻrsatmay yeng”, der ekan. Shu bois, bir burda nonning qadrini onam yaxshi bilardi. Shunday boʻlsa-da, hech qachon birovning haqiga xiyonat qilmaslik, birovdan umidvor boʻlmaslikni oʻrgatdi bizga.

    Bola ekanman, bir safar, doʻkonga kirib, hamma narsani tomosha qildim. Har xil shirinliklar, roʻzgʻor buyumlariga mahliyo boʻlib, chiqib ketayotsam, oyogʻim ostida bir narsa shiqirladi. Qarasam, 10 soʻm pul, yerdan olib, sotuvchiga berdim. “Sen Gulshanbi opaning oʻgʻlimisan, rahmat”, dedi.

    Uyga borib, voqeani onamga aytib, choy ichib oʻtirgandik, birov chaqirib qoldi. Onam yuziga roʻmolini toʻsib, darvozani ochdi. “Shermamat sizning oʻgʻlingizmi?”, degan gapni eshitdim-u, yuragim shuv etib, bogʻimiz tomonga qochdim (Sh.Yormatovning asl ismi Shermuhammad boʻlib, hujjatda Shermat yozilib qolgan, qishloqdagilar koʻproq Shermamat deb chaqirishgan ). Xavotirim oʻrinsiz ekan, kelgan odam onamga minnatdorlik bildirib qoldi. “Oʻgʻlingiz doʻkonda tushirib qoʻygan pulimni topib olibdi, shunday vijdonli bola tarbiya qilganingiz uchun rahmat”. Keyin onamga katta tuguncha uzatdi. Onamning eʼtiroziga qaramay haligi kishi tugunchani maysa ustiga qoʻyib, otini choptirib ketdi. Onam tugunni ochib yigʻlab yubordi. “Koʻrdingmi, bolam, hamisha halol boʻlgin, sen orzu qilgan narsalarning hammasidan olib kelibdi”, dedi...

    Otamning rasmini ham koʻrmaganman

    Tomga chiqib, qoʻshni bolalarga onasi olib bergan doirani chalib konsertlar qoʻyib bergan, kim soʻrasa, kompozitor boʻlaman, deb yuradigan Shermat Yormatov poytaxtdagi madaniy oqartuv texnikumida qisqa vaqtda tengdoshlariyu, oʻqituvchilari hurmatini qozondi. Mohir terimchi boʻlgani uchun har hafta bayroqning oldida turar, sovgʻalar olaverganidan uni tanimagan ham tanib olardi. Kechki konsertlarda qoʻshiq aytib, oʻynab berishi ham uni butun texnikumga tanitdi. Unga havas qiladiganlar koʻpaydi. Bu esa, oʻspirinning shijoati, ruhini oshirdi.

    Har besh kunlikda olgan terim haqiyu, mukofot pullarini rus tili oʻqituvchisiga berib qoʻyardi. Bu ayol unga bir ona farzandiga berishi mumkin boʻlgan barcha narsani ortigʻi bilan berdi. Tansiq taomlar bilan qornini toʻqlar, endi biroz ishlaymiz, deya pianino chalishni soatlab oʻrgatar, kuzatayotib, choʻntagini konfetlar bilan toʻldirib, yoʻlkira berarkan, gʻoyat xijolatdan qizargan oʻquvchisiga “keyin berasan”, deb qoʻyardi. Shermat shu maʼnoda ham uning oldida oʻzini bir umr qarzdor, hisoblardi. Paxta terimi tugagach, “ikkinchi ona”si unga olib qoʻygan bosh- oyoq sarpodan tashqari 350 soʻm pulini berib, “buni onangga bergin, halol peshona tering bu”, dedi.

    Paxtadan qaytishganida bir oʻqituvchi ilgʻor terimchi Shermatjon bilan quyuq soʻrashib, “domla yaxshilarmi?”, dedi. Kimni soʻrayotganini tushunmay, “ha yaxshilar”, deb qoʻya qolgan yigitchani direktor xonasiga chaqirishdi. Rahbarning oʻrnidan turib, quchoq ochib koʻrishganini u terimdagi faolligiga yoʻydi. Lekin direktor “shunday odamning oʻgʻli boʻla turib, indamabsiz-a, Shermatjon, shunchayam kamtar boʻlasizmi”, deb qoldi. Tushunmadim, kimni aytyapsiz, mening otam oddiy soldat, men uni koʻrmaganman, urushdan qaytib kelmagan, deb yigʻlab yubordi. Qahramonimiz dadasining qayta ishlangan rasminigina koʻrgan, ammo uning tasavvurida otasi yelkasida pogoni bor, basavlat, koʻrkam yigitligicha qolgan.

    Direktorning tarvuzi qoʻltigʻidan tushmadi, aksincha, yigitchani mahkamroq quchdi. Choʻntagidan 2 ta oʻn soʻmlik olib, oʻzi oʻylaganidek, Komil Yormatovning emas, oddiy askar oʻgʻlining choʻntagiga soldi. Koʻzida yosh bilan “bugundan boshlab otangizman”, deya oldi xalos.

    “Bulbulcha”ning yutugʻi nimada?

    70-yillarning boshida (“Bulbulcha” bolalar ashula va raqs ansambli tashkil topgan yil) bir ota vajohat bilan kelib, “mening qizim bu yerga qatnamaydi, yallachi boʻlmaydi”, deb qizini olib ketganini Shermat Yormatov yaxshi eslaydi. Ammo oʻsha ota 20 yildan keyin qaytib kelib, “men katta xato qilgan ekanman, bolalar bu yerda oladigan tarbiyani hech qaysi fan bera olmas ekan, meni kechiring”, deyishi uning uchun tabiiy hol edi. U magʻrur otaning bosh egib kelgani emas, sanʼatning ahamiyati, qoʻshiqning qudratini anglab yetganidan xursand edi.

    Chindan ham ayrimlarning fikricha, “50-100 kishini bir joyga toʻplab olib, ogʻzini ochirib turishdan boshqaga yaramaydigan xor”ga nima uchun ota-onalar bolalarini yetaklab keladi? Shunday boʻlsa nega “Bulbulcha” ansambli tarqalib ketmayapti? Nima sababdan Shermat Yormatov 82 yoshida ham uyda qarilik gashtini surib oʻtirmay, har kuni ishga kelyapti? Qolaversa, “Qoʻshigʻim, jon qoʻshigʻim”ning muxlislari nima uchun hali ham koʻp?

    Hech ikkilanmay aytish mumkinki, “Bulbulcha”ga kelganlar bir oyga qolmay koʻngli keng, yuragi toza, chehrasi ochiq bolaga aylanadi. “Bulbulcha”ning bolalari har qanday vaziyatda ham yonib, joʻshib, tabassum bilan kuylaydi. Ularga hech qachon qovoq osmaslik, hamisha kulib turish oʻrgatiladi. Harakat, mimika orqali tinglovchini ham qoʻshiqning ichiga olib kira olish talabi har birining ongiyu vujudiga singadi. Bu yerda birorta qoʻshiq shunchaki oʻrgatilmaydi. Aytaylik, qoʻshiq paxta haqida boʻlsa, uning insonlar uchun barcha foydali jihatlari, mashaqqatli mehnat evaziga yetishtirilishi bolalar ongiga oʻzlarining tilida singdiriladi. Qarabsizki, bolalar qoʻshiqdagi har bir soʻz ohangini qanday ijro etishni tushunib ijro etadigan boʻlishadi.

    Bir gal Shermat Yormatovning ochiq darsiga kirgan maktab direktori (Toshkentdagi 152-maktabda 25 yil musiqadan dars bergan) musiqa oʻqituvchisi qoʻshiqni oʻrgatibgina qolmay, paxtaning qanday dunyoga kelishi-yu, undan nimalar olinishini kuyinib gapirayotganini eshitib, “agar musiqa darsi shuncha tarbiya berayotgan boʻlsa, mening bolalarim eng baxtli bolalar boʻladi”, degan ekan. Har bir davrning bolalarini qiyoslay turib, qahramonimiz shunday tafovut sezadi — oddiy koʻylak haqidagi qoʻshiqni ham, uning mohiyatini tushunib kuyladigan bolalar afsuski, bugun kam.

    Maktab kuylasa, butun Vatan kuylaydi

    Oʻtgan yili iyun oyida Prezidentimiz Namanganda turib, “Attestat olishda, hammamiz oʻrganganmiz – fizika, matematika boʻyicha baho boʻladi. Topshiriq berdimki, endi attestatda har bir maktabda 11-sinfni bitirgan bolalarimiz bitta cholgʻu asbobini oʻrgangan degan bahosi boʻladi”, degan gaplarini televizorda eshitgan Shermat Yormatov “yashang, boʻlar ekan-ku,”, deya oʻrnidan turib ketgani, oʻsha kun uning uchun goʻyo bayram boʻlganini koʻpchilik mubolagʻaga yoʻyishi aniq. Umumtaʼlim maktablaridagi musiqa darslarining ahvoliga anchadan buyon achinib kelayotgan, ammo bir oʻzi ularga yordam bera olmayotgan odam uchun bu chindan ham bayram qilishga arzirli yangilik boʻlgandi. Ochiq aytish kerak, aksariyat maktab direktorlari musiqa fanini ikkinchi darajali hisoblab, bu darsni rubob sozlashni bilish u yoqda tursin, musiqadan umuman xabari yoʻq tanish-bilishlariga ham berib qoʻygandi. Bir paytlar Toshkentning oʻzida 150–200 ta maktabda xor jamoalari boʻlgan. Hozir bunday jamoalarni uchratish amrimahol. Zero, inson tarbiyasi uchun musiqaning naqadar kerakligini ibn Sino aytib ketganini Shermat Yormatov kuyunib taʼkidlar ekan, bu boradagi ogʻriqlarini ham qayd etdi:

    — Ayniqsa, tanburdan taraladigan ajib nola manaman degan millatda ham yoʻq, oʻzbekning tanbur kuyi yurakni titratib yuboradi. Bola shu kabi musiqalardan maʼnaviy ozuqa, tarbiya oladi. Musiqada, qoʻshiqda maʼnaviyatning chuqur bulogʻi bor. Har bir bola oʻsha buloq suvidan ichishi kerak. Shu maʼnoda, koʻplab maktablardagi musiqa darslaridan koʻnglim toʻlmaydi. Oʻrni kelganda barcha hamkasblarimga aytgan boʻlardim: qoʻshiqni shunchaki oʻrgatish emas, uning mohiyatini, atrofidagi tushunchalarni ham hayotga bogʻlab, bola ongiga singdirish zarur. Shundagina u qoʻshiqni yayrab aytadi. Masalan, “Yangi koʻylak tikdilar ayajonim bayramga”, deganda, bola qalbi bayram shukuhini, bayramda yangi koʻylak kiyish zavqini his qilishi kerak. 4-5 yoshli bolaning oʻziga munosib qoʻshiqlar, yallalar, laparlar boʻlsa bas! Bola ularni oʻziniki qilib oladi. Zero, bundan ancha yillar oldin

    Quyosh boʻlsin, oy boʻlsin,

    Oʻzbekiston boy boʻlsin

    Menga atlas, ukamga

    Gijinglagan toy boʻlsin, degan ezgu tilaklar bilan boshlanuvchi qoʻshiqni millionlab bolalar oʻziniki qilib olganidek, bugunning bolalari ham oʻz qoʻshiqlarini joʻshib aytishi kerak.

    Shu oʻrinda keyingi paytda yurtimizda adabiyotga katta eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidlash lozim. Bu juda yaxshi. Bolalar spektakllari koʻpayyapti, bu ham bola tarbiyasi uchun gʻoyat zarur. Endilikda bolalar qoʻshiqlari, bolalar sheʼrlariga ham jiddiy yondashsak, albatta, oʻlmas qoʻshiqlar yaralaveradi. Men faoliyatimda Poʻlat Moʻmin sheʼriyatiga koʻproq suyanaman. Uning sheʼrlari kabi oʻz musiqasi oʻzi bilan yaralgan sheʼrlar koʻpaysa, boshim koʻkka yetadi.

    Xor — taqdirlarni-da birlashtirguvchi qudratli kuch

    —Onamning 4 yetimni bir oʻzi boqqaniga, har birimizning koʻnglimizga qaray bilganiga har gal gastrollarda qoyil qolardim, — deb xotirlaydi Shermat Yormatov. Kamida 80 nafar bola bilan safarlarga boradigan mehribon ustoz, qaysi yurak bilan shuncha bolani olib ketganiga hozir oʻzi ham hayron. Kunda kun ora uni yoʻqlaydigan shogirdlari bugun 2 yoki uch nafar farzandini baʼzan oʻz izmiga sola olmayotganidan nolib qoladi. “Ustoz, shunda siz qanchalar mashaqqatni, bugun biz tasavvur ham qila olmaydigan ulkan masʼuliyatni zimmangizga olgan ekansiz”, deyishadi.

    Bir gal Turkiyada 78 ta davlat bolalari orasidan “Bulbulcha”eng yuqori oʻrinni olganida, Oʻzbekiston elchixonasidagilar televizor orqali tomosha qilib turgan ekan. Aeroportda jamoani bir qop sovgʻa-salom bilan qarshi olishadi. Har bir bolaga oʻzining ism-familiyasi yozilgan sovgʻalarni ulashayotib, Shermat Yormatovga “oʻlchamingizni bilmaganimiz uchun, sizdan qarzdor boʻlib qoldik, endi bilib oldik, albatta, sizga ham sovgʻa yuboramiz”, deyishgan. Oʻshanda ham u “ mana shuncha sovgʻam borku, bolalarimga berilgan har bitta sovgʻa mening ham sovgʻam,”degan.

    Bugun ana shu bolalar bir-biri bilan aloqani uzmagani, hatto quda-anda boʻlayotganiga ishonmasangiz kerak. Sizsiz toʻy tatimaydi, deya 80 dan oshgan ustozini avaylab toʻyxonaga olib ketayotganlariga-chi? Mana, begʻuborlikda orttirilgan doʻstlikning, ustoz-shogirdlikning samimiyligi, davomiyligi. Xor — bu yigʻilib olib ashula aytish emas, ichki dunyoning goʻzalligi, maʼnaviyatga oshuftalik, umrboqiy doʻstlik. Minglab qalblarni bir-biriga bogʻlagan mehribon ustoz ularning hammasini eslay olmas, lekin barchasini “mening bolalarim”, deydi. Shogirdlari bilan faxrlanadi.

    Ular orasida koʻplab davlat arboblari, Oʻzbekiston xalq artislari borligi uning hayotdagi eng katta yutugʻi. Gʻulomjon Yoqubov, Ramz Usmonov, Dilfuza Rahimova kabi sanʼatkorlar fidoyi ustozning yuzini yorugʻ, nomini ulugʻ qildi.

    –Agar domla mening qoʻlimdan yetaklab, Jizzaxdan Toshkentga olib kelmaganida, aytaylik, oʻzim kelgan taqdirimda ham Shermat Yormatovdan boshqaning qoʻliga tushganimda bugun Xalq artisti boʻlmasdim, — deydi Oʻzbekiston Xalq artisti, taniqli operachi Ramz Usmonov. — Ochigʻini aytaman, men ustozimning uyida yashab, uning non-tuzini yeganman. U nafaqat menga, balki jamoadagi barcha bolalarga mana shunday mehr koʻrsata olgan. Shuning uchun men Shermat Yormatovni oʻz otamdek yaxshi koʻraman, ustozimdan bir umr qarzdor va minnatdorman.

    Yangi Oʻzbekistonda bolalar sanʼati uchun yangi davr keldi

    Bir paytlar Sharof Rashidov Shermat Yormatovning iqtidorli shogirdlaridan biri Burxon Boʻriyevni “mening billur bolam”, degan ekan. Bugun u Amerikada yashaydi. Yaqinda ustozidan xabar olgani kelib, sizni Amerikaga olib ketaman, deganida, Shermat Yormatov Oʻzbekistonimiz ham chet ellardan kam emas. Bolalarimiz baxtiyor. Yangi Oʻzbekistonda barcha sohalar kabi bolalar isteʼdodini namoyon etish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotir, bunday eʼtibor hech mahal boʻlmagandi. Endi maza qilib ishlaydigan, kelajak avlodning yuksak taʼlim oladigan davri keldi, deb rad etdi.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan mustaqilligimizning 30 yilligiga katta qoʻshiqlar tanlovi tashkil etilganidan Shermat Yormatovning boshi osmonga yetdi. Chunki bunday festivallar u guvoh boʻlgan avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Bugungi festivallar shunchaki tashkil etilmayapti. Bolalarimizning yurakdan kuylab, baxtli ekanini his qilishi uchun qanchalar eʼtibor berilyapti, mablagʻ sarflanayotir. Sanʼatkor butunlay yangi ruhdagi bu kabi festivallarning mamlakat boʻylab shiddatli tus olishi, yildan-yilga yoshlarning anʼanaviy qoʻshiq bayramlariga aylanib qolishini tasavvur qiladi. “Bugun Oʻzbekistonni yangi nigoh bilan koʻryapmiz. Yangicha fikrlash, odamlarga munosabatlar yangi, siyosatga yondashuv ham yangicha”, deydi jilmayib.

    Ayniqsa, paxta siyosatining bugun butunlay insoniylikka asoslangani qahramonimizni behad xursand qiladi. Chunki uning bolaligi tizza boʻyi qorda ham koʻk koʻsakni tesha bilan yorib, tonggacha chuvilgan kunlarga guvoh boʻldi. Oʻsha qora kunlarda yuz bergan bir voqea yuragida hamon dogʻ boʻlib qolgandi. Quchogʻida yosh bolasi bilan koʻsak chuvib oʻtirgan bir ayol xiyol mudrab qoladi. Bu holni kuzatib turgan tabelchi qoʻlidagi muzlagan koʻsak bilan uning yuzini nishonga oladi. Haligi ayolning koʻzidan oqqan qon yoshgina Shermatning koʻnglini oʻsha davr siyosatiyu hayotdan sovutib yuboradi. “Padariga ming laʼnat bunday hayotning”, degandi oʻshanda.

    Bugun esa, Oʻzbekistonning 35, 40 yillik istiqlol toʻylarini ham koʻrish, oʻsha toʻylarda yangi-yangi qoʻshiqlarini jaranglatib, oʻzbek bolalarining maroq bilan kuylaganini eshitish orzusi bilan yashayapti. Qani endi qirq-ellikta bolaning bir xil ovozda, mayin harakatlar bilan qoʻshiq aytganini koʻrib, xorni pisand qilmaganlar lol boʻlishsa. Xor ansambli kelyapti, desa labiga uchuq chiqadigan baʼzi rejissyorlar jamoaviy kuylash — ommaviy sanʼatning asl maqsadini bilsa. Zero, chet ellarda “Bulbulcha”ning sanʼatini, ular kuylayotgan oʻzbekcha qoʻshiqlarni yuqori baholashadi, sevib tinglashadi. Shunday ekan, nega shu qoʻshiqlar oʻzimizda ham qadrlanmasligi kerak?

    Bolalar sanʼatiga bepisand qarashga hechkimning haqqi yoʻq

    Har kuni ertalab bir xushxabar, yaxshi bir farmon, qaror. Ayting-chi, qaysi davrda kambagʻalning uyiga borib xabar olingan? Qaysi davrda yoshlar boʻsh vaqtini unumli oʻtkazishlari uchun tashabbuslar koʻrsatilib, ularning avvalida sanʼat boʻlgan? Yoki qaysi zamonda eng koʻp kitob oʻqigan bolalar ragʻbatlantirilib yuksak mukofotlar berilgan? Axir hammani uyga qamagan karantin payti ham qancha-qancha yulduzlarni kashf etdik. Boshqa xalqlar singari yurak hovuchlab, ochlik gʻamini chekmadik. Bularning bari koʻz oʻngimizd, yangi Oʻzbekistonda yuz beryapti. Yonma-yon yashab bir-biridan uzoqlashib ketgan, borish-kelish juda katta muammoga aylangan davlatlarda bugun ahvol butunlay boshqacha tus oldi. Bugun ularning barchasi yana inoq, ahil doʻst boʻlib yashayapti.

    Prezidentimizning oqilona boshqaruvi tufayli yurtimizda tinchlik, farovonlik. Bolalarimiz zamonaviy ilmlarni, tillarni oʻrganyapti, chet ellarda taʼlim olyapti. Ular chinakamiga baxtli bolalikning gashtini suryapti. Qalbining tubidan qoʻshiqlari kabi joʻshib kelayotgan mana shunday iliq fikrlar Shermat Yormatovning koʻnglidan har kuni bir oʻtadi.

    –Agar Yaratgan umr bersa, hayotim soʻngiga qadar mana shu baxtiyor ertamiz egalariga kuy-qoʻshiq oʻrgatishdan, ularni shu aziz Vatanga muhabbat ruhida kamol toptirishdan toʻxtamayman, — deydi sanʼatkor. — Mustaqillik bayramlarida jajji bolalarimiz ham maroq bilan oʻz operalarini aytishlarini istayman. Bolalarning, yoshlarning oʻz qoʻshiqlari boʻlsa, ular madhiyaga aylansa, qanday yaxshi! Ularni bolalarimiz maza qilib kuylashi, zavq olishi, yangi Oʻzbekistonda ajdodlari orzu qilganidek yashayotganini his qilishlari kerak. Istardimki, yurtimizning har goʻshasidagi har bir xonadonda bolalar qoʻshiqlari jaranglab tursin. Bolalarning jamoa boʻlib kuylashiga, oʻz isteʼdodlarini dunyo boʻylab namoyon etishiga eʼtiborsizlik bilan qarashga esa hech kimning haqqi yoʻq.

    Bolaligim gulbahor

    Unda bahor husni bor

    Quyosh uni erkalab

    Kulib boqar har nahor

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri