Oʻzbekiston Respublikasi rahbarining topshirigʻiga binoan kompaniyaning boshqaruv va ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich oʻzgartirish ishlari doirasida, yagona platformadagi avtomobil modellarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish amalga oshirildi. Ushbu bosqichda platformaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 80 000 dona Chevrolet Tracker avtomobilini tashkil etadi.

Ushbu loyihani amalga oshirish jarayonida Asaka zavodida lazer va plazmali payvandlash, kuzovni lazer bilan oʻlchash kabi yangi texnologiyalar oʻzlashtirildi, shuningdek, zavod va butlovchi qismlarni yetkazib beruvchilarda ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Bundan tashqari, UzAuto Motors Powertrain zavodida Chevrolet Tracker avtomobillarini jihozlashda foydalaniladigan zamonaviy va tejamkor 1,2 hajmli, uch silindrli CSS Prime turbodvigatellarni ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Yangi dvigatel Xitoydan olib kelinadigan 125 ot kuchiga ega Tracker avtomobillari dvigatelidan kuchliroqdir. Yangi Tracker quvvati 132 ot kuchiga ega.

“Bugun biz barchamiz tarixiy va unutilmas voqeaning guvohi boʻldik –UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Tracker zamonaviy avtomobilini toʻliq siklda ishlab chiqaruvchilardan biriga aylandi. Bu faqat boshlanishi. Kompaniya bundan buyon avtomobillar qatorini zamonaviy va talabgir avtomobillar bilan toʻldiradi. Bularning barchasi mamlakatimiz rahbariyati va General Motors kompaniyasining har tomonlama koʻmagi hamda butun sanoat xodimlarining, jumladan, «Oʻzavtosanoat”, UzAuto Motors AJ, mahalliylashtirish korxonalari va ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishda ishtirok etayotgan boshqa koʻplab tarkibiy korxona xodimlarining qoʻllab quvvatlashi tufayli amalga oshirildi», – deya taʼkidladi “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzoqov.

GM prezidenti va strategik bozorlar, alyanslar va distribyutorlar boʻyicha boshqaruvchi direktori Kristian Sommer va GM International global taʼminot va taʼminot tizimi vitse-prezidenti Jonni Saldana oʻz nutqida, General Motors rahbariyati nomidan jamoani yangi model ishlab chiqarishni boshlaganligi bilan tabrikladi.

“Chevrolet Tracker 2023-yil modeli ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyish – Oʻzbekistonda va yana, komponentlarning katta qismi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qoplanadigan, Oʻzbekiston va MDH bozorlarida sotiladigan GEM platformasida yangi avlod avtomobillari ishlab chiqarilishining boshlanishidir. Alyans doirasida, biz GEM Tracker-ni oʻz vaqtida va benuqson ishga tushirishni taʼminlashda texnik tomondan koʻmaklashishdan hamda tajribamiz bilan oʻrtoqlashish imkoniyatidan mamnunmiz. Biz keyinchalik ham ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish va yetkazib berishda koʻmaklashishda davom etamiz”, – dedi GM International global xarid va taʼminot zanjiri vitse-prezidenti Jonni Saldana.

Chevrolet Tracker-2023 texnik xususiyatlarining muhim jihatlari quyidagilardan iborat:

  • 1,2 hajmli, aylanma harakatda 190 Nm va 97 kW quvvatga ega zamonaviy uch silindrli CSS Prime turbomotor;
  • 6-pogʻonali avtomatik uzatmalar qutisi;
  • aralash silkda tejamkor yoqilgʻi sarfi 6,9 l/100 km, shahar tashqarisidagi yoʻlda harakatlanish- 5,6 l/100 km;
  • xavfsizlikni taʼminlash tizimi (past tezlikda avtomatik tormozlash, koʻrinishi cheklangan joylar monitoringi, faol favqulodda tormozlash, oldinda turgan toʻsiqlar haqida ogohlantiruvchi signalizatsiya, yarimavtomat (parallel) toʻxtash tizimi;
  • haroratni avtomatik nazorat qiluvchi tizim (Klimat kontrol);
  • kruiz-kontrol;
  • kalitsiz salonga kirish va dvigatelni ishga tushirish;
  • charmdan rul qoplami;
  • elektr mexanizmga ega haydovchi oʻrindigʻi;
  • eko-charmdan oʻrindiqlar qoplamalari;
  • simsiz zaryadlash;
  • toʻliq svetodiod optikasi va LED orqa gabarit chiroqlar va h.k.