O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik sohasidagi o‘zgarishlar Misr nashrida e'tirof etildi

    Xalqaro hamkorlik 16 Fevral 2023 2088

    Misrda nashr etiladigan «Sada al-Balad» gazetasining internet tarmog‘idagi sahifasida O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik sohasidagi islohotlariga bag‘ishlagan maqola joylashtirildi.

    Unda O‘zbekistonda istiqomat qiladigan 130 dan ortiq millat va elat vakillari 16 konfessiyani tashkil qilishi qayd etilgan bo‘lib, ularning barchasi o‘z milliy urf-odatlari, anʼanalari va madaniyatini avaylab asrash va rivojlantirish salohiyatiga ega. Jamiyat jipsligining asosini O‘zbekiston hududida yashovchi xalqlar madaniyatining uyg‘unligi tashkil etadi.

    Materialda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilgani alohida taʼkidlangan.

    «O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida «Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan edi. Ushbu rezolyutsiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2018 yil 12 dekabrda maqullangan», deb yozadi manba.

    O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan Din ishlari bo‘yicha kengashning yangilangan tarkibi, Qo‘mita huzurida faoliyat yurituvchi jamoatchilik maslahat organi bo‘lgan nashrlar maʼqullandi. Shunday qilib, Kengash aʼzolari soni O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan har bir diniy jamoa vakillari soniga ko‘ra 9 nafardan 17 nafarga oshirildi.

    «Toshkent islom universiteti va O‘zbekiston islom akademiyasi negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Xalqaro islom akademiyasi tuzilmasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida hududiy filiallariga ega bo‘lgan Ilg‘or tadqiqotlar markazi tashkil etildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida “Ziyo” markazi mamlakatning asosiy media tuzilmasi sifatida tashkil etilgani, ajdodlarimiz dinining asl insoniy mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etib, islom va jahon sivilizatsiyasiga oid ilmiy meros, maʼrifiy hayot yangiliklaridan aholini xabardor qilish borasidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi», deb yozadi «Sada al-Balad».

    Maqolada, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilgani ham maʼlum qilingan. Uning vazifalariga masjidlar va diniy taʼlim muassasalari binolarini qurish, taʼmirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, rekonstruksiya qilish, saqlash, taʼmirlash va obodonlashtirish, tarixiy-meʼmoriy ahamiyatga ega bo‘lgan muqaddas qadamjolarni, ularning infratuzilmasini yana-da rivojlantirish, masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kirishi qayd etilgan.

    Materialda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqand shahrida Imom al-Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termiz shahrida Imom at-Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani haqidagi maʼlumotlar ham o‘quvchilar eʼtiboriga havola qilingan. «Turli hududlarda kalom, hadis, islom huquqi, ilohiyot va tasavvuf ilmlarini o‘rganish uchun ixtisoslashtirilgan islom ilmiy maktablari ochildi. Bundan tashqari, mamlakatda nasroniylar markazi, xristian-baptistlar cherkovlari ittifoqi va boshqa diniy tashkilotlar ham faoliyat ko‘rsatmoqda», deb yozadi manba.

    Misr gazetasi O‘zbekistonda qator diniy taʼlim muassasalari faoliyat ko‘rsatayotgani ham maʼlum qilinar ekan, Toshkent islom instituti, «Mir Arab» oliy madrasasi, Toshkent pravoslav diniy seminariyasi va boshqa taʼlim muassasalari sanab o‘tilgan.

    Maqola intihosida «Ushbu muassasalar ilm-fan va islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ajdodlarning boy maʼnaviy merosini o‘rganishni yuksaltirish, taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, diniy eʼtiqod va vijdon erkinligi, bag‘rikenglik va o‘zaro hamjihatlik, maʼrifat va targ‘ibot-tashviqot ishlarini yuksaltirish va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan», deb yozadi «Sada al-Balad».