Oʻzbekistonda dizel yoqilgʻisi narxi 15 foizga arzonlashtirilishi maʼlum qilindi

    Oʻzbekistonda dizel yoqilgʻisi narxi arzonlashtiriladi. Bu haqda “Oʻzbekneftgaz” raisi Bahodir Siddiqov aholiga yoʻllagan videomurojaatida maʼlum qildi.

    Bahodir Siddiqovning aytishicha, 12-fevral kuni prezident boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilishda dizel narxini arzonlashtirish topshirigʻi berilgan.

    Qishloq xoʻjaligida dizel yoqilgʻisi sotib olish asosiy xarajatlardan hisoblanadi. Yigʻilishda “Oʻzbekneftgaz” oldiga 2024-yilda 680 ming tonna dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarish, shu bilan birga, mahsulotni arzonlashtirilgan narxda fermer xoʻjaliklariga yetkazib berish vazifasi qoʻyildi.

    Biz joriy yilda 2023-yilga nisbatan qoʻshimcha 200 ming tonna dizel yoqilgʻisini ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Bir hafta mobaynida barcha hisob–kitoblarni yakunlab, dizelning birjaga qoʻyiladigan narxini 15 foizga kamaytirish boʻyicha hamma choralarni koʻryapmiz”, — dedi kompaniya rahbari.