Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirli axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda respublika boʻylab qon quyish markazlari, ilmiy-ishlab chiqarish korxonalari va hududiy stansiyalardan iborat keng tarmoqli tizim samarali faoliyat yuritmoqda.
Respublika qon quyish markazi direktori Aʼlonur Saidovning taʼkidlashicha, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti standartlari boʻyicha aholi ehtiyojini toʻliq qoplash uchun har 1000 kishiga 30 nafar donor toʻgʻri kelishi lozim.
Oʻzbekistonda ayni paytda bu koʻrsatkich 10 nafarni tashkil etsa-da, sayyor donorlikni rivojlantirish orqali ehtiyojni yuz foiz taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Shu maqsadda hududlarga maxsus jihozlangan 13 ta “Isuzu” avtobuslaridan iborat koʻchma donorlik komplekslari yetkazib berildi. Bu mobil markazlar zamonaviy tibbiy uskunalar, muzlatkichlar va bakteriyaga qarshi tizimlar bilan taʼminlangan boʻlib, istalgan hududda sifatli qon yigʻish imkonini beradi.
Donorlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi qonunchilik ham sezilarli darajada takomillashtirildi. 2025-yil 28-fevraldagi yangi qonunga asosan, “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar uchun pul mukofoti miqdori 3 baravarga oshirilib, BHMning 15 baravari etib belgilandi. Shuningdek, faxriy donorlar shahar jamoat transportidan bepul foydalanish, sanatoriylarda navbatsiz davolanish va mehnat taʼtilini oʻzlariga qulay vaqtda olish kabi imtiyozlarga ega boʻldilar.
Eslatib oʻtilishicha, yurtimizda 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan, sogʻligʻi talabga javob beradigan har bir fuqaro yiliga 4-martagacha qon topshirib, ezgu ishga oʻz hissasini qoʻshishi mumkin.