O‘zbekistonda elektron sigaretalar taqiqlanishi mumkin

    Ma’lumotlarga ko‘ra, elektron sigaretalarni chekuvchi maktab o‘quvchilari, o‘smirlar va yoshlar soni katta yoshdagilarga nisbatan 3 barobar ko‘p.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Ayrim qonun hujjatlariga tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalari, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlarini, shu jumladan ayrim turdagi tamaki mahsulotlarining muomalasini taqiqlash va javobgarlik belgilash bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamalar portalida e’lon qilindi.

    Qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlarining (IQOS) muomalasini taqiqlash ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, ushbu mahsulotlar muomalasini taqiqlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda.

    Hujjatda aytilishicha, maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari orasida elektron sigaretalarga qiziqish tez sur’atlarda ortmoqda. Xususan, 26,6 ming o‘g‘il bola va 8,6 ming qiz bola chekishga moyil.

    Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-2023-yillarda O‘zbekistonga 28,5 million dollarlik 5,4 million dona elektron sigaret qonuniy yo‘l bilan olib kirilib, yana 11,8 milliard so‘mga yaqin molni noqonuniy ravishda olib kirishga urinilgan.

    Monitoring shuni ko‘rsatdiki, o‘smirlar va yoshlar kattalarga qaraganda elektron sigaretlardan uch baravar ko‘proq foydalanadi.

    Maktab va jamoat joylarida o‘tkazilgan reydlarda o‘quvchilardan olingan elektron sigaretalar soni yildan yilga tobora oshib bormoqda. 2019-yilda – 6 ta, 2020-yilda – 27 ta, 2021-yilda – 31 ta, 2022-yilda — 856 ta, 2023-yilda – 1040 ta holat aniqlangan.

    Agar zarur choralar ko‘rilmasa, kelgusida yosh avlodning har beshinchisi (20 foiz) nikotinga qaramlikdan aziyat chekishi aytilmoqda.