Seminar davomida “Yuksalish” umummilliy harakati hamda “PeaceNexus” (Shveysariya)ning Markaziy Osiyodagi fondi hamkorligidagi loyiha doirasida oʻtkazilgan “Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatining holati va muammolari” tahliliy tadqiqotining muhim natijalari taqdimot qilindi.
Taʼkidlandiki, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini anglagan holda, Oʻzbekistonda ularni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish mexanizmlari maqsadga muvofiq ravishda joriy etilmoqda. Ularning imkoniyatlari ham kengaymoqda. NNT sohasidagi qonunchilikni sezilarli darajada liberallashtirish boshlandi. Jamoat tashkilotlari faoliyatini cheklovchi mavjud toʻsiqlar olib tashlanmoqda. Shu jumladan, 70 dan ortiq davlat idoralari va muassasalarida Jamoatchilik kengashlari tashkil etildi. Soʻnggi 3 yil ichida fuqarolik jamiyati institutlariga ajratilgan subsidiyalar va grantlar hajmi 2 baravarga oshdi. Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan xorijiy grantlarni olish va ulardan foydalanishdagi cheklovlar bartaraf etilmoqda. Bu kabi oʻzgarishlar davom etmoqda va shu bilan birga, hali qilinadigan ishlar ham koʻp.
Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanish dinamikasini oʻrganish hamda milliy va xalqaro sheriklar bilan hamkorlik qilish orqali ushbu jarayonni yana-da kuchaytirish yoʻllarini aniqlash uchun “Yuksalish” umummilliy harakati “PeaceNexus”ning Markaziy Osiyodagi fondi bilan hamkorlikda joylarda tadqiqot oʻtkazdi. Tadqiqot 4 bosqichda boʻldi, u oʻzi ichiga maʼlumotlar sharhini, uslubiy seminarlarni, joylarda asosiy guruhlar bilan muhokamalarni va tafsilotli intervyularni qamrab oldi.
Maʼlumotlar toʻgʻriligi va shaffofligini taʼminlash uchun milliy nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. Toʻplangan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda NNTlarning ikki turi mavjud: ularning 65 foizi “gongo” (davlat tashabbusi bilan tashkil qilingan), 35 foizi mahalliy/oʻz tashabbusi bilan tashkil qilingan. Tadqiqotga har ikki turdagi NNTlarning 338 tasi respublikamizning barcha — 14 ta hududiy boʻlinmalaridan qamrab olindi.
Maʼlumotlarni toʻplash ikki bosqichda amalga oshirildi: birinchisi – “gongo” va oʻz tashabbusi bilan tashkil etilgan NNTlar bilan alohida guruhlarda muhokama qilish; ikkinchisi — tadqiqot savollarini batafsilroq ochib berish uchun NNTlardan tanlangan mutaxassislar bilan tafsilotli intervyular oʻtkazish.
Tadqiqot natijalariga koʻra, fuqarolik jamiyati institutlari uchun tavsiyalar shakllantirildi. Ular qatoriga bir-birini qoʻllab-quvvatlash va yosh avlodni NNT sohasiga jalb qilish uchun oʻzaro koʻmaklashish dasturlarini yaratish, hududlardagi NNTlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning salohiyatini oshirish uchun milliy yoki qoʻshma dasturlarga jalb qilish va boshqalar kiradi. Bundan tashqari, hududlardagi, ayniqsa chekka hududlardagi NNTlarni qoʻllab-quvvatlash va joylarda aholining zaif qatlamlari bilan ishlash, NNTlar va ularning faoliyati uchun interaktiv maydon yaratish muhimligi qayd etildi. Maxsus oʻquv kurslari orqali NNT xodimlarining salohiyatini, malakasini oshirish ham asosiy yoʻnalish ekani taʼkidlandi.
Tahliliy tadqiqotning asosiy natijalari taqdimoti va muhokamasidan soʻng, ishtirokchilar Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini yana-da rivojlantirish boʻyicha oʻz fikr va takliflarini bildirdi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.