Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, siyosiy partiyalar, respublikada faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarining 300 nafardan ortiq vakillari ishtirok etishdi.
Jamoatchilik muhokamasida “O'zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi Prezident Farmoni loyihasi atroflicha muhokama qilindi.
Dastlab “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov 2024-yilgi Davlat dasturi loyihasining mazmun-mohiyati va unda nazarda tutilayotgan chora-tadbirlar, ularning ijrosini ta'minlashda NNTlar va fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokini ta'minlash, aholi tomonidan kelib tushayotgan takliflarga alohida to'xtalib o'tdi.
So'ngra O'zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo'mita raisi Shuxrat Bafayev Davlat dasturi loyihasi haqida o'zlarining fikr-mulohazalarini bildirib o'tdi.
Shundan so'ng Davlat dasturi loyihasining beshta yo'nalishida belgilanayotgan vazifalar to'g'risida hamda ayni kunga qadar “Taraqqiyot strategiyasi” markazining maxsus uzbekistan2030.uz portali hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali keng jamoatchilikdan kelib tushgan konseptual takliflar soha va tarmoqlar kesimida ekspertlar ishtirokida tahlil qilindi.
Ta'kidlandiki, eng ko'p takliflar davlat dasturining birinchi – “Har bir insonga o'z salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” yo'nalishi doirasida ko'zda tutilayotgan chora-tadbirlar, xususan, ta'lim, sog'liqni saqlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, xotin-qizlar, yoshlar masalalariga oid tashabbuslar yuzasidan kelib tushmoqda.
Shuningdek, bildirilayotgan takliflar ko'lamidan jamoatchilikni Prezident Farmoni loyihasining 4-bandi, ya'ni “Yoshlar o'rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug'ullanishga qo'shimcha imkoniyatlarni yaratish”ga qaratilgan choralar qiziqtirayotganini ko'rish mumkin. Jumladan, fuqarolar hujjat loyihasida ko'zda tutilayotgan yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga ajratiladigan kreditlar hajmini oshirish masalasini qo'llab-quvvatlagan holda ularni ajratish mexanizmlarini takomillashtirish lozimligi haqida o'z takliflarini ilgari surmoqda.
Muhokamalar davomida ishtirokchilar tomonidan ham konseptual taklif va tashabbuslar bildirildi. Ular umumlashtirilib, Farmon va davlat dasturi loyihasining tegishli bandlarida aks ettirish uchun ko'rib chiqilishi ma'lum qilindi, deb xabar beradi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati.