Forum ishida vazirlik va idoralar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro va chet el nodavlat tashkilotlarining vakolatxonalari, shuningdek, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Milliy forumdan koʻzlangan asosiy maqsad, davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasidan kelib chiqib inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat va nodavlat tashkilotlarining oʻzaro hamkorlik qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda ushbu yoʻnalishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida maslahatlashuvlar oʻtkazish amaliyotini yanada kengaytirishdan iborat.
Yigʻilishda qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlarning “Inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun” degan ezgu gʻoya asosida amalga oshirilayotgani ham Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiyaning amaliy natijasini koʻrsatadi.
Forumda soʻzga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev va boshqalar soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi holat butunlay oʻzgarganini, shuningdek, shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy huquqlarni himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan davlatning ochiq hamkorligi yoʻlga qoʻyilgani alohida eʼtirof etdi.
Qayd etilganidek, Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiyada inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyasini mustahkamlashga qaratilgan jami 33 ta qonunchilik hujjatlarini qabul qilish nazarda tutilgan boʻlib, shu kunga qadar 12 ta qonun qabul qilindi. Bundan tashqari, 10 ta yangi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan.
Shuningdek, 5 ta yangi kodeks loyihasi, 7 ta amaldagi kodeksning yangi tahriri loyihasi tayyorlanib, turli bosqichlarda muhokamadan oʻtmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 7 ta Farmoni va 3 ta Qarori qabul qilindi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi Farmoni bilan “2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlandi. Konsepsiya inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini kuchaytirish masalalarini oʻz ichiga oldi.
Milliy strategiya doirasida inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning toʻliq bajarilishiga erishilmoqda, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy mexanizm yaratildi.
Sohadagi keng koʻlamli islohotlar izchilligini taʼminlash maqsadida Milliy forum yalpi majlisi ishtirokchilari nodavlat notijorat tashkilotlarining inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilishda fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatidagi roli, Konstitutsiyaviy islohotlarda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki borasida maʼruzalar qilib, fikr-mulohaza almashdi.
Yalpi majlisdan soʻng Milliy forum “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish istiqbollari”
hamda “Inson huquqlarini himoya qilish va taʼminlashda jamoatchilik nazoratining oʻrni” deb nomlangan ikkita shoʻbada davom etdi.
Shoʻba majlislarida Parlament, vazirlik va idoralar vakillari hamda jamoat tashkilotlarining tajribali va amaliyotchi rahbarlarining 10 dan ortiq maʼruzalari tinglandi.
Maʼruzalar fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy loyiha va dasturlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, inson huquqlarini himoya qilishda ommaviy axborot vositalarning roli, Oʻzbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning ijtimoiy va madaniy huquqlarini taʼminlash, inson huquqlari sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, yoshlar, xotin-qizlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, mehnat migrantlari hamda odam savdosidan jabr koʻrganlarning huquqlarini roʻyobga chiqarish masalalariga bagʻishlandi.
Milliy forum davomida muhokama qilingan barcha masalalar natijasi boʻyicha inson huquqlarini taʼminlash hamda himoya qilishda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining oʻzaro munosabatlarini yanada kuchaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Forumda qabul qilingan hujjat inson huquqlarini himoya qilish jarayonlarida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga, ularning davlat organlari bilan hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Milliy forum yakunida inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh faol nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari taqdirlandi.