“Yuksalish” umummilliy harakati KOICA bilan hamkorlik qiladi

    Xalqaro hamkorlik 22 Iyun 2022 1385

    2022-yil 21-iyunda “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolandi.

    Uchrashuv davomida tomonlar — “Yuksalish” UMH raisi Bobur Bekmurodov hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Park Sunjin ijtimoiy inklyuzivlik va fuqarolik jamiyatini davlat boshqaruviga jalb etish sohasini ragʻbatlantirish borasidagi saʼy-harakatlar samaradorligini oshirish maqsadida oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdilar.

    Memorandum 2022—2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining 7 ta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha, ayniqsa fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga, ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni takomillashtirishga, fuqarolarni ijtimoiy innovatsiyalar va boshqa sohalar boʻyicha qarorlar qabul qilish jarayonlariga jalb qilishga qaratilgan. Shuningdek, Koreya hukumati hamda Oʻzbekiston fuqarolik jamiyati oʻrtasida hamkorlik siyosati asosida rivojlanish samaradorligini oshirish, shaffoflik va javobgarlikni kuchaytirish koʻzda tutilgan.

    Tomonlar oʻz vakolatlari doirasida quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qiladilar:

    - Koʻnikma, bilim va fikr almashishni takomillashtirish boʻyicha turli tadbirlar oʻtkazish (oʻquv seminarlari, fokus-guruhlar, davra suhbatlari, jamoatchilik muhokamalari, seminarlar va boshqalar);

    - Milliy va xalqaro ilgʻor tajribalarni birgalikda, shu jumladan xalqaro ekspertlar bilan maxsus maslahatlashuvlar oʻtkazgan holda koʻrib chiqish, tahlil qilish va tarqatish;

    - Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va fuqarolarni ijtimoiy innovatsiyalar boʻyicha qarorlar qabul qilish jarayonlariga jalb etishning dolzarb masalalari boʻyicha tahliliy maʼruzalar tayyorlash;

    - Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarini amalga oshirish natijalari boʻyicha axborot-tahliliy sharhlar tayyorlash, ularni xorijiy tillarda nashr etish va keng tarqatish;

    - Milliy va xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ilgʻor tajribalardan foydalangan holda har ikki mamlakatda oʻzaro bilim almashish uchun “maydon” yaratish;

    - Jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish.

    Memorandum doirasida tomonlar ikki mamlakatning fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish, yaqin muloqotni yoʻlga qoʻyish faoliyatini amalga oshiradilar, mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari salohiyatini oshirish maqsadida “Koreya-Oʻzbekiston NNTlar maktabi” taʼlim dasturini ishga tushiradilar hamda tajriba almashish uchun platformalarni yaratadilar.

    — KOICA Oʻzbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlari orasida “Yuksalish” harakati bilan birinchi hamkorlikni oʻrnatdi, — deydi Koreya xalqaro taraqqiyot agentligining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Dasturlar boʻyicha menedjeri Xyon Yong Jo. — Asosiy maqsadimiz shuki, Koreyadagi nodavlat tashkilotlarini Oʻzbekistonga jalb qilish va oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish. Hamkorlik doirasida shu yilning avgust oyida “NNTlar maktabi” tashkil etiladi va unga koreyalik ekspertlar jalb etiladi. Yil yakunida bilim va tajriba almashinish maqsadida yirik anjuman oʻtkazishni rejalashtirganmiz. Bu esa ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlaydi, degan umiddamiz.

    — Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Koreyaga tashrifi ortidan ushbu mamlakat jamoatchiligining Oʻzbekistonga boʻlgan eʼtibori kuchayganini, ikki xalq munosabatlari yangi bosqichga oʻtganini kuzatdik, — deydi “Yuksalish” UMH raisi Bobur Bekmurodov. — Bugun imzolangan Memorandum ham oʻzaro hamkorlikning yangi bir davrini boshlab beradi. Bu bilan eng avvalo, Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan ekspertlik koʻmagi, turli innovatsion gʻoyalarni olib kirishga yordam berilishi koʻzda tutilmoqda. Ijtimoiy sheriklik, nodavlat tashkilotlarini oʻqitish masalalari ham hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Joriy yildan Oʻzbekistondagi NNTlar uchun yirik taʼlim dasturi ishga tushiriladi va uning doirasida yuzdan ziyod NNTlar vakillari Koreya tajribasi asosida oʻqitiladi. Qolaversa, bizdagi jamoat tashkilotlari Koreyada malaka oshirish imkoniga ham ega boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, bu shunchaki deklorativ hujjat emas, balki aniq qoʻshma tadbirlar rejasini oʻz ichiga olgan Memorandumdir.

    Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yil dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga tashrifidan soʻng, ikki mamlakatning yuqori darajadagi hamkorligining mantiqiy davomi sifatida “Yuksalish” umummilliy harakati Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda mintaqaviy muloqot oʻtkazgan va unda Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati institutlarining salohiyatini oshirishda, yirik mintaqaviy loyihalarni hayotga tatbiq etishda KOICA tomonidan koʻmak koʻrsatilishi va bu yangi imkoniyatlar eshigini ochishi taʼkidlangan edi. Endilikda fuqarolik jamiyati sohasida ham tashabbuslarning amalga oshirilishi bilan oʻzaro aloqalarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadi koʻzlangan.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.