Tadbir strategik hamkorlikni maqsad qilgan turli guruhlar va manfaatdor tomonlar – davlat organlari, kasaba uyushmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, kichik biznes va ijtimoiy tadbirkorlik vakillari, ekspertlarni bir joyga jamladi. Ushbu tashabbus fuqarolik jamiyatini mehnat qonunchiligining samarali bajarilishini monitoring qilish va ragʻbatlantirish, mehnat huquqlari, shu jumladan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, qishloq hududlaridagi aholini ragʻbatlantirishda qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Maqsad – mehnat munosabatlari sohasidagi asosiy muammolarni aniqlash, sohaning hozirgi holatini muhokama qilish, shuningdek, mamlakatimizda mehnat qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha natijalarga erishish boʻyicha keyingi qadamlar va vazifalarni belgilash.
Davra suhbatida Oʻzbekistonda jamoatchilik kengashlari va monitoring guruhlarini tashkil etish tajribasi koʻrib chiqildi, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, rasmiy maʼlumotlarning shaffofligini taʼminlash, OAVlar, NNTlar hamda davlat organlarining samarali hamkorligi majburiy mehnat yoki boshqa mehnat qonunchiligi buzilishining oldini olish omillari sifatida muhokama etildi. Bu yoʻnalishda konstruktiv fikr va gʻoyalar almashindi, mamlakat fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kamsitilish va boʻshliqlarni kamaytirish boʻyicha asosiy huquqiy tushunchalarni belgilovchi tavsiyalar berildi.
Tadbirda soʻz olgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakili Laziz Qarshiyev davlat institutlari va fuqarolik sektori oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini qayd etib, bugungi kunda vazirlik mahalliy NNTlar vakillarini mehnat munosabatlarining barcha sohalarida mehnat sharoitlari va mehnat qonunchiligiga rioya etilishini monitoring qilishda hamkorlikka chaqirdi.
Oʻzbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi rahbari Shirin Obidova davlat organlari, fuqarolik sektori va ommaviy axborot vositalari oʻrtasida hamkorlik platformasini yaratishni taklif qildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar mehnat munosabatlari sohasidagi qonun hujjatlari ijrosini, xususan fuqarolar, yoshlar, xotin-qizlar, nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnat huquqlarini amalga oshirishni oʻrganish, qurilish obyektlarida xavfsizlik va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilinishi boʻyicha qator mavzuli uchrashuvlar, muloqotlar, monitoring tadbirlarini oʻtkazishga kelishib oldi. Ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda mehnat huquqlarini targʻib qilish boʻyicha keng koʻlamli axborot-targʻibot ishlarini olib borish zarurligi taʼkidlandi.
Davra suhbatida, shuningdek, Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan “Iqtisodiy rivojlanish yoʻlida samarali boshqaruv” loyihasining ikkinchi komponenti “Fuqarolik jamiyati hisobdorlik tarafdori”ning taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ushbu loyiha 2020—2025-yillarga moʻljallangan boʻlib, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha iqtisodiy siyosatning samaradorligi, hisobdorligi va shaffofligini oshirish maqsadlariga qaratilgan.
ACTED tashkiloti tomonidan hamda “Yuksalish” umummilliy harakati koʻmagida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyiha fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarini mehnat huquqlarini himoya qilish va yashil iqtisodiyotni ragʻbatlantirish sohasida hisobdorlikni targʻib qilish uchun qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Uning doirasida davlat organlari va jamoatchilik, jumladan ishbilarmon doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari, media hamjamiyati oʻrtasida mehnat munosabatlari, “yashil oʻsish” masalalari boʻyicha turli tadbirlarni oʻtkazish rejalashtirilgan.
Davra suhbati Buyuk Britaniya Hukumati koʻmagida moliyalashtirilayotgan “Iqtisodiy rivojlanish yoʻlida samarali boshqaruv” loyihasining ikkinchi ustuni loyihasida tashkil etildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.