Oʻzbekistonda guruch zahiralari yetarli, havotirga oʻrin yoʻq — Qishloq xoʻjaligi vazirligi

    Agrosektor 25 Iyul 2023 1001

    Ijtimoiy tarmoqlarda Hindiston guruch eskportini (jumladan, Oʻzbekistonga ham) cheklayotgani haqida xabar tarqaldi. Buning oqibatida bozorlarda sepekulyativ holat yoki guruch narxining asossiz oshirishga boʻlgan urinishlar kuzatilmoqda.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi Multimedia markazi mazkur masala yuzasidan vazirlik munosabatini Yuz.uzʻga bildirdi.

    Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonda har yili 100 ming gektardan ortiq maydonlarda sholi yetishtiriladi. Respublikamizda guruch isteʼmoli aholi jon boshiga yiliga oʻrtacha 9,8 kg.ni tashkil etadi. Yaʼni, yillik ehtiyojni qondirish uchun 353 ming tonna guruch zaxirasi talab etiladi.

    Masalan, 2022-yili respublika boʻyicha 105,8 ming gektar maydonda sholi ekilib, 516,9 ming tonna (guruch hisobida esa 310 ming tonna) hosil olindi. Bu esa talabga nisbatan 43 ming tonna kam(2021-yilga nisbatan 48 ming tonna koʻp sholi yetishtirilgan). Aholi ehtiyojining yetmagan qismini esa import hisobidan qondiriladi.

    Tahlillarga koʻra, respublika boʻyicha 2022-yili 8 ming tonna, 2023-yili 53,5 ming tonna guruch import qilingan. Yaʼni isteʼmolga nisbatan 10 ming tonna ortiqcha guruch import qilingan.

    Jumladan:

    • Qozogʻistondan 29,3 ming tonna (54,7 foiz),
    • Pokistondan 23,2 ming tonna (43,3 foiz),
    • Tailanddan 599 tonna (1,1 foiz),
    • Turkiyadan 265 tonna (0,5 foiz),
    • Xindistondan 126 tonna (0,2 foiz)
    • boshqa mamlakatlardan 21,1 tonna (0,02 foiz) guruch import qilingan.
    • Yuqoridagi raqamlardan maʼlum boʻlmoqdaki, Xindiston mamlakatidan soʻngi 5 yilda respublikamizga jami 232,6 tonna guruch import qilingan.

    Joriy yil Hindistonda guruch eksportining toʻxtatilishi Oʻzbekiston bozoriga oʻz taʼsirini koʻrsatmaydi. Buning uchun barcha bozorlar guruch bilan uzluksiz taʼminlangan hamda zaxiralar yetarli.

    Ijtimoiy tarmoqlardagi guruch narxining oshib ketishi bilan asossiz xabarlar tarqatilishi esa faqatgina sepekulyativ holat yoki guruch narxini asossiz oshirishga turtki boʻladi, xolos.