Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiya, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilingani bu yoʻnalishdagi muhim qadamlar boʻldi.

Parlament huzuridagi Jamoatchilik ekspert kengashlari tarkibiga kasaba uyushmalari vakillari ham kiritildi. Bu esa qonunlarni qabul qilishda xodimlar manfaati yanada ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilmoqda.

Yangi Oʻzbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish ham yetakchi yoʻnalish boʻlib qolmoqda. Ijtimoiy institutlarni qoʻllab-quvvatlash hajmi 2017-yilga nisbatan 100 karra oshib, bu yil 1 trillion 200 milliard soʻmga yetdi.

Ayni vaqtda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga aralashgani, jamoatchilik nazorati natijalarini koʻrib chiqmagani uchun javobgarlik belgilandi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston – Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar safidan joy olayotgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Sakkiz yil oldin ushbu tashkilotning Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjatlari soni 12 ta boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda 25 taga yetdi.