Oʻzbekistonda bolalar orasida koronavirus kasalligi 7-18 yoshgacha boʻlgan bolalarda koʻp uchramoqda. Koronavirus yuqishining oldini oluvchi dorilar yoʻq. Lekin bolalar orasida sogʻlom turmush tarzini, kun tartibini toʻgʻri tashkil etish hamda barcha sanitariya- gigiyena qoidalariga amal qilish orqali immunitetni oshirish mumkin.
Yosh bolalarga koronavirus infeksiyasi haqida gapirib berish shart. Birinchidan, ular bu kasallikning oldini olish uchun nimalar qilish kerakligini toʻgʻri anglab yetishlari kerak.
Ikkinchidan, ular hozirgi kunda uyda oʻtirib OAV orqali kasallik statistikasi hamda oʻlim holatlari haqida eshitadilar va bu maʼlumotlar ular ruhiyatiga notoʻgʻri taʼsir qilishi mumkin.
Bolalar kattalarga bildirmasalar ham kasallikning eng yomon oqibatidan juda qoʻrqadilar hamda oʻz oila aʼzolari uchun qattiq xavotirlanadilar.
Ularga hozirgi vaziyatda qoʻllanilishi kerak boʻlgan profilaktik ishlarni toʻgʻri bajarish zarurligi, uyda qolish hamda bunday vaziyatda biz nafaqat oʻzimizni, balki oilamizga ham gʻamxoʻrlik qilishimiz kerakligini va bunda uning ham oʻz hissasi borligini toʻgʻri tushuntirishimiz kerak.