Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini takomillashtirish masalalari

    Mamlakatimizda 26 Iyul 2021 1393

    Korrupsiya va unga qarshi kurashish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir.

    Bu borada koʻpchilik mamlakatlar tizimli ravishda faoliyat yuritib, davlatdagi ijtimoiy-siyosiy holatni inobatga olgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasini ishlab chiqyapti. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida ham korrupsiyaga qarshi kurashish borasida bir qancha keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinyapti. Xususan, bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida Korrupsiyaga Qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora–tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5729-son Farmonini shular jumlasidandir. Mazkur hujjatni qabul qilishdan asosiy maqsad yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashishni tizimli tashkil qilish, davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida byurokratik holatlarini bartaraf etish, yuqori darajadagi qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini oshirish va mustahkamlash hisoblanadi. Amalga oshirilayotgan islohotlar davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilishiga asos boʻlib xizmat qilgan 2020-yilning 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida Korrupsiyaga Qarshi kurashish tizimini takomillashtirish chora–tadbirlari toʻgʻrisida” PF-6013-son Farmonini keltirish oʻrinli.

    Davlatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida joriy yilda, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid yangi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlanib, muhokama uchun eʼlon qilindi.

    Ushbu farmon va qaror loyihalarida Oʻzbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestrini yuritish taklif etilgan. 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va oʻrinbosarlari, ularning turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilangan. Bundan tashqari, loyihalarda “Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish toʻgʻrisida” Qonun loyihasini ishlab chiqish; Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq roʻyxatini belgilash; korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish; daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash jarayonida aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik oʻrnatish; korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazoni oʻtashda yengillashtiruvchi normalar qoʻllanishiga cheklovlar belgilash nazarda tutilgan.

    Ushbu loyihalarda eʼtiborni tortadigan vazifalardan biri, bu ilgʻor xorijiy tajriba asosida moliyaviy nazorat institutlarini joriy etish hisoblanadi. Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda moliyaviy nazorat instituti lozim darajada tashkil etilmagan. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida yangi model ishlab chiqish eng muhim vazifalardan biri boʻlib qolyapti. Oʻz navbatida, yangi modeldagi moliyaviy nazorat institutlari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga yordam beradi.

    Baxram Xudaybergenov, Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi oʻqituvchisi.