Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida tashkil etilgan yurtimizdagi yirik va zamonaviy klasterlardan biri — “TST Sluster” 2018 yilda bir qancha tarmoqlarni o'zida birlashtirib, ularda xomashyodan tortib, to tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo'lgan jarayon zanjirini bog'lash maqsadida ish boshlagan edi. Bugun baliqchilik, paxtachilik, g'allachilik va boshqa qishloq xo'jaligi mahsulotlarini sifatli qayta ishlashda samarali natijalarga erishayotgan korxonada yana bir majmua — sholini qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan Markaziy Osiyodagi eng katta zavod ishga tushirildi.

       Zavodning tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Umumiy qiymati 25 milliard so'mdan ziyod loyihaning amalga oshirilishi bilan “TST Rice” MCHJda klaster uslubida sholi etishtirish va uni chuqur qayta ishlash bo'yicha to'liq sanoat zanjiri yaratildi. Zavod mahsulotlari O'zbekiston oziq-ovqat sanoatida yangi brend — “Marfield” yorlig'i ostida chiqariladi.

       Yer maydoni 6 gektarga teng majmua o'zida xirmon maydoni, sig'imi 15 ming tonnalik 2 ta yopiq ombor, sholini tozalash va quritish sexi hamda sholini qayta ishlash zavodini birlashtiradi. Zavod Turkiyaning “Yashar Makina” kompaniyasidan  keltirilgan eng so'nggi rusumdagi uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan bo'lib, ulardan foydalanishni o'rgatish uchun turkiyalik texnologlar taklif etilgan. Sholichilik klasterida 500 ta doimiy ish o'rni yaratilgan.

     — Sholi etishtirish mazkur klasterning asosiy yo'nalishlaridan biri hisoblanadi, — dedi “TCT Cluster” bosh direktori Feruz Akobirov. — Joriy yilda “TCT Rice” klasteri tomonidan 2,5 ming gektardan ortiq erda sholining “Lazurniy”, “Iskandar”, “Mustaqillik”, “Tarona” navlari ekilib, noqulay ob-havo sharoiti, ayniqsa, vegetatsiya davrida kuzatilgan suv tanqisligiga qaramasdan, mo'l hosil olindi. Amerikadan olib kelingan 37 ta yuqori unumli kombaynlar yordamida sholi va g'allani sifatli o'rib-yig'ib olishga erishdik. Bu yil hisobida 10 ming tonnaga yaqin sholi yig'ishtirib olinib, omborlarga zaxiralab qo'yildi. Endilikda, ularni yangi qurilgan zavodda zamonaviiy uskunalar yordamida qayta ishlab, qadoqlangan holda eksport qilish ko'zda tutilgan. Hozirgi vaqtda zavod bir mavsumning o'zida 25 ming tonnadan 40 ming tonnagacha mahsulotni qayta ishlay oladi. Istiqbolda uning ikkinchi bosqichi ham ishga tushirilgach, ishlab chiqarish quvvati 2 barobarga ortadi.

Sholi yangicha usulda quritilyapti

       Klasterda avvalgi yillari etishtirilgan sholi quyoshda quritilib, ochiq usulda saqlanishi xisobiga yog'ingarchilik vaqtida mahsulotning katta qismi yo'qotilar edi. Ana shu muammolarga chek qo'yish maqsadida bu yildan yangi texnologiya qo'llanila boshlandi. To'rtta liniya bilan jihozlangan sholini tozalash va quritish tsexi muqobil yoqilg'i — ko'mirda ishlashga moslashtirilgan. Sexda boshqa qishloq xo'jaligi ekinlari hosili, xususan, dukkakli mahsulotlarni ham tozalash va quritish mumkin. Quritish jarayonidan so'ng har biri 1 tonnalik maxsus qoplarga joylangan sholi omborlarga peshma-pesh joylashtiriladi. Ana shu bosqichning o'ziyoq hosilni yaxshi saqlash va yuqori sifatli guruch ishlab chiqarishni ta'minlaydi.

      Qoplarga joylangan sholi uzoq vaqtgacha sifatini yo'qotmasdan saqlanadi. Turli qo'shimchalardan tozalanib, namlik darajasi belgilangan me'yor — 14 foizga etkazilgan sholini istalgan vaqtda chuqur qayta ishlash zavodiga olib borib, guruch mahsulotiga aylantirish mumkin.

     Zavodda barcha texnologiyalar zanjir kabi bir-biriga bog'langan bo'lib, xuddi soatdek aniq ishlaydi. Birinchi bosqichda guruch qobig'idan ajratilib, birin-ketin keyingi bosqichlarga o'tkaziladi. Katta tezlikda ishlaydigan texnologiyalarning tinimsiz harakati bilan guruchga ishlov beriladi, tozalanadi, turi, katta-kichikligi va rangi bo'yicha ajratiladi. Bir nechta bosqichlarda saralab olingan oq guruch yana bir bor tozalash testidan o'tadi. Oxirgi jarayonda esa agar zarur bo'lsa, yog'lanadi. Sholi texnologik jarayonga kirib, chiqib ketgunga qadar jami 3 marotaba sifat bo'yicha nazoratdan o'tkaziladi. Zamonaviy texnikalar yordamida olingan eng yuqori navdagi guruch mahsulotlari buyurtmachining talabiga ko'ra sig'imi 2 kilogrammdan to 50 kilogrammgacha bo'lgan maxsus qoplarga qadoqlab beriladi.

Tuman aholisi sanoat zanjirining muhim xalqasi

      Olimlarning ta'biri bilan aytganda, mahsulot navining yomoni bo'lmaydi, faqat uni ekish va etishtirishda agrotexnologik tadbirlarni to'liq va o'z vaqtida olib borish kerak, xolos. “TCT Cluster”da nafaqat sholi, balki paxta, bug'doy va boshqa qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtirishda amaliyot hamda ilm-fan integratsiyasini yo'lga qo'yishga alohida e'tibor qaratiladi. Klaster qoshida Ilmiy-texnik kengashning tashkil qilingani shu yilning o'zidayoq samarali natijasini ko'rsatdi. Xususan, paxta va boshqa qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtiriladigan “TST Agro Cluster” korxonasida ikki yildan buyon sinov tariqasida “Buxoro 8”, “Buxoro 102” g'o'za navlari ekib kelinadi. Bu yil yangi yaratilgan “Buxoro 10” navidan birinchi terimning o'zidayoq 43 sentner hosil olindi.

      — “TCT Cluster” ko'p tarmoqli klasteri yurtboshimizning tashabbusi bilan 2018 yilda ish boshlagan bo'lsa, bugunga qadar etishtirilayotgan mahsulotlardan ortig'i bilan hosil olishga erishyapmiz, — dedi “TST Agro Cluster” direktori Matlub No'monov. — Qishloq xo'jaligini rivojlantirishning asosiy omili bo'lgan klasterning afzalliklaridan biri unda barcha agrotexnika tadbirlariga ilmiy asoslangan holda yondashilishi hisoblanadi. Biz bu erda ishni boshlashdan oldin 3 ta muhim jihat — erning meliorativ holati, texnik ta'minoti hamda ishchi kuchini o'rganganmiz. Mahsulotni yerga qadashdan oldin, albatta, erning tarkibi, hududdagi zararli kasallik, hasharotlar tarixi va paydo bo'lishi mumkin bo'lgan omillar o'rganiladi, yerdagi harakatchan elementlarning harakati kuzatiladi. Hosildorlik yuqori bo'lishi uchun esa sug'orish, o'g'itlash, qator orasiga ishlov berish kabi tadbirlarda adashmaslik kerak. Shuningdek, jarayonga zamonaviy texnologiyalar, raqamli uskunalarni joriy qilmasdan turib qishloq xo'jaligini rivojlantira olmaymiz. Birgina fermer yoki dehqonnning o'zi bularning barini ta'minlay olmaydi, klasterda esa bunga imkoniyat va sharoit yaratilishi xisobiga sifatli hamda mo'l hosildorlikka erishiladi.

      Haqiqatan, klaster faoliyatining yo'lga qo'yilishi natijasida Quyichirchiq tumanida qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish ko'rsatkichi va hosildorlik yil sayin ortib bormoqda. Buxorodagi “BCT Cluster”, Quyichirchiq tumanidagi “TCT Cluster” klasterlari rahbari, iqtisod fanlari doktori, professor, senator Murtazo Rahmatovning aytishicha, Quyichirchiq tumani qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo'yicha respublikada eng past ko'rsatkichlarga ega hududlardan biri bo'lgani bois, uni rivojlantirish, aholini doimiy ish bilan ta'minlash maqsadida klaster shu yerda tashkil etilgan. Tahlillarga ko'ra, tumanda oxirgi 10 yilda 10-11 sentner paxta olingan, guruch deyarli omborlarga kirmagan. Dalalar, yer maydonlaridan unumli foydalanilmagan. Shunga qaramay, jamoa katta mehnat evaziga klaster tashkil etib, bu usul hududlar hamda qishloq xo'jaligini rivojlantirishning eng samarali yo'li ekanini isbotladi.

      — Klaster tashkil etishdan asosiy maqsad qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtirishdan tortib, bozorga chiqarishgacha bo'lgan jarayonni qamrab olishdan iborat, — dedi Murtazo Rahmatov. — Fermer faqat mahsulot yetishtirsa, klaster uni ham ekadi, har teradi, ham qayta ishlab, yuqori sifatli mahsulotga aylantiradi. Masalan, 1 kilogramm paxta 1,5 dollarga sotiladigan bo'lsa, klaster uni chuqur qayta ishlab, 15-30 dollarlik tayyor mahsulot holiga keltiradi. Bu esa nafaqat mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, balki ko'proq odamlarni ish bilan taminlashga zamin yaratadi. Birgina misol, avvallari Quyichirchiq tumanida qishloq xo'jaligi sohasida 850 nafar kishi ishlagan bo'lsa, hozir 8,5 mingta klaster tizimida mehnat qilyapti. Hammasi ishiga yarasha, o'z vaqtida oylik maosh olyapti. Ishini 2 barobar bajarganlarga oylik ham 2 barobar to'lanadi. Asosiysi, biz odamlarni yer bilan bog'lab, unga og'ir mehnat turi emas, balki daromad manbai sifatida qarashiga zamin yaratyapmiz. Shu tariqa yurtimizda qishloq xo'jaligini sanoatlashtiramiz, qishloqlarni obod qilamiz, qo'shimcha qiymat zanjirini yaratib, sohada ishchi kuchi mehnatini engillashtiramiz.

         Hududda yaratilgan ish o'rnidan odamlar ham mamnun. O'tgan yili klasterdagi paxta terimida ishlagan 5,5 ming kishining 3,5 mingi turli viloyatlardan kelgan bo'lsa, bu yil Quyichirchiqning o'zidan 5 ming odam ishga chiqdi.

       Ayni kez klaster tarkibidagi sholini qayta ishlash zavodining ishga tushirilishi bilan yana 80 kishini doimiy ish bilan ta'minlash ko'zda tutilgan. “TCT Rice” klasteri jamoasi o'z mahsulotlarini qayta ishlab bo'lgach, viloyatdagi boshqa fermer va dehqon xo'jaliklari bilan qayta ishlab berish bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'yish niyatida.

      Darvoqe, korxonada zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya faoliyati ham yo'lga qo'yilgan. Bu erda qabul qilinayotgan sholining namligi, quritish va qayta ishlash jarayonlari, shuningdek, guruch mahsulotlarining sifat ko'rsatkichlari doimiy nazorat ostida.

      Bir so'z bilan aytganda, sholini daladan yig'ib olib, to iste'molga qulay shaklga keltirgunga qadar bo'lgan jarayonni to'liq amalga oshirayotgan “TCT Rice” klasteri xalqimiz dasturxoniga eng toza va sifatli guruch mahsulotlarini etkazib berishni maqsad qilgan.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri