Monitoring davomida havodagi chang, oltingugurt dioksidi, azot dioksidi, azot oksidi, uglerod oksidi, fenol, ftor vodorod, ammiak, formaldegid, ogʻir metallar, PM10 va PM2,5-mayda zarralari kuzatiladi.
Atmosferaning ifloslanishi haqidagi maʼlumotlar Ekologiya vazirligining eco.gov.uz/uz/meteo/index saytiga integratsiya qilindi.

Bu maʼlumotlar, shuningdek, IQAir veb-saytida hamda “Oʻzgidromet”ning monitoring.meteo.uz platformasida ham berib boriladi.
Saytdagi havoning ifloslanishi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koʻrsatmalari (JSST) bilan taqqoslanadi. JSSTning tavsiyalari qatʼiy, ammo respublikamizning geografik va iqlimiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda bunday koʻrsatkichlarga erishish qiyin. Unga koʻra, PM 2,5 ning oʻrtacha yillik miqdori 5 mkg/m3, oʻrtacha sutkalik miqdori 15 mkg/m3. Dunyoning hech bir mamlakatidagi koʻrsatkichlar JSST tavsiya etgan standartlarga muvofiq emas, koʻp davlatlar oʻz milliy standartlarini qabul qilgan.
Maʼlumot uchun, AQSH va Meksikada bu standart 12 mkg/m3, Belarus va Yaponiyada – 15 mkg/m3, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida – 25 mkg/m3, Rossiyada – 20 mkg/m3, Xitoyda 35 mkg/m3, Hindistonda esa 40 mkg/m3. Janubiy Koreyada PM 2.5 standarti yoʻq.
Taʼkidlash joizki, ayni damda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda atmosfera havosi sifati monitoringi boʻyicha milliy platforma va mobil ilovani ishlab chiqishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Unga koʻra, havodagi mayda zarrachalar miqdori va ularning aholiga taʼsiri boʻyicha milliy havo sifati standartlari ishlab chiqiladi. 2023-yilda loyiha doirasida Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholining atmosfera havosi ifloslanishidan kasallanish darajasini oʻrganish boshlandi.
Shu bilan birga, respublikada atmosfera havosining ifloslanish darajasining joriy koʻrsatkichi maʼlum bir hudud uchun ustuvor ifloslantiruvchi moddalardan kelib chiqqan holda hisoblangan Atmosfera ifloslanishining kompleks indeksi (AII) hisoblanadi.
Toshkent shahrida 2015–2023-yillardagi AII koʻrsatkichlari

Jadvaldan koʻrinib turibdiki, keyingi yillarda havoning ifloslanish darajasi ortib bormoqda. Shuningdek, Toshkent shahrining atmosfera havosidagi chang miqdori boʻyicha ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyadan 1,3 baravar oshib ketgan.

Shu bilan birga, 2023-yilda Toshkent shahridagi havo ifloslanishini avtomatik nazorat qiluvchi stansiyalar maʼlumotlariga koʻra, IQAir veb-sayti shkalasiga koʻra, eng ifloslangan oy yanvar oyi boʻlgan.

JSST tavsiyalariga koʻra, havoning ifloslanishi salomatlik uchun xavfli boʻlib, insult, yurak-qon tomir kasalliklari, nafas olish tizimi xastaliklari va oʻpka saratonini keltirib chiqaradi.
Maʼlumot uchun, avvalroq Toshkentda atmosfera havosi ifloslanishiga tabiiy va texnogen manbalardan ifloslantiruvchi tashlamalar tashlanishi sabab boʻlayotganligi haqida xabar bergan edik. Aholi turmush darajasi va salomatligini yaxshilash uchun onlayn rejimda ishonchli, sifatli axborot olish uchun avtomatik monitoring stansiyalarini joriy etish orqali respublika shaharlarida havo ifloslanishini monitoring qilish tizimini kengaytirish, energiyani tejash, energiya tejaydigan qurilmalardan foydalanish masalalari boʻyicha aholining xabardorligini va turar-joy binolarining energiya samaradorligini oshirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.