O'zbekistonda qanday dorivor o'simliklarni o'stirish samarali?

    Qadimdan xalq tabobatida qo'llanilayotgan dorivor o'simliklar bugungi zamonaviy tibbiyotda ham nihoyatda qadrlanadi.

    Aholining dorivor o'simliklarga bo'lgan talabi kun sayin ortib borishi bilan giyohlarning tabiatdagi tabiiy zahiralari kamayib, tarqalish areallari keskin qisqarib bormoqda. Shu sababli tabiatda turlari kamayib borayotgan, dorivor xususiyatga ega bo'lgan o'simliklarni introduksiya qilish, o'rganish, ko'paytirish, ekib o'stirish, xomashyosidan oqilona foydalanish hamda muhofaza qilish hozirgi davrning dolzarb muammolaridandir.

    Bunday o'simliklar diyorimizda ko'plab uchraydi. Shulardan biri dastarbosh dorivor o'simligidir. Adabiyotlardan ma'lum bo'lishicha, bu giyoh qadimdan xalq tabobatida bir qancha kasalliklarni davolashda ishlatib kelinadi. Dastarboshning savatcha to'pgullari kukun holida yoki damlama tayyorlab, me'da ichak kasalliklarida (gastritlar, enteritlar, kolitlarda) el va o't haydaydigan, shuningdek, gijjalarga qarshi vosita sifatida ishlatilgan. Ilmiy tibbiyotda oddiy dastarbosh to'pgullari me'da-ichak kasalliklari, askaridoz, lyamblioz, gepatit, xoletsistit, o't-tosh kasalliklarida qo'llaniladi. Oddiy dastarbosh to'pgullaridan tayyorlangan damlamadan ichib turilsa me'da va o'n ikki barmoq yarasi et olib bitib ketadi. O'simlik o'ti va to'pgullarida oshlovchi moddalar borligi tufayli, bu o'simlik yallig'lanishga davo qilishda foydalaniladi.

    Shu bois, oddiy dastarbosh o'simligini introduktsiya sharoitida urug'idan va ko'chatdan ko'paytirish yaxshi samara beradi. Bu borada ishlar ham boshlab yuborilgan.

    Jarayonda oddiy dastarboshning introduksiya sharoitiga moslashish xususiyatlarini aniqlash uchun o'simlik urug'i va ko'chatlaridan foydalanildi. Tadqiqotlar Toshkent farmatsevtika instituti dorivor o'simliklar o'stirish maydonchasida olib borildi. Yerlar kuzda 25-28 sm chuqurlikda chopib qo'yildi. Mart oyining oxirida ekilgan urug'lar 10-12 kunda unib chiqdi. Maysalarning o'sishi dastlabki kunlarda juda sekin, kunlar isishi bilan biroz jadallasha bordi. Vegetatsiya yilining oktyabrida oddiy dastarboshning urug'i pishib yetilganligi kuzatiladi.

    Zirk o'simligi ham juda foydali. Tabiatda uning 194 turi uchraydi, 45 turi iqlimlashtirilgan. O'zbekistonning tog' yon bag'irlarida qizil zirk bilan qora zirk tarqalgan. Qora zirk keng iste'mol qilinganligi uchun uning tusiga nisbat berib “qoraqand” deb ataladi.

    Tabobatda jigar xastaliklarini davolashda, isitmani pasaytiruvchi, ich ketishini to'xtatuvchi va yurakni mustahkamlovchi vosita sifatida qo'llaniladi. Mevasi tarkibida karotinoidlar, uglevodlar, xushbo'y hamda pektin moddalari, organik kislotalar, makro- va mikroelementlar, E va S vitaminlari va beta-karotin moddalari bor. Mevasi sharbati issiqni tushirish, mikroblarni o'ldirish, qon ketishini to'xtatish xususiyatlarga ega.

    Bolgarlar zirk po'stlog'ini radikulit va buyrak kasalliklarini davolashda ishlatishadi. Polshada zirkdan gipovitaminoz (vitamin etishmovchiligi) xastaligini davolashda foydalanishadi. Nemislar zirkni oshqozon ichak yo'llari, og'iz bo'shlig'i, o'pka illatlarini davolashda damlama sifatida ishlatishadi. Fransiyada zirk bakteritsid, gipotenziv va bezgakka qarshi vosita sifatida tavsiya etiladi.

    Umuman, ona tabiatimizda minglab dorivor giyohlar uchraydi. Ularning katta qismi o'rganilgan bo'lishiga qaramay, sanoat miqyosida keng foydalanilmaydi. Shu bois, oxirgi yillarda bu o'simliklarni sanoat miqyosida ishlab chiqarish faollashib boryapti.

    Zayniddin FAYZULLAYEV,

    O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh mutaxassisi