Prezidentning “Aholiga narkologik va psixiatrik xizmat koʻrsatish tizimini transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasiga koʻra, mazkur markaz Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar psixiatriya xizmati boʻyicha filiali negizida tashkil etiladi.
Shuningdek, markaz huzurida Toshkent shahar bolalar psixonevrologiya markazi Respublika bolalar ruhiy salomatlik markazi etib qayta tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
U bolalar psixiatriya xizmati boʻyicha bosh muassasa hisoblanadi hamda tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining tegishli kafedralari uchun asosiy klinik baza vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, u respublika, jumladan, Toshkent shahri aholisiga xizmat koʻrsatadi.
Loyihaga koʻra, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar va maslahat-diagnostika boʻlimlarida kattalar psixiatri, bolalar psixonevrologi (bolalar psixiatri), narkolog, tibbiy psixolog va hamshiralardan iborat birlamchi ruhiy salomatlik boʻlinmalari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Respublika ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi tugatilib, uning negizida Markaz klinikasi ochiladi. Toshkent shahar ruhiy-asab kasalliklari dispanseri negizida esa Markazning Toshkent shahar filiali faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, 2-sonli Toshkent shahar ruhiy-asab dispanseri, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining narkologiya xizmati boʻyicha Toshkent shahar filiali hamda Toshkent shahar narkologiya majburiy davolash shifoxonasi tugatilib, Markazning Toshkent shahar filiali tarkibiy boʻlinmalari sifatida qayta tashkil etiladi.