Aprel oyida tajriba sifatida ekilgan oʻrtapishar, serhosil “Iskandar” navli sholi koʻchatlari yozning qoq oʻrtasi — 27-iyulda pishib yetilgani-yu, uning ketidan ikkinchi hosil uchun yana ertapishar sholi navi koʻchatlari yerga qadalgani chin maʼnoda tarixiy voqea boʻldi.
Bu sholi ekinidan yilda bir necha marotaba hosil olishni maqsad qilgan Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlarining doimiy izlanishlari va yangi tajribalari mahsuli, desak mubolagʻa emas. Tadqiqotchilar bu borada Janubiy Koreyaning KOPIA markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda ish olib bordi. Jarayonda ushbu mamlakatning sholichilik boʻyicha dunyoda ilgʻor hisoblangan tajriba va texnologiyalariga tayanildi. Mazkur texnologiya asosidagi oʻsimliklarni koʻchat usulida parvarishlash va mexanizatsiya (urugʻlar oldindan egat ochmay, tekis yerga ekilaveradi) yordamida ekish tajribasi oʻrganilib, yurtimiz sharoitida amalga oshirish vazifasi qoʻyildi. Maqsad sholichilikda yilda bir emas, bir necha marta moʻl va sifatli hosil olishdan iborat edi.
Tajriba sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi
Jahon bozorida guruch eng talabgir mahsulotlardan biri. Qadimgi ekin turlaridan boʻlgan sholi hozir ham dunyo aholisining uchdan bir qismi uchun asosiy oziqa manbaidir. BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda sayyoramizda 158,8 million gektarga sholi ekilib, 742,5 million tonna hosil olingan. Bu borada Xitoy, Hindiston, Indoneziya yetakchilik qilmoqda.
Sholi oʻsimligi tropik mintaqadan kelib chiqqaniga qaramay, moʻtadil iqlimli xududlarda keng tarqalgan. Bu ekinni yetishtirishning ham oʻziga xos agrotexnologiyalari mavjud va ularni takomillashtirib borish sohaning dolzarb masalalaridan sanaladi. Sholi yetishtirishda koʻp suv talab qilingani bois, jarayonda ilgʻor resurstejamkor texnologiyalarni qoʻllash samaradorlikni oshiradi. Ayni shu maqsadda keng koʻlamli ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Koʻchat usulida sholi yetishtirish va mexanizatsiya yordamida ekish tajribasi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida olib borilayotgan ana shunday izlanishlarning bir qismi. Janubiy koreyalik mutaxassislar bilan birgalikda oʻtkazilgan tajribada koʻchatlarni mahalliy sharoitga moslashtirish ham birmuncha vaqt talab etdi. Eʼtiborlisi, jarayonni boshidan to birinchi hosil olinguniga qadar soha vakillari kuzatib bordi. Yangilikning ilk natijalariga ham koʻpchilik birgalikda guvoh boʻldi.
Dastlabki jarayonda yurtimizning mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirilgan koʻchatni tayyorlash uchun ekinning ozuqa negizi, yaʼni tuproq, biogumus va boshqa moddalar aralashmasi nisbatlari oʻrganildi. Soʻng 25—30 kunlik sogʻlom koʻchatlar belgilangan muddatlarda tayyorlandi. Bunda biz uchun eng qimmatli koʻrsatkich 30 kunlik koʻchatlar ertaki muddatlarda maxsus issiqxonalarda, takroriy ekishga hozirlangan koʻchatlar esa iqlimi moʻtadillashtirilgan xonalarda yetishtirilgani boʻldi. Ushbu natija dehqon va olimlarimizning bir necha asrlardan buyon orzu qilgan, bir daladan ikki marta sholi hosili olish umidini roʻyobga chiqarishga asos boʻldi, desak mubolagʻa emas. Qolaversa, mexanizatsiya yordamida sholi koʻchatlarini ekish asta-sekinlik bilan rivojlanib borayotgani, hozir ekish agregatlari 30 taga yaqin boʻlib, hatto fermerlarda ham mavjudligi quvonarli hol. Buni yaqin kelajakda sholi xirmonlari ham baland boʻlishiga ishora deb baholash mumkin.
Shu tariqa navbat koʻchatlarni yerga joylashtirishga yetdi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, joriy yil aprel oyida Izboskan tumani tajriba dalasida ilk sholi koʻchatlari mexanizatsiya yordamida yerga qadaldi. Ekin ekiladigan kun havo harorati keskin pasayib, sholipoyadagi harorat +10 darajani tashkil etdi. Odatda bunday haroratda sholini qoʻlda ekishning imkoniyati boʻlmaydi. Mexanizatsiya usulida esa istalgan havoda ekin ekish mumkin. Biz ularning har ikkisini solishtirib ham koʻrdik. Natijaga koʻra, nisbatan sovuq haroratda maxsus mexanizm yordamida ekilgan sholi koʻchatlari oʻrtacha 15 donadan, bir necha kun kechikib, iliq havoda qoʻlda yerga tashlangan koʻchatlar esa 3-5 donadan tuplaganiga guvoh boʻldik. Yaʼni maxsus 30 kunlik tayyorlangan sholi koʻchatlarini erta muddatda ekish hamda koʻproq tuplatish imkoniyati yuqoriroq ekani koʻrindi.
Tajriba koʻchatlarining hosildorligi ham koʻpchilikni qiziqtirdi. Olib borilgan dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, hosildorlik ayrim qismlarda 5,5 tonnaga, ayrimlarida 6 tonnaga, ayrimlarida esa 7 tonnaga yetdi. Bu yil bahor mavsumi biroz sovuqroq kelgani bois, sholi pishishi sal uzaygan boʻlishi, keyingi yillarda bahorda harorat issiq boʻlsa, sholini 7—10 kun erta oʻrish imkoniyati yuzaga kelishi mumkin. Ammo umumiy hisobda olganda, yangi texnologiya asosida koʻchat usulida sholi ekilishi yuqori samaradorlikka ega ekanini koʻrsatdi. Jarayonda qoʻl mehnati va ishchi kuchi ham sezilarli tejaldi. Jami xarajatlar esa 25—30 foiz kamayishi aniqlandi.
Sholini koʻchat usulida yetishtirishning yana bir afzalligi shundaki, ushbu texnologiyani qoʻllash hisobiga sholichilik tizimida ekin joylashtirish tuzilmasi hamda ularning salmogʻi keskin oʻzgarib, xalqaro talablarga deyarli tenglashmoqda. Avvallari bir dalada asosan sholi, soʻng kuzgi bugʻdoy asosiy ekin sifatida almashinadigan va yilda ikki marta hosil olingan boʻlsa, endilikda kuzgi bugʻdoy — takroriy sholi yoki soya — kuzgi bugʻdoy ekish imkoniyati yaratilmoqda. Demak, yangi tizimda ikki yilda 3 yoki 2-marta sholi, 1-marta don uchun soya, 1-marta toʻliq kuzgi bugʻdoy hosili olinib, ularni almashlab ekish tartibi yana kuzgi bugʻdoy ekish bilan tugaydi.
Sholining qimmatli xususiyatlaridan yana biri bir dalaga qayta-qayta ekish mumkinligida. Misrning Nil daryosi boʻylari hamda Osiyo qitʼasining koʻplab xududlarida bir dalaga sholi ming yildan ortiq davrlardan buyon muntazam ekilib, yuqori va sifatli hosil olib kelinmoqda. Demak, mineral, organik oʻgʻitlar va boshqa kerakli moddalarni berib, doimo sholi yetishtirish mumkin. Ayniqsa, koʻchat usuli va boshqa resurstejamkor nav, texnologiyalarni amaliyotga joriy etish orqali bir yilda ikki marta hosil olish koʻproq guruch mahsulotlari yetishtirish imkonini beradi. Albatta, suv resurslaridan oʻta tejamkorlik bilan foydalanishni ham unutmaslik kerak. Buning uchun sholi maydonlarini imkon qadar massivlashtirilgan holda joylashtirish hamda ilm-fanga asoslangan boshqa zamonaviy texnologiyalardan foydalanish samara beradi.
Sababi, sholi yetishtirishga yaroqli deb hisoblangan daryo oʻzanlari yoki kollektorlardan sizib chiqayotgan shoʻrlangan, oqova suv hamda botqoq yerlar zaxiralaridan boshqa ekinlarni yetishtirishda foydalanishning deyarli imkoni yoʻq. Shuning uchun oldimizda hosildor sholi navlarini yaratish bilan birga, har tomchi suvdan samarali foydalanish usullarini joriy etish vazifasi turibdi. Ayniqsa, hozirgi global iqlim oʻzgarishlari hamda keskin suv tanqisligi sharoitida faqat ilgʻor, innovatsion, resurstejamkor texnologiyalarga tayanishimiz lozim. Ilm-fan yutuqlari esa ularni yanada takomillashtirib borishga yoʻl ochadi.
Shunday qilib, mamlakatimizda yilda ikki yoki uch marta sholi hosilini olish tajribasi sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi, deya olamiz. Endi navbat buni hududlarimizda keng joriy qilish, bu orqali dehqon va fermerlarimiz daromadini yanada oshirish, xalqimizning guruch mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirishdan iborat. Bu yoʻldagi izlanishlarimiz esa davom etadi.
Rixsivoy TELLYAYEV,
Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti professori,
qishloq xoʻjaligi fanlari doktori