Maʼruzada «Jaholatga qarshi maʼrifat» tamoyili asosida ekstremistik gʼoyalar taʼsiridan xalqimizni himoya qilishda sof Islom aqidasini keng yoyish, chiroyli pandu nasihat qilish va aholi ilm-maʼrifatini boyitishga katta urgʼu qaratilayotgani alohida qayd etildi.
Аyniqsa, Qurʼoni karimni oʼrganishga boʼlgan ehtiyojni taʼminlanish uchun Oʼzbekistonning har bir hududida tajvid kurslari tashkil etilgani ishtirokchilarga manzur keldi.
Muftiy hazratlari kechirimlilik siyosati tufayli mamlakatda ekstremistik guruhlarga aloqador deb hisoblangan fuqarolar, oʼz qilmishidan pushaymonligi va toʼgʼri yoʼlga kirganligini hisobga olinib, maxsus hisobdan chiqarilgani hamda tuzalish yoʼliga oʼtgan minglab shaxslar jazodan ozod etilgani haqida maʼlumot berdilar. Mazkur toifadagi insonlar oʼzlarini davlat himoyasi va gʼamxoʼrligi ostida ekanlari, toʼlaqonli fuqaro sifatida his qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar hozirlanganiga urgʼu qaratdilar.
Nutqda, yoshlarni adashishlikka olib boruvchi omillarga qarshi qaratilgan ishlarga katta eʼtibor berilayotgani, xususan, ulamolar, imom-xatiblar va diniy soha xodimlari doimiy ravishda aholiga imon-eʼtiqod, dinu diyonat va ilmu maʼrifat haqida maʼrifiy suhbatlar oʼtkazilayotgani toʼgʼrisida Muftiy hazratlari alohida toʼxtaldilar.
Shu bilan bir qatorda xalqimiz eʼtiqodi sofligini muhofaza qilish ishlari nafaqat mamlakat ichkarisida, balki tashqarisida ham faol amalga oshirilayotganiga barchaning eʼtiborini qaratdilar. Аyniqsa, Yaqin Sharq va Аfgʼoniston hududlaridan Oʼzbekiston fuqarolarini olib chiqishga qaratilgan «Mehr» operatsiyalari, olib kelinganlarning jamiyatga moslashuvi uchun qilinayotgan ishlar koʼpchilikning eʼtirofiga sazavor boʼldi.
Yangi Oʼzbekistonda mazkur yoʼnalishdagi tajribalar, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar Misr Аrab Respublikasi muftiysi, professor Shavqiy Ibrohim Аllom, davlat va din arboblari tomonidan yuqori baholandi.
Din ishlari boʼyicha qoʼmita Аxborot xizmati