Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-fevraldagi “Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori imzolandi. Quvonarlisi, oʼtgan qisqa vaqt orasida yurtimizda aholi, ayniqsa, yoshlar oʼrtasida sogʼlom turmush tarzini targʼib qilish, ularning qishki sport turlari bilan shugʼullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilma yaratish, mamlakat sportchilarining xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini taʼminlash maqsadida izchil chora-tadbirlar amalda bajarilmoqda.

Qishki sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, Oʼzbekiston sportchilarini xalqaro sport musobaqalari, shu jumladan, XXIV qishki Olimpiya oʼyinlariga tayyorlash va ushbu musobaqalarda munosib ishtirokini taʼminlash maqsadida qator ishlar amalga oshilmoqda.

Oʼzbekiston Respublikasi turizm va sport vazirligining 2021 yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga muvofiq shu yilning  17-oktabr – 25-dekabr kunlari sportning togʼ changʼisi turi boʼyicha Oʼzbekiston sport delegatsiyasi bosh treneri Аndrey Voronov, trener Dmitriy Kovalyov hamda togʼ changʼisi boʼyicha kuchli sportchilar Raʼno Imonqulova, Valeriya Kovalyova, Аrman Gayupovlar Аvstriya, Italiya va Rossiya togʼ changʼi sport bazalarida boʼlib oʼtadigan oʼquv-mashgʼulot yigʼinlari hamda xalqaro musobaqalarda ishtirok etadi.

Davlat siyosatining asosiy maqsadi yosh avlodni sogʼlom, barkamol voyaga yetkazish, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʼullanishga keng imkoniyat yaratishdir.Taʼkidlash lozim oʼquv-mashgʼulot yigʼinlari hamda xalqaro musobaqalarda ishtirok etish hamda zarur boʼlgan maxsus sport kiyimlari va sport anjomlari bilan bogʼliq barcha sarf-xarajatlar Oʼzbekiston Respublikasi turizm va sport vazirligining sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2021-yil  uchun respublika kalendar rejasidagi belgilangan mablagʼlar hisobidan qoplanadi.

 Sportchi yoshlarimiz boʼlib oʼtadigan nufuzli musobaqalarda yurtimizning bayrogʼini yuksak koʼtarib yaxshi natijalarni qoʼlga kiritishlarini tilab qolamiz.

Hilola Saliyeva,   

sportning qishki va murakkab texnik

turlari boʼyicha Respublika oliy

 sport mahorati maktabi matbuot kotibi