O'zbekistonning guruch brendi

    Guruch oshqozon, asab tizimi, yurak-qon tomiri, saraton kasalliklarini davolashda dunyo bo'yicha eng ko'p foydalaniladigan parhez taomlardan biri sanaladi.

    Dunyo olimlarining xulosalariga ko'ra, sholi yetishtirishda maqbul suv tizimini yaratish, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olishda global iqlim o'zgarishlari dehqonchilik uchun katta qiyinchiliklar tug'dirmoqda. Yillik obihayot hajmlari avvalgidek yetarli darajada emasligi, havo haroratining ko'tarilishi natijasida sholiga katta mehnat va suv resurslari talab qilinib, aholini guruch mahsulotlari bilan ta'minlash tobora murakkablashib, o'ta dolzarb vazifaga aylanib boryapti.

    Koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz asoratlarini yumshatish, mamlakatimiz aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash, ularni kafolatlangan zaxirasini yaratishda qishloq xo'jaligida yer-suv resurslaridan samarali foydalanishni taqozo etadi. Bunda hozirgi zamon agrobiologiya ilmi, dehqonchilikda erishilgan yutuqlar asosida sholi navlarining sifatini yaxshilash, hosildorligini oshirishda innovatsion texnologiyalarni qo'llash asqotadi.

    Guruchga talab nega katta?

    Sholi sifati va hosildorlik bo'yicha boshqa boshoqli don ekinlariga nisbatan ancha yuqori hosil beradi. Hozirgi vaqtda Yaponiya, Janubiy Koreya, Vetnam kabi davlatlarda sholidan olinadigan hosil xar gektar erdan 80-90, Xitoyda esa ilmiy asoslangan innovatsion texnologiyalarni qo'llash asosida 150 tsentnerdan ortiq hosil olinmoqda.

    Guruchdan tayyorlanadigan taomlar tez hazm bo'lishi va to'liq o'zlashtirilishi bilan ajralib turadi. Uning o'zlashtirish koeffitsienti 90 foiz bo'lib, kaloriyasi 35,9 ga teng. Guruch oshqozon, asab tizimi, yurak-qon tomiri, saraton kasalliklarini davolashda dunyo bo'yicha eng ko'p foydalaniladigan parhez taomlardan biri sanaladi. Bu, eng avvalo, uning tarkibida tuz yo'qligi bilan bog'liq. Qolaversa, oziq-ovqatlarda kraxmal va uning formalari ko'p bo'lsa, inson organizimining immunitet darajasi pasayib turli kasalliklarga, ayniqsa yuqumli, virusli xastaliklarga tez chalinadigan bo'lib qoladi. Bu holat, ayniqsa, yosh bolalar va qariyalarda ko'proq uchraydi. Shuning uchun yetishtirilayotgan, ayniqsa, import qilinayotgan guruch mahsulotlarini sifatiga alohida e'tibor qaratish zarur.

    Bu borada Vetnamda ilmiy asoslangan ishlar yo'lga qo'yilgan. Guruchlarining bioximik klassifikatsiyasiga ko'ra, endosfermasida amilozalar (kraxmal formalari) kam bo'lganligi bois dunyo bozorida ham talab katta.

    Ayni paytda aholisi ko'p bo'lgan Xitoy, Hindiston, Indoneziya kabi Osiyo mamlakatlarida guruch asosiy ozuqa xisoblanib, ular ham o'z ehtiyojlarini qondira olmay kelyapti. Mamlakatimizda ham guruch mahsuloti eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari sirasiga kiradi. 2019 yilda 200 ming tonna guruch etishtirilgan bo'lishiga qaramay, ichki ehtiyoj to'liq qoplanmaganligi sababli 13,7 million AQSH dollari qiymatidagi 114,14 ming tonna mahsulot Qozog'iston, Pokiston va Rossiyadan import qilingan.

    Markaziy Osiyoda faqat O'zbekistonda tuproq iqlim sharoitlariga mos sholining yuqori hosil beradigan navlari yaratilgan. Ushbu navlar guruchining tarkibida oqsil, glyukoza, boshqa to'yimli oziq moddalar va vitaminlarga boyligi sababli boshqalardan sifat jihatdan ajralib turadi. Ular Qozog'iston, Kirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistonning tuproq-iqlim sharoitiga mos kelganligi sababli bizda yaratilgan sholi navlariga keng maydonlarda ekish uchun qiziqish katta va ular eksportini yo'lga qo'yish mumkin.

    Vetnamlik olimlar bilan hamkorlikda

    Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 martdagi Vetnam Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qaroriga asosan, bugungi kunda mazkur mamlakat ilmiy va texnologik muassasalarining eng yirik tarmog'i sifatida 500 ga yaqin yo'nalishda faoliyat yuritadigan, tarkibida ilmiy va texnologik institutlar bo'lgan “VUSTA” (Vetnam ilmiy va texnologik assotsiatsiyasi ittifoqi) bilan Suv xo'jaligi vazirligi, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti (ISMITI) va uning Qoraqalpog'iston filiali o'rtasida suv resurslaridan samarali foydalanish, sholipoyalarda baliq yetishtirish, sho'rlangan, kuchli sho'rlangan, foydalanishdan chiqqan yer maydonlarining meliorativ holatini yaxshilab, qayta ekin ekishga kiritish kabi muhim masalalar bo'yicha ikki tomonlama hamkorlik o'rnatilgan.

    Shu bilan birga, ISMITI tomonidan qishloq xo'jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish, hududlarning tuproq-iqlim sharoiti, sug'orish usullarini inobatga olgan holda, qishloq xo'jaligi ekinlarini sug'orish me'yorlari bo'yicha normativlarni 2021 yil fevral oyigacha ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda.

    Tomchilatib sug'orish

    texnologiyasini joriy qilish

    Mamlakatimizning geografik joylashuvi, tuproq iqlim sharoiti sholi etishtirishga qulay zonada joylashganligini hisobga olib yer, suvdan foydalanishda, ishchi kuchi, mehnatini sarflashda ilmiy asoslangan suvni, resurslarni tejaydigan tomchilatib sug'orish texnologiyasini tezkor joriy etib, aholini guruchga bo'lgan talabini to'la qondirish mumkin.

    Respublikamizda sholini an'anaviy usulda, ya'ni, urug' yerga qadalgan kundan boshlab, to pishib yetilgunga qadar 3-4 oy davomida sholipoyalarda suv sathini 25 santimetr (erlarning notekisligi hisobiga ba'zi joylarda 30-35 santimetr ) gacha qalinlikda sug'organ holda hosil yetishtiriladi.

    Hozirgi vaqtda 20 dan ortiq rayonlashtirilgan va barcha viloyatilarda ekilayotgan sholi navlarining xarakteristikasi, patentida har gektar erdan 60-70 tsentnerdan ortiq hosil berishi bayon etilgan. Lekin 2019-2021 yillarda an'anaviy usulda parvarishlangan ekinlarning o'rtacha hosildorligi 33-35 sentenerni tashkil etdi va guruchni import qilish darajasi o'sib boryapti.

    Taldqiqotlar bizning tuproq-iqlim sharoitida tomchilatib sug'orish texnologiyasini joriy qilish orqali hosildorlikni 60-70 sentnerdan hosil olish imkoniyati mavjudligini ko'rsatyapti. Bunda bir gektar erga sarflanadigan bevosita xarajatlar 15-18 million so'mni tashkil etadi va hozirgiga qaraganda, 20-25 foizga pasayadi. Suv miqdori gektar boshiga 70-80, urug'lik sarfi 30-40 foizga kamayib, sholini unib chiqish darajasi 2 barobarga ortadi, kimyoviy gerbitsid va mineral o'g'itlar solish esa 15-20 foizga kamayadi. Sholi ekish uchun ariq va zovurlar kavlanmaydi, katta hajmdagi elektr nasoslarda suv chiqarish uchun elektr energiyasidan umuman foydalanilmaydi. Shu bilan birga, hozirgi vaqtda rayonlashtirilgan va ekilayotgan sholi navlarining hosil berish darajasi ham amalda isbot qilinadi.

    Bugungi kunda sholidan olinayotgan o'rtacha hosildorlik sholiga sarflanayotgan xarajatlarni chiqarib tashlansa, guruchga bo'lgan ehtiyojlarni qoplamayapti. Ekiladigan urug'lik sarfi gektariga 200 kilogramdan ortiq bo'lib, unib chiqish darajasi 36-38 foiz atrofida bo'lyaptii. Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Indoneziya, Vetnam kabi mamlakatlarda urug'lik miqdori gektariga 80-120 kilogramm bo'lib, unib chiqish darajasi 70-80 foizni tashkil qiladi.

    Sholini tomchilatib sug'orish texnologiyasini qo'llash natijasida hosildorlik ortib, sifat ham bir vaqtning o'zida yaxshilanadi. Mehnat unumdorligi tez sur'atlarda oshadi va ishchi kuchiga bo'lgan talab sezilarli darajada kamayadi. Qurg'oqchil joylarda suv katta miqdorda tejaladi. Qolaversa, tekis bo'lmagan, qiya joylarda ham sholi etishtirish mumkin. Ayniqsa, ekin ekishdan to pishib etilgunicha sholipoyalarda suvni behuda ushlab turishning oldi olinadi. O'rim-yig'imdan 15-20 kun avval zax qochirish yumushlariga hojat qolmaydi.

    Kimyoviy gerbitsidlar, va mineral o'g'itlarni o'simlikning o'sish davrida dalaga umumiy tarzda sochib berilmaydi. eritma holida talab qilingan vaqtda tomchilab sug'looish orqali berilishi natijasida ularning miqdori 15-20 foizga tejaladi. Shu tarzda ularningbexuda sarflanib, ariqlar orqali suvda yuvilib ketishning oldi olinadi. Aholi yaqin joylarda atrof-muhitni, ichimlik suvi chiqadigan tik quduqlarning ifloslanishi kamayib, ekologik holat yaxshilanadi. Begona o'tlar kamayib, o'sish davrida ko'p qo'l mehnati talab qiladigan o'toq qilinmaydi. Asosiy ish texnika va mexanizmlar orqali bajariladi.

    Bu usulni qo'llash davrida tavsiya qilingan barcha agrotexnologiyalar 100 foiz bajarilsa, sholining yuqori hosil berishi to'liq ta'minlanadi. Hozirgi paytda ushbu texnologiya Xitoyning suv taqchil bo'lgan hududlarda keng joriy qilinmoqda. Yaponiya va boshqa davlatlarda ham sholini “tomchilatib sug'orish” texnologiyasini qo'llash ishlari yo'lga qo'yilgan.

    Yana bir jihat, sholi o'simligining ildizi mavsum davomida bizning tuproq-iqlim sharoitida 30-40 santimetrgacha etadi. Uning asosiy qismi erning 20-25 santimetr chuqurligiga tarqaladi. SHu bois tomchilatib sug'orish texnologiyasini doriy etishda bu borada ilmiy tadqiqotlar o'tkazib, keyin keng joriy qilish maqsadga muvofiqdir.

    Ko'p yillik olib borilgan tadqiqotlar natijalariga ko'ra, sholining rayonlashtirilgan navlari urug'larining barchasi ham tomchilatib sug'orish texnologiyasi bo'yicha ekish talablariga moslashmaganligini ko'rsatmoqda. Shuning uchun ushbu texnologiyani qo'llashda qurg'oqchilikga chidamli, yuqori hosil beradigan navlarini to'g'ri tanlab olish, umuman olganda, birinchi navbatda, skrining sinovlarini o'tkazish bo'yicha ilmiy tadqiqot ishlarini yo'lga qo'yish talab etiladi.

    Sholini tomchilatib sug'orish texnologiyasining ixtirochisi bo'lgan Xitoy Xalq Respublikasi Urumchi iqtisodiyot va texnikalarni rivojlantirish professori Reyvi Vangning bizga yo'llagan xatida O'zbekistonda sholichilikni rivojlantirishda suvni tejaydigan texnologiyalardan o'z xududlarida sholi etishtirish jarayonlarida erishilgan tajribalari asosid amaliy yordam berishga tayyor ekanini bildirgan.

    Hozirgi vaqtda qishloq xo'jalik ekinlarini tomchilatib sug'orishni keng joriy qilishda foydalaniladigan polietilen nasos va trubalar, tomchilatish lentalari, fiting, turli hajmdagi jo'mraklar va boshqa ehtiyot qisimlar respublikamiz korxonalarida ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan. Ularni chetdan valyuta mablag'lari sarflab, olib kelishga zaruriyat yo'q.

    Sholini tomchilatib sug'orish texnologiyasi loyihasi bo'yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish va tezkor joriy qilish uchun er maydonlari ajratish, texnika-jihozlarni joylashtirish, ekishga tayyorlash, kimyoviy o'g'itlar, ishchi kuchi kabi barcha zarur resurslar bilan o'z vaqtida ta'minlash ishlariga Toshkent viloyati YAngiyo'l tumanidagi “Yulduz Sitoraxon Agro” firmasi hozirligini bildirmoqda. Hissador korxona sifatida 200 million so'mga teng miqdorda amaliy yordam berishniham kafolatlayaptii.

    2021 yildan Toshkent davlat agrar universiteti va Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutiolim va mutaxassislari tomonidan Toshkent, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasi tuproq iqlim sharoitida sholichilikda tomchilatib sug'orish tizimini yaratish va tezkor joriy qilish mavzusi bo'yicha ilmiy-amaliy loyihani yo'lga qo'yishni rejalashtirgan.

    Suv xo'jaligi vazirligi ushbu loyihani qo'llab-quvvatlab, uni moliyalashtirilishni maqsadga muvofiq deb topgan holda, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot Markaziga taqdim etishni taklif qilgan.

    Bugungi kunda qishloq xo'jaligida suvdan tejab foydalanish, oziq ovqat xafsizligini ta'minlash eng muhim masalalardan biridir. Hukumatimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar olim va mutaxassislarimiz zimmasiga katta ma'suliyat yuklaydi. Ularning o'z vaqtida bajarilishi, birinchi navbatda, ilmiy-tadqiqot ishlarining jadal tashkil etilishi O'zbekistonning guruch brendini yaratishga yo'l ochadi.

    G'iyosjon RAHIMOV,

    Qishloq xo'jalik fanlari doktori, professor,

    “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi

    Abduvohid O'ROZKELDIYEV,

    Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy

    tadqiqot instituti direktori o'rinbosari,

    qishloq xo'jalik fanlari nomzodi