2021-yil 22-fevralda Oʻzbekiston hamjamiyati davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Inson huquqlari boʻyicha kengashning 46-sessiyasida nutq soʻzladi. Mazkur nutqni tarixiy deb atash uchun 3 ta muhim asosni keltirib oʻtish mumkin:

Birinchidan, davlatimiz rahbari mamlakatimizning inson huquqlapi sohasidagi eng ustuvor yoʻnalishlarni oʻzbek tilida ilgari surdi.

Ikkinchidan, mamlakatimiz tarixda birinchi marta BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri — Inson huquqlari boʻyicha kengashning toʻla huquqli aʼzosi sifatida ishtirok etdi.

Uchinchidan, davlatimiz rahbari tomonidan xalqaro huquq norma ijodkorligi sohasida ilgari surilgan takliflari Oʻzbekistonni Osiyodagi “demokratik alyans” yetakchilaridan biriga aylantirmoqda.

Davlatimiz rahbarining bu safargi taklif va tashabbuslari ham hazrati Insonni qadrlash, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini oliy qadriyat sifatida taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Prezidentimiz tomonidan ilgari surgan 7 ta ustuvor yoʻnalishdan 5 tasi bevosita inson va fuqarolarning ijtimoiy himoyasi bilan bogʻliqligi yana bir bor yuqoridagi fikrlarni tasdiqlab turibdi.

Ayniqsa, Oʻzbekistonning imkoniyati cheklangan shaxslarning oʻz qobiliyatini toʻla roʻyobga chiqarish boʻyicha tashabbuslari barcha vatandoshlarimizni quvontirdi. Chunonchi, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash, ularning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga davlat va fuqarolik jamiyati institutlari tashabbuslarini birlashtirish hamda bu ishlarda mintaqaviy hamkorlikni taʼminlash Yangi Oʻzbekistonda “hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik” tamoyilining amaliy ifodasi hisoblanadi.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, butun dunyoda 1 milliardga yaqin nogironligi bor shaxslar mavjud boʻlsa, yurtimizda ushbu shaxslarning nufusi 670 mingdan ziyodni tashkil etmoqda.

Yon qoʻshnimiz Qozogʻistonda soʻnggi besh yilda nogironligi boʻlgan shaxslar soni 7,5 foizga oshgan va bugungi kunda ularning soni qariyb 674 mingdan oshadi. Tojikistonda ham bugungi kunda 150 mingdan ortiq jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar mavjud.

Yana bir muhim jihat nogironligi boʻlgan shaxslar COVID-19 pandemiyasi sharoitidan eng koʻp jabr koʻrdi. Butun dunyoda yolgʻiz yashovchi nogironligi boʻlgan shaxslar qatʼiy karantin tadbirlari davrida turli muammolarga duchor boʻlganligi sir emas.

Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish boʻyicha yangi bosqich

Nogironligi bor shaxslarni manzilli ijtimoiy himoya qilish, ushbu sohada tibbiy-ijtimoiy yordamning barqaror tizimini yaratish ishlari jadal davom etmoqda.

Koronokrizis ayniqsa ushbu shaxslarning moddiy, ijtimoiy ahvolini ogʻirlashtirgani bor gap. Yurtimizda shunday sharoitda alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlikka muhtoj boʻlgan ushbu shaxslarni yolgʻiz qoldirmasdan, manzilli ijtimoiy himoya nafaqat davlat tomonidan, balki fuqarolik jamiyati institutlari, koʻngillilar va sahovatpesha insonlar tomonidan amalga oshirilayotganligini alohida eʼtirof etish lozim.

2020-yil 15-oktyabr sanasida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan va joriy yil 16-yanvarda kuchga kirgan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasini kompleks huquqiy tartibga solishga qaratilgani hamda ushbu shaxslarning ijtimoiy himoya qilishga oid boshlangan keng qamrovli davlat siyosatining mantiqiy davomi boʻldi.

Avvalo, ushbu qonunda “nogironligi boʻlgan shaxs” tushunchasiga berilgan taʼrif eʼtiborga molik ekanligini qayd etish zarur. Mazkur tushunchadan anglashiladiki, bu borada davlat siyosatining asosiy maqsadi ushbu shaxslarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotda boshqalar bilan birga teng toʻliq va samarali ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Mazkur tushuncha BMTning nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi va boshqa bir qator xalqaro standartlarga mos holda kiritilgan. Bundan tashqari, “protez-ortopediya buyumlari”, “abilitatsiya”, “surdotarjima”, “surdotexnik vositalar”, “tiflotexnik vositalar” kabi yangi tushunchalar qonunning amaliy ahamiyatini yana-da oshiradi.

Darhaqiqat, 14 yil avval qabul qilingan qonunda ushbu insonlarning jamiyatga faol integratsiyalashuvini yetarli darajada huquqiy asoslantirishda muammolar kuzatilayotgan edi. 2021-yil 16-yanvardan kuchga kiradigan “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida qoʻllanilgan “nogiron” tushunchasi nogironligi bor shaxslarning huquqlarini cheklagan desak yanglishmaymiz. Boisi, shaxslar nogiron boʻlmaydi, balki nogironligi bor shaxslar boʻlishi mumkin.

Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashning asosiy prinsiplari davlat tomonidan kafolatlangan iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy chora-tadbirlar tizimining asosiy qoidalarini belgilaydi. Jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qoʻyish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal koʻrish, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanishi nogironlik belgisiga koʻra kamsitilishga yoʻl qoʻymaslik prinsipini anglatadi.

Qayd etish lozimki, nogironligi bor shaxslarning barcha bilan teng imkoniyatlarga ega boʻlishi kundalik hayotda duch keladigan koʻplab shart-sharoitlar bilan bogʻliq. Tasavvur qilaylik, har kuni duch keladigan jamoat transportlarida eshitishida nuqsonlari mavjud nogironligi boʻlgan shaxs axborot tablolari yohud koʻzi ojizlar uchun zarur maʼlumotlarni ovozli eʼlon qilish tartibi joriy qilinishi ushbu shaxslarning oʻz manzillariga qiynalmay yetib olishiga zamin yaratadi.

Shuningdek, ushbu shaxslarning ortiqcha ovoragarchiligini oldini olish maqsadida ayrim xizmatlardan foydalanishda ham muayyan huquqlar belgilanmoqda. Xususan, qonun kuchga kirgandan soʻng bunday insonlar ijtimoiy va boshqa turdagi xizmatlardan foydalanishda davlat organlariga yashash joyidan qatʼi nazar murojaat qilishi mumkin boʻladi.

Shuningdek, qonun bilan nogironligi bor shaxsning xususiyatlaridan kelib chiqib, muayyan yashash sharoitlariga ega boʻlish huquqi taʼminlanishi belgilandi. Masalan, jismoniy nuqsonlari bor shaxsga yuqori qavatlardan emas, balki qulay qavatdan uy-joy berilishi maqsadga muvofiq. Shu bilan birga uy-joy, imtiyozli ipoteka kreditlarini olishda ularga ustunlik berilishi alohida belgilangan.

Yana bir muhim jihat, ushbu shaxslarning davlat organlariga murojaat qilishda imo-ishora tilini eʼtirof etish, surdotarjima xizmatlarini koʻrsatish va faksimil imzodan foydalanish kabi zarur shart-sharoitlar yaratishning belgilanishi davlat organlarining xalqqa xizmat qilinishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Nogironlikni belgilash, nogironlikni qayta-qayta tasdiqlash kabi muammolar nogironligi boʻlgan shaxslar tibbiy-ijtimoiy himoyasiga salbiy taʼsir koʻrsatib, ushbu shaxslarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda edi. Tasavvur qiling, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxs davolanish ehtiyoji boʻlmasada tibbiy mehnat ekspertizasi komissiyalariga asoslovchi hujjat topshirish maqsadida muayyan muddatlarda kasalxonalarda davolanishga majbur edi. Endilikda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, tibbiyot tashkilotlari nogironligi belgilari aniq koʻrinib turgan shaxslarni klinik-funksional maʼlumotlarni olishga doir qoʻshimcha tekshiruvlarni oʻtkazmasdan turib, tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborishga haqli ekanligi belgilandi.

Alohida qayd etish lozimki, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va qonuniylikni taʼminlash maqsadida uning majlislarida mahalliy mehnat organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, kasaba uyushmalarining, sugʻurta tashkilotlarining va boshqa tashkilotlarning vakillaridan tashqari nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etishi mumkinligi belgilangan. Bu esa oʻz oʻrnida, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini jamoatchilik nazoratining taʼsirchan vositalari orqali amalg oshirish imkonini beradi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnat huquqlari haqida soʻz ketganda, qonun bilan ish beruvchining aybi bilan mehnatda mayib boʻlgan yoki kasb kasalligiga chalingan ushbu shaxslar tibbiy koʻrsatmalarga binoan ish beruvchining mablagʻlari hisobidan reabilitatsiya qilishning texnik va maxsus transport vositalari bilan taʼminlanishi belgilanganligini alohida eʼtirof etish joiz. Albatta, nogironlikka chalinishni hech qanday reabilitatsiya bilan kompensatsiya qilib boʻlmaydi, lekin mazkur majburiyat ish beruvchilarning xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish majburiyatini bajarmasligi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ayrim noxush holatlarning oldini olishga xizmat qilishi aniq.

Shuningdek, ishga qabul qilish yohud xizmat pillapoyalaridan koʻtarilishi kabi mehnat munosabatlarining barcha bosqichlarida nogironlik belgisiga koʻra kamsitish taqiqlanishi, bunday shaxslarni tungi vaqtda ishga, shuningdek ishdan tashqari vaqtdagi ishlarga va dam olish kunlari ishga jalb etishga yoʻl qoʻyilmasligi hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan ishlovchi shaxslarga nisbatan qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi belgilanishi nogironligi boʻlgan shaxslarga yangicha bagʻishlaydi, desam mubolagʻa boʻlmaydi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarning davlat va jamiyat hayotida doimo kerakli his qilishida ularning taʼlim olish huquqini kafolatlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, davlat ushbu shaxslarning inklyuziv taʼlimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratadi.

Bu borada nogironligi boʻlgan bolalarni taʼlim muassasalarida oʻqitishning vaqtincha imkoni boʻlmasa uyda oʻqitilishini taʼminlash choralari ham koʻriladi. Umuman olganda ushbu shaxslarning taʼlim olishi juda egiluvchan oʻqitish yoʻllari bilan amalga oshiriladi. Unga eksternat shaklida, uyda, maxsus guruhlarda, yakka tartibda yoki masofaviy tartibda amalga oshiriladi. Mazkur oʻqitish yoʻllarini tanlash har bir nogironligi bor shaxsning individiual xususiyatlaridan kelib chiqqan holda masʼul mutaxassislar tomonidan belgilanadi.

Oʻzbekiston imkoniyati cheklangan shaxslarning oʻz qobiliyatini toʻla roʻyobga chiqarishda mintaqaviy hamkorlik zarur deb hisoblaydi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Inson huquqlari boʻyicha kengashning 46-sessiyasida alohida ehtiyojga ega boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash masalasini mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni bunyod etishga qaratilgan demokratik islohotlarimizning muhim ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab bergani ham bejiz emas.

Davlat va jamiyat nogironligi bor shaxsning nuqsonining xususiyatiga koʻra, davlat va jamiyat uni hayot faoliyatiga doir cheklovlarni yengib oʻtish, ularning oʻrnini qoplash (kompensatsiya qilish), boshqacha aytganda hayotda oʻzini toʻliq namoyon etishi uchun shart-sharoit yaratishi, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “sha hayotdan rozi boʻlib yashashi”ga erishishimiz lozim.

Davlatimiz rahbarining imkoniyati cheklangan shaxslarning oʻz qobiliyatini toʻla roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha Mintaqaviy kengash tuzish tashabbusi yurtimizning demokratik islohotlarni amalga oshirishga oid xalqaro tashabbuslari mintaqa taraqqiyotiga xizmat qilayotganiga yana bir amin boʻlmoqdamiz.

Mazkur tashabbusni quyidagi muhim jihatlariga eʼtibor qaratish mumkin:

Birinchidan, Markaziy Osiyoda imkoniyati cheklangan shaxslarning oʻz qobiliyatini toʻla roʻyobga chiqarishda mintaqaviy hamkorlik ilmiy hamjamiyat, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari oʻrtasida muntazam aloqa oʻrnatishni davrning oʻzi talab qilayotgan edi. Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari yoʻlida harakatga daʼvat” tamoyili mintaqa davlatlarining saʼy-harakatlarini birlashtirish muhim hisoblanadi.

Ikkinchidan, mintaqada yashovchi aholining genofondini saqlash, aholining ekologik madaniyatini oshirish, transchegaraviy ekologik muammolarni hal qilishda davlatlararo oʻzaro kelishuv va hamkorlik har qachongidan muhim.

Uchinchidan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan imkoniyati cheklangan shaxslarning oʻz qobiliyatini toʻla roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha Mintaqaviy kengash tuzilmasi timsolida bugungi kunda Markaziy Osiyoda nogironligi boʻlgan shaxslar sonini ortishi tendensiyasini tibbiy-ilmiy, huquqiy va siyosiy nuqtayi nazardan tadqiq etish va amaliy choralarni koʻrish mexanizmini ishlab chiqish muhim ahamiyatga egaligini aytib oʻtish lozim.

Xulosa

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mazkur taklif va tashabbuslar nafaqat Oʻzbekistonda, balki mintaqada nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va oliy qadriyat hisoblangan inson va uning huquqlari, manfaatlari muhofazasini kuchaytirishga muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin boʻlmasin, qancha mablagʻ va imkoniyat talab etilmasin, Oʻzbekistonning bironta fuqarosi oʻz holiga tashlab qoʻyilmaydi”.

Bekzod NARIMANOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi dotsenti v.b.

Yuridik fanlari boʻyicha falsafa doktori