Rezolyutsiyaga 30 dan ortiq aʼzo davlatlar hammualliflik qildi.
Rezolyutsiyada taʼkidlanganidek, Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mintaqada giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurash bilan chambarchas bogʻliq. Oʻzbekistonning yangi siyosati tufayli mintaqada yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarga alohida eʼtibor qaratilgan.
Mintaqa davlatlarining mavjud ijobiy tajribasi asosida giyohvandlik muammosini hal etishga global yondashuv doirasida giyohvandlikka qarshi samarali hamkorlikka intilishi taʼkidlangan.
Xususan, hujjatda giyohvandlik vositalari va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish boʻyicha kompleks ishlarni amalga oshirish, strategik tashabbus va chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Hududiy elektron maʼlumotlar bazasini joriy etish, soʻrovnomalar va tadqiqotlar oʻtkazish, axborot texnologiyalari hamda ijtimoiy tarmoqlardan giyohvandlik bilan bogʻliq jinoiy maqsadlarda foydalanishga qarshi kurashish, virtual valyutalarni tartibga solish, narkobiznes, jumladan, uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllari bilan aloqadorligi nuqtayi nazaridan moliyaviy asoslarga putur yetkazish kabi aniq amaliy choralar koʻrish muhimligiga eʼtibor qaratilgan.
Rezolyutsiya, shuningdek, aʼzo davlatlar, BMTning tegishli tuzilmalari, xalqaro moliya institutlari va boshqa manfaatdor tomonlarni giyohvand moddalar bilan bogʻliq muammolarni har tomonlama hal etishda Markaziy Osiyo boʻyicha hamkorlikni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashga chaqiradi.
Bosh Assambleya yalpi majlisi muhokamalarida delegatsiyalar rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatlab, ushbu muhim rezolyutsiyani ilgari surishda Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar. Mazkur hujjat jahonda giyohvandlik muammosiga qarshi global kompleks kurashga katta hissa qoʻshishi alohida qayd etildi.
Shuningdek, soʻzga chiqqan delegatlar Oʻzbekiston delegatsiyasining konsensus natijaga erishish uchun “oʻzaro maqbul murosa va yechimlar”ni topish boʻyicha izchil saʼy-harakatlarini taʼkidladilar. “Hujjatni ochiq, oshkora va inklyuziv tarzda koʻrib chiqish”, shuningdek uning konsensus asosida qabul qilinishi yaxshi ijobiy holat yaratishi va “BMTda giyohvandlikka qarshi boshqa tashabbuslar boʻyicha konsensusga erishish uchun yaxshi asos boʻlishi” bildirildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.