Oʻzbekistonning yoshlar huquqlari boʻyicha tashabbuslari

    Fikr 24 Sentabr 2020 3816

    Bugun butun dunyoda barchani birdek tashvishga solayotgan COVID-19 butun bashariyatning oldiga murakkab vazifalarni qoʻymoqda, uning zaif jihatlarini yaqqol koʻrsatib qoʻydi. Koronokrizis barcha davlatlar va xalqlarni Yer sayyorasining farzandlari – ulkan yagona oila vakillari va oʻzaro bir-biriga bogʻliq ekanini, ular oʻrtasida muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik oʻta muhimligini yana bir isbotladi.

    Shunday tahlikali sharoitda Bosh Assambleyaning yetmish beshinchi sessiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarixida ilk marta onlayn muloqot rejimida tashkil etilganligi ulkan muloqot makoni sifatida jahon hamjamiyati duch kelgan ogʻir vaziyatga yechim topishida katta ahamiyatga ega.

    Kuni kecha davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyasida ilgari surilgan har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni tashkil etish boʻyicha tashabbus va takliflari mintaqaviy va global ahamiyatga egaligi bilan ajralib turdi. Pandemiyadan keyingi davrda insoniyat yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qashshoqlikni tugatish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ekologik muammolarning taʼsirini yumshatish kabi koʻplab muammolar boʻyicha amaliy xarakterga ega taklif va tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan iliq kutib olindi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar masalasiga alohida toʻxtalib, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlash chorladi. Davlatimiz rahbari mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini tashkil qiladigan yoshlar sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tobora amaliy xarakterga ega boʻlib borayotganligi taʼkidladi.

    Soʻnggi yillarda Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengash tashkil etilganligi, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tuzilganligining oʻzi davlatimizning yoshlar masalasiga berayotgan eʼtiboriga yaqqol misol boʻla oladi.

    Yoshlar tadbirkorligini ragʻbatlantirish maqsadida “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida iqtidorli va tashabbuskor yoshlar 8 mingdan ziyod biznes loyihalariga taxminan 1,7 trillion soʻm mablagʻ ajratilganligini ham alohida eʼtirof etish joiz.

    Bundan tashqari soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekistonda 43 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 121 taga yetdi. Oliy taʼlim muassasasida oʻqish istagini bildirgan yoshlarning umumiy qamrovi yildan yilga oʻsib bormoqda

    Davlatimiz rahbarining Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish boʻyicha tashabbusi BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi. Oʻzbekiston rahbari bunga asos qilib, bugungi gʻoyat murakkab davrda yoshlarning soni dunyo miqyosida ikki milliarddan ortib ketgani, yoshlarni xalqaro terrorizm va ekstremizm kabi illatlardan muhofaza qilish zarurligini keltirib oʻtgan edi.

    Mazkur tashabbusning dolzarbligini bugungi kunda butun dunyoda davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi yana bir bor tasdiqladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Boisi, shunday sinovli davrda yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvida ishtirokini kengaytirish, yoshlar bandligini taʼminlash va ishsizlikdan himoya qilish, axborot erkinligi, va umuman olganda yoshlarning ijtimoiy, siyosiy, madaniy huquqlarini kafolatlash butun dunyoda dolzarb ahamiyatga ega boʻlib bormoqda.

    Xalqaro hamjamiyat tomonidan ham ushbu tashabbusning dolzarbligi tan olindi. Qator nufuzli xalqaro tashkilotlar va ilgʻor ekspertlar mazkur xalqaro hujjatni ishlab chiqishda hamkorlik qilish tashabbusi bilan chiqishdi.

    2020-yilning 12-13-avgust kunlari yoshlar huquqlarini targʻib qilishning dolzarb masalalari hamda ushbu muhim xalqaro huquqiy hujjat loyihasi “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida oʻtkazilayotgan inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumida 80 dan ortiq xalqaro va hududiy tashkilotlar hamda 20 dan ortiq milliy institutlar vakillari ishtirokida muhokama qilindi.

    Konvensiyaning qabul qilinishi orqali qanday natijalarga erishishga olib keladi degan haqli savol tugʻiladi.

    Avvalo, butun dunyoda yoshlarning yosh toifasini 18 yoshdan 30 yoshgacha etib belgilash, yoshlarga oid siyosat sohasida davlatlarning xalqaro majburiyatlari oʻrnatiladi. Bu bilan yoshlarning yosh xususiyatlari boʻyicha yagona xalqaro standart belgilanadi.

    Belgilangan aniq maqsadlar va oʻlchov koʻrsatkichlari boʻyicha yoshlarning rivojlanish istiqbollarini namoyon etuvchi zamonaviy xalqaro model yaratish orqali xalqaro hamjamiyatda yoshlarga oid davlat siyosatini yuritish boʻyicha aniq mexanizm oʻrnatiladi.

    Shu bilan birga, mazkur hujjatning qabul qilinishi bevosita “Yoshlar – 2030” BMT Yoshlar strategiyasini hayotga tatbiq etishga hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni taʼminlashda muhim oʻrin egallaydi.

    Bundan tashqari konvensiya butun dunyo yoshlariga ular jamiyat hayotida toʻliq, samarali va konstruktiv ishtirok etishlari uchun haqiqiy imkoniyatlar taqdim etadi.

    Shuningdek, mazkur hujjatning qabul qilinishi bevosita “Yoshlar – 2030” BMT Yoshlar strategiyasini hayotga tatbiq etishga hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni taʼminlashda muhim oʻrin egallaydi.

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyaning qabul qilinishi bilan kelgusida butun dunyo yoshlari hayotida yangi sahifa ochishi bilan bir qatorda, Oʻzbekiston yoshlarining dunyo yoshlari bilan integratsiyasi keng yoʻl ochadi.

    Ixtiyor BEKOV,

    TDYUU Konstitutsiyaviy huquq

    kafedrasi dotsenti, yu.f.n.

    Bekzod Narimanov,

    TDYUU Xalqaro huquq va qiyosiy

    huquqshunoslik fakulteti dekani oʻrinbosari