Ushbu tadbir uchun maxsus ravishda Rossiyaning uch telekanali “Mir”, “Mir 24” va “Mir premium” “Hamkorlik boʻyicha navbatchi” hujjatli filmini namoyish etadi.

26 daqiqalik mazkur filmda Oʻzbekiston va MDH davlatlarining nafaqat 2020-yildagi, balki mamlakatimizning Hamdoʻstlik davlatlari bilan uzoq yillik munosabatlari davomidagi hamkorligi haqida hikoya qilinadi.

Filmning ssenariy muallifi va rejissyori hujjatli filmni yaratish jarayoni haqida Irina Kuzminskaya shunday deydi:

“Oramizdagi masofa 3 ming kilometr, lekin biz buni uddaladik. Film ustida sirtdan ishlash – men uchun birinchi tajriba. Ammo masofadan ishlash sharoitlarida ham, fikrimcha, juda munosib material tayyorlay oldik. Oʻzbekiston Respublikasi 2020-yilda MDHga raislik qilayotgani «Hamkorlik boʻyicha navbatchi” filmini suratga olish uchun bosh sabab boʻldi. Koʻplab dastlabki ishlar amalga oshirildi, film gʻoyasi oʻylandi, suratga olish jarayonlari rejalari tuzildi, prodyuserlar bilan ularning sanalari kelishildi.

Aprel boshida “Mir” davlatlararo teleradiokompaniyasi suratga olish guruhi Oʻzbekistonga uchib borishi, “Oʻzbekkino” Milliy agentligidagi hamkasblari bilan suratga olish ishlariga kirishishlari kerak edi, biroq koronavirus pandemiyasi bizning rejalarimizni yoʻqqa chiqardi, chegaralar yopildi, Hamdoʻstlik davlatlarida karantin joriy etildi. Lekin, shunga qaramay, “Oʻzbekkino” MA va “Mir” teleradiokompaniyasi hamkorlikdagi loyihadan voz kechmadilar. Suratga olish jarayonlarining asosiy yuki agentlik zimmasiga tushdi, tashkillashtirish va muvofiqlashtirish jarayonlari bilan ham Moskvadan, ham Toshkentdan bir vaqtda shugʻullandilar.

Biz zamonaviy Oʻzbekistonni, uning jadal surʼatlar bilan rivojlanishi, oʻz ishiga fidokor insonlari, oʻziga xos madaniyati, betakror tabiatini qiziqarli va keng koʻlamda namoyish etishni istagandik. Afsuski, barcha oʻylaganlarimiz ham amalga oshmadi. Aniq bilamanki, fan va tibbiyot COVID-19 ni yengadi, chegaralar ochiladi va biz albatta birgalikda ishlay olamiz. Va baxt haqida katta hujjatli film suratga olamiz... Nima uchun baxt haqida deysizmi? Hozircha bu haqda gapirmay qoʻya qolay, biroq “Hamkorlik boʻyicha navbatchi” filmida bu mavzuga ozgina ishora qilib ketamiz».

Irina Kuzminskaya chin dildan ushbu loyihani amalga oshirishga aloqador boʻlgan insonlarga oʻz minnatdorligini bildirdi.

“Mazkur filmni tayyorlash borasida «Oʻzbekkino” bosh direktor Firdavs Abduxoliqov va MDH Ijroiy qoʻmitasi Raisi Sergey Lebedev oʻrtasida 2019-yilning dekabrida kelishuvga erishilgan edi. Biz “Mir” telekompaniyasiga ushbu loyihani amalga oshirishda baholi qudrat yordam koʻrsatgani uchun katta minnatdorlik bildiramiz.

Film koronavirus pandemiyasi tufayli yangi formatlar va yondashuvlarga tayangan holda, noodatiy ish tartibi va sharoitlarida yaratildi. Rossiyalik ijodkorlar, mamlakatdan chiqmagan holda, “Oʻzbekkino” MA operatorlari, rejissyorlari va hujjatli film mutaxassislari yordamida film ustida ishladilar», – deya qayd etib oʻtdi “Hujjatli va xronikal filmlar” DUK direktori Bahodir Odilov.

Ayni vaqtda filmni oʻzbek tiliga dublyaj qilish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayon yakuniga yetgach, film barcha milliy telekanallarda namoyish etiladi.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati