Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi “Uzcosmos” Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ekologiya, atrof – muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatimizdagi barcha yerdan foydalanuvchilarni maxsus murojaat orqali ogohlantirdi.
Har yili Respublika hududidagi boshoqli don ekinlaridan boʻshagan yer maydonlarida, somon poyalari va ularning qoldiqlarini noqonuniy yoqib yuborish bilan bogʻliq minglab salbiy holatlar aniqlanmoqda. Bu esa minglab gektar serhosil maydonlarning unumdorligi pasayib, tuproq strukturasining buzilishi, yerlardagi foydali makro va mikroelementlarning yoʻq boʻlib ketishi, ekin hududlarining ball boniteti keskin tushishi kabi ayanchli oqibatlarga olib kelmoqda.
Tasavvur qilib koʻring, 1 gektar yer maydonida boshoqli don poyasi yoqilganida, 500 gramm azot oksidi, 379 gramm ulgevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidi gazi atmosferaga tarqaladi. Bu toza havoning ifloslanishi bilan birga inson organizmida sil va saraton kasalliklarini keltirib chiqarishi bilan xavflidir, — deyiladi xabarda.
“Oʻzbekkosmos“ agentligi, barchadan shu kabi noqonuniy holatlarga yoʻl qoʻymaslikni soʻraydi.
Mazkur huquqbuzarlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha jarimalar qoʻllanilishi hamda yongʻin sodir boʻlgan gʻalla ekin maydonlarning har bir gektariga yetkazilgan zarar boʻyicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy choralar koʻrilishi, bunda zarar miqdori katta boʻlsa hattoki jinoiy javogarlikkacha olib borishi mumkin.
Qolaversa, bu kabi holatlar Yer kodeksining 40 va 79-moddasi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasida koʻrsatib oʻtilganidek, fermer xoʻjaligiga ajratilgan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishda ekologik talablar va atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish majburiyatlari bajarilmaganini ifodalaydi.
Shu oʻrinda qoʻshtirnoq ichidagi uddaburon fermer va tadbirkorlarga eslatib oʻtmoqchimiz. Respublika miqyosida somon poyalari va ularning qoldiqlarini noqonuniy yoqish bilan bogʻliq holatlar bevosita Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi “Oʻzbekkosmos” tomonidan sunʼiy yoʻldosh suratlari orqali kunlik monitoring qilib boriladi. Maʼlumotlar esa huquq tartibot organlariga oʻz vaqtida taqdim etiladi, — deya “Oʻzbekkosmos” agentligi ogohlantirdi.