Oʻzbekning barhayot avlodlarimiz

    Har gal Adiblar xiyoboniga borib, Oʻzbekiston xalq shoiri Gʻafur Gʻulom haykali poyida jamlanganimizda ustoz adibimizning hayot va ijod yoʻllariga qayta va qayta nazar solganimiz sari ilgari oʻzimiz anglamagan haqiqatlarni anglay boshlaymiz. Bu safar ham akademik shoirimizning hayoti va ijodiga qayta nazar solib chiqishga qaror qildik.

    Oʻzbekiston Xalq shoiri, akademik adib Gʻafur Gʻulomning bolaligi dunyoda roʻy berayotgan ulkan oʻzgarishlar, yangilanishlar davrida kechadi. Xalq qoʻzgʻolonlari boshlanishi, shuningdek, jadidlar harakati, yangi maktablar faoliyati odamlar ongida yangicha dunyoqarash shakllanayotganini koʻrsatardi. Bu voqealar zukko bolakayning ongiga taʼsir qilmasdan qolmadi. U yangi davrga yangicha orzular, maqsadlar bilan qadam qoʻyadi. Ammo uning ezgu orzulari ushalishini mustamalakachilik koʻtarmadi...

    Gʻafur Gʻulom talotoʻp davrda, sarosima zamonda 9 yoshida otasidan, 12 yoshida onasidan ayrilgach yetimlikning iztirobli holatlarini koʻrdi. Ochlikning shafqatsiz xurujini qalban sezdi. Uning “Sen yetim emassan” sheʼrining hayotga hamohang ekanligi ham shundan.

    Boʻlajak akademik shoir oilasini boqish uchun oʻsmirlik chogʻidayoq bosmaxonada harf teruvchi boʻlib ishlaydi. Ishdan uzilmagan holda 8 oylik oʻqituvchilar tayyorlash kursida oʻqiydi. Oʻqishni tugatib, u avval Toshkent shahridagi Bodak mahallasida joylashgan “Choʻlpon” nomidagi maktabga oʻqituvchi etib tayinlanadi.

    1924-yili “Hayot” maktabida, soʻngra “Umid” musiqa bilim yurtida ishlaydi. Yurt ertasi, erki, muxtoriyati parchalanayotgan bir davrda, yaʼni 1926-yili 3-boqimsiz (oʻsha davrda shunday nomlangan) bolalar uyiga mudirlikka tayinlanadi. Shuningdek, u 7 yillik “Urfon” maktabida mudirlik vazifasini ham bajaradi

    Albatta, mehnat va mashaqqat orti kechgan turmush jarayonlari ulkan adibning ijodida ham oʻz aksini topdi. Ayniqsa, “Shum bola”, “Yodgor”, “Oʻgʻrigina bolam” nasriy asarlari hayotiyligi bilan odamlar orasida shuhrat qozondi. Adib hikoya va qissalarida voqealarni sodda, samimiy, eng muhimi, xalqona tilda yorita olganligi bilan qadr topdi.

    U tarjimayi holida shunday yozadi: “1928-yil 15-sentyabrdan boshlab, “Kambagʻal dehqon” gazetasida sekretar boʻlib xizmatga kirdim...Biror kun yoʻq ediki, “Qizil Oʻzbekiston”da, “Kambagʻal dehqon”da, “Mushtum”da yo boshqa jurnal, gazetada biror maqola, feletonim, ocherkim yo sheʼrim bosilmasa... Ijodim yana-yana yangi ilhom bilan avj olib borar edi”.

    Shu tariqa, adabiyot qismati ekanligini anglagan Gʻafur Gʻulom tarjimon sifatida ham oʻz isteʼdodini namoyish qila oldi. U Jomiy, Bedil, Rudakiy, Lutfiy, Shayx Saʼdiy, Shekspir, Lope de Vega, Gogol, Mayakovskiy, Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Demyan Bedniy, Taras Shevchenko, Kirilov, Nozim Hikmat asarlarini oʻzbek tiliga mohirlik bilan oʻgirdi.

    1930-yillarda Oʻzbek adiblarining ijodida adabiyotga yangicha qarash usullari kuchayadi. Sobiq ittifoq iskanjasida qolgan koʻpgina millat ziyoliylari zamonaviylashuv yoʻlini tanlashadi. Shu oʻrinda, mahalliy aholi hayotiga rus tilining, adabiyotining bostirib kirib kelishi ijodkorlar tajribasida alohida oʻrin tutdi.

    Mamlakatda yangi, rus tuzem maktablari faoliyat koʻrsata boshladi. Shuningdek, zavod, fabrikalar ishga tushirildi, temir yoʻl magistrallari qurilishi boshlandi. Shu bilan birga, jadid milliy adabiyoti ham tez suratlarda rivojlandi. Bunday oʻzgarishlar har qanday ijodkorni shoshtirib qoʻyishi tabiiy.

    Shunga qaramay, Gʻafur Gʻulom sermahsul ijod qildi. Uning 1931-yilda “Dinamo”, 1932-yilda esa “Tirik qoʻshiqlar” nomli birinchi sheʼriy toʻplamlari chop etildi.

    Aytish mumkinki, adibning “Xalq otlandi”, “Men yahudiyman”, “Sen yetim emassan”, “Kuzatish”, “Sogʻinish”, “Qish”, “Xotin”, “Bizning koʻchada ham bayram boʻlajak”, “Gʻoliblar”, “Vaqt”, “Qish va qor”, “Non”, “Toshkent”, “Qutbda saylovlar”, “Qish”, “Bogʻ”, “Qaygʻu”, “Kuz keldi”, “Kuzgi koʻchatlar” kabi sheʼrlarida urib turgan yurakning pinhon hayqiriqlari koʻzga tashlanadi. Masalan, Gʻafur Gʻulom “Sogʻinish” sheʼrida shunday yozadi:

    Zoʻr karvon yoʻlida yetim boʻtadek,

    Intizor koʻzlarda halqa-halqa yosh.

    Eng kichik zarradan Yupitergacha

    Oʻzing murabbiysan, xabar ber, Quyosh!

    Uzilgan bir kiprik abad yoʻqolmas,

    Shunchalar mustahkam xonai xurshid.

    Bugun sabza boʻldi qishdagi nafas,

    Hozir qonda kezar ertagi umid...

    Ayniqsa, adib “Netay”, “Yodgor”, “Shum bola” qissalari va “Shariat nayranglari”, “Mening oʻgʻrigina bolam” hikoyalarida xalq kechmishi, milliy manfaatlar har narsadan ustun ekanligini tasvirladi.

    Uning yuksak ruhda yozilgan yetuk asarlari albatta eʼtiborsiz qolmaydi. 1943-yilda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi tashkil etilganda Gʻafur Gʻulom birinchilardan boʻlib, akademik etib saylanadi.

    Shundan soʻng, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Gʻafur Gʻulom “Navoiy va bizning davr”, “Folklordan oʻrganaylik” tadqiqotlarini, “Jaloliddin dramasi haqida”, “Muqimiy” maqolalarini matbuotda chop ettirgan.

    Gʻafur Gʻulom asarlarida bolalarga bagʻishlagan boblar alohida ahamiyat kasb etadi. “Shum bola” hikoyasida qahramon oʻzining fojiali hayoti haqida oʻzi soʻzlaydi. Maʼlumki, Qoravoy uyidan narsa olib chiqib ketayotganida uni tutib olgan onasi jazolaganligi sabab uyidan qochadi.

    Ammo, bolaning omadi kelmaydi. U qoʻnim topgan togʻasining uyida togʻasi uchun bolasidan ham aziz boʻlib qolgan bedanasini oʻldirib qoʻyadi. Va u yerdan ham haydaladi. Shunday qilib, uning darbadarlik hayoti boshlanadi.

    Yozuvchi bu asarida oʻz eʼtiborini shum bolaning hodisalar, atrofni oʻrab turgan borliqqa nisbatan bola tuygʻularini ochib berishga harakat qiladi. Shum bolaning shumligi aslida adolatni qaror toptirishga qaratiladi. Toʻgʻrilik, insoniylik gʻoyalari tarannum etiladi.

    Gʻafur Gʻulomning “Ikki bolalik”, “Bilaman”, “Seni Vatan kutmoqda” singari sheʼrlari yuksak pafos bilan yozilgan. Ayniqsa, shoirning “Sen yetim emassan” sheʼrida “Sen yetim emassan, tinchlan jigarim”, deb xalqimizning azaliy odati — yetimning boshini silash insoniy mehr falsafasi ekanligi mohirona bayon etladi.

    Ikkinchi jahon urushi yillarida bu misralar minglab qalblarning gimniga aylangani bejiz emas. Gʻafur Gʻulom ushbu sheʼri orqali oʻzbek xalqining naqadar bagʻrikeng, mehribon va mehmondoʻst ekanligini betakror misralarda ifodalaydi.

    “Sharqdan kelmoqdaman” toʻplamidan joy olgan “Bahaybat”, “Gʻalabachilar qoʻshigʻi”, “Vaqt”, “Xotin” sheʼrlari fuqarolik sheʼriyatining namunalari hisoblanadi. Urushning qonli kechmishlari, tinchlikning topilmas neʼmat ekanligi adib ijodida adohida oʻrin tutadi.

    Gʻafur Gʻulom oʻzbek adabiyotida tinchlik, doʻstlik va xalqlar baxtining joʻshqin kuychisi, yaʼni oʻzi taʼkidlaganidek, “Oʻzbekning barhayot avlodlari”dan biri boʻlib qolishiga shubha yoʻq.

    Manzura SHAMSITDINOVA,

    Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti