O'zbekiston Respublikasidan xorijiy davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan pomidor va qalampir mahsulotlarida “Pomidor jigarrang bujmayish virusi” kasalligi uchrashining oldini olish bo'yicha O'simliklar karantini davlat inspeksiyasi doimiy ravishda fitosanitar chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, laboratoriya tekshiruvidan o'tkazish orqali respublikadagi barcha pomidor va qalampir mahsulotlari etishtirilayotgan issiqxonalar ro'yxati shakllantirilib, fitosanitariya talablari asosida importyor davlatlarga taqdim etib kelinmoqda.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning 26 noyabrida “Pomidor bujmayish virusi” sababli Respublikaning ayrim hududlariga Rossiya Federatsiyasi tomonidan vaqtinchalik taqiq joriy etilgan bo'lsa-da, “O'zdavkarantin” inspeksiyasi hamda “Rosselxoznadzor” xizmati o'rtasida olib borilgan qator muzokaralar natijasida 2020 yilning 18 dekabridan eksport jarayonlari davom etmoqda.

Ta'kidlash o'rinliki, O'zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlarning importyor davlatlar tomonidan qo'yiladigan fitosanitariya talablari asosida eksportga yuklanishi va bu boradagi hamkorlik davomiy bo'lishida nafaqat O'simliklar karantini davlat inspeksiyasi, balki tadbirkor hamda eksportyorlar ham birdek mas'uldirlar.

Shu boisdan, mazkur virusning hududda tarqalmasligi va eksportbop qishloq xo'jaligi mahsulotlariga jiddiy zarar etkazishining oldini olish va uni bartaraf etish maqsadida “O'zdavkarantin” inspektsiyasi barcha tadbirkorlarni ogohlik va hamkorlikka chaqiradi.

Rossiya va Qozog'iston kabi davlatlar talablariga asosan, endilikda, pomidor va qalampir mahsulotlarining har bir qadog'i ustida eksportyor korxona va mahsulot etishtirilgan issiqxonaning nomi, manzili, mahsulot nomi ko'rsatilishi lozim, deb hisoblanadi. Chunki, “O'zdavkarantin” inspeksiyasi inspektorlari tomonidan rasmiylashtirilayotgan fitosanitariya sertifikatida mahsulot yetishtirilgan fermer xo'jaligi, korxonaning nomi, dala yoki issiqxonaning manzili ko'rsatiladi. Bu esa respublikadan eksportga chiqarilayotgan mahsulotlarning fitosanitar holati haqida importyor davlatlarga ma'lumot yetkazish va mahsulotlar ortga qaytarilishi yoxud e'tiroznoma ya'ni notifikatsiya yuborilishining oldini olish hamda “Pomidor jigarrang bujmayish virusi”ning Respublika hududida tarqalish holatlarini bartaraf etadi. Shuningdek, bu kabi talablarga qat'iy amal qilinishi dunyo bozorida O'zbekiston meva-sabzavotlari mavqeini barqaror saqlash, importyor davlatlarning o'zbek mahsulotlari sifatiga ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirkorlar virusdan xoli mahsulotlarni yetishtirish va eksportga yuklash maqsadida quyidagilarni tashkil etishlari lozim:

  • barcha issiqxonalarning o'zida namunalarni hududiy O'simliklar karantini davlat inspektorlari yordamida o'rnatilgan tartibda markaziy karantin laboratoriyasi orqali oldindan PZR (polimeraz zanjir reaktsiyasi) tekshiruvidan o'tkazish;
  • eksportyorlar mahsulotlarni eksportga yuklashdan oldin uning virusdan xoli ekanligini aniqlash maqsadida pomidor etishtirilgan hududlarning fitosanitar tozaligi to'g'risida PZR tekshiruvi xulosalari olinganligini issiqxona xodimidan so'rashi;
  • pomidor va qalampir yetishtiruvchilar ko'chatlarni ekishdan oldin, ko'chat ekuvchilar esa urug'larni ekishdan oldin PZR analizidan o'tkazishlari;
  • urug' va ekish materiallarini import qilmoqchi bo'lgan tadbirkorlar yil oxirigacha import qilinishi rejalashtirilgan hududlarning manzilini ko'rsatgan holda elektron murojaat etishlari maqsadga muvofiq;
  • shuningdek, virusdan xoli ekanligini tasdiqlovchi PZR xulosasiga ega bo'lgan issiqxona va dala maydonlarida yetishtirilgan mahsulotlar eksportga yuklanishidan bir kun oldin tadbirkor hududiy O'simliklar karantini davlat inspeksiyasiga elektron tarzda murojaat qilishi lozim. Bunda, inspektor mahsulot eksportga tayyorlanishi jarayonida ishtirok etadi hamda fitosanitariya sertifikatini joyida rasmiylashtirib beradi.

Eslatib o'tamiz, mahsulot etishtirilgan dala va issiqxonaning virusdan xoli ekanligini tasdiqlovchi tahlildan so'ng ro'yhatga ko'shilib, keyingi eksport jarayonlarida qayta tekshiruvlardan o'tkazilmaydi.

“O'zdavkarantin” inspektsiyasi

axborot xizmati