“Oʻzkimyosanoat” AJ asosiy binosiga 200 kVt quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyasi oʻrnatildi

    Energetika 18 Iyun 2022 1903

    “Oʻzkimyosanoat” AJ ning binosiga 200 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi oʻrnatildi va ishga tushirildi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra stansiya yiliga 296 400 kVt.s “Yashil” elektr energiyasini ishlab chiqaradi.

    Fotoelektr stansiya shahar elektr tarmoqlari tizimiga ulangan boʻlib, “Oʻzkimyosanoat” AJning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qoplaydi va ortgan elektr energiyasini toʻgʻridan-toʻgʻri shahar elektr tarmoqlari tizimiga yetkazib beradi.

    “Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmatining xabar bernishicha, dam olish va bayram kunlari ishlab chiqariladigan elektr energiyasi shahar elektr tarmoqlari tizimiga realizatsiya qilinadi.

    Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-son qaroriga muvofiq, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasiga berilgan imtiyoz va preferensiyalar natijasida, qayta tiklanuvchi energiya manbalari (nominal quvvati 0,1MVt va undan yuqori) qurilmalarni oʻrnatganligi uchun, qurilmalar foydalanishga topshirilgan kundan boshlab 10 yil muddatga mol-mulk soligʻidan ozod etilishi belgilangan. Bu esa, “Oʻzkimyosanoat” AJning xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.

    Taʼkidlab oʻtish lozim, hozirgacha bu kabi quyosh fotoelektr stansiyalari faoliyati Rossiya kimyo-texnologiyalari universitetining Toshkent shahridagi filiali, “Maxam-Chirchiq” va “Navoiazot” aksiyadorlik jamiyatlarida ham yoʻlga qoʻyilgan. Kimyo sanoatida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan “Yashil energetika” dan samarali foydalanishni joriy etish “Oʻzkimyosanoat” AJning asosiy rejalaridan sanaladi.