Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ va “Shahar atrofida yoʻlovchi tashish” MCHJ faoliyati “Raqobat toʻgʻrisida”gi hamda “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun hujjatlariga asosan oʻrganib chiqildi.
Oʻrganishlarda “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ Fargʻona filiali (boʻlinmasi) tomonidan temir yoʻl vokzali (stansiyalari) boʻylab 2023-yil davomida 606 380 ta sotilgan chiptalardan vositachilik yigʻim qiymati boʻyicha 660 mln soʻmga yaqin, “Shahar atrofida yoʻlovchi tashish” MCHJ Fargʻona filiali tomonidan temir yoʻl vokzali (stansiyalari) boʻylab 2024-yilning 1-yanvaridan 24-iyul kunigacha 185 806 ta sotilgan chiptalardan vositachilik yigʻim qiymati boʻyicha 560 mln soʻmga yaqin, umumiy hisobda jami 792 186 nafar isteʼmolchilardan 1.3 mlrd soʻmga yaqin ortiqcha haq undirilganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan, oʻrganish natijasida Qoʻmita maxsus komissiyasi tomonidan “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJga va “Shahar atrofida yoʻlovchi tashish” MCHJga shaharlararo va shahar atrofida yoʻlovchi tashish boʻyicha Fargʻona filiali tomonidan ortiqcha undirilgan toʻlovlarni isteʼmolchilarga qaytarishi yuzasidan koʻrsatma berilib, moliyaviy jarima qoʻllanildi. Shuningdek, qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi.
Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi boʻlgan tomon Qoʻmitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega, — deyiladi xabarda.