Rossiya taʼlim akademiyasining yangi tadqiqotida taʼkidlanishicha, pandemiya boshlanishidan oldin ham maktabgacha yoshdagi bola gadjetlar uchun haftasiga oʻrtacha 24 soat vaqt sarflagan. Biroq, pandemiya bu koʻrsatkichni oshirdi va bolalar vaqtini koʻproq oʻyin oʻynashga, multfilmlarni tomosha qilishga va internetda suhbatlashishga sarfladi.
Tadqiqotda taʼkidlanishicha, oʻgʻil bolalar video tomosha qilish va oʻyin oʻynashga bir yarim barobar koʻproq vaqt sarflashadi. Aniqlanishicha, bolalarning atigi 12 foizi ota-onalari bilan birgalikda, 62 foizi mustaqil ravishda oʻzi, yana 20 foiz bola esa aka-ukasining yordamida gadjetlardan foydalanadi.
Rossiyalik izlanuvchilar karantin davrida bolalarning qanday rivojlanishini kuzatdi. Pandemiya boshlanishidan oldin va bir yil oʻtgach, 600 dan ortiq bolalar olimlar tomonidan tadqiqotga jalb etildi. Tadqiqotchilar bolalarda xotira va diqqatning rivojlanishi, diqqatni jamlash, oʻzini tutish va his-tuygʻularini boshqarish qobiliyatini kuzatdi. Har bir bolaning rivojlanishini hisoblab chiqqan olimlar pandemiyadan bir yil oʻtgach oʻsish dinamikaning sezilarli darajada yomonlashganini aniqladi. Maʼlum boʻlishicha, maktabgacha yoshdagi bolalarning hissiy va aqliy rivojlanishi pasayib ketgan.
“Bizning tadqiqotlarimiz anchadan beri davom etmoqda. Biz uni pandemiya paytida ham oʻtkazdik. Va pandemiyaga qadar oʻsgan bolalar bilan hozirgi bolalarni taqqoslaganda, maktabgacha yoshdagi, yaʼni besh yoshdan yetti yoshgacha boʻlgan bolalarda oʻzini-oʻzi boshqarish, baʼzi impulslarini jilovlay olish qobiliyati past darajada ekani maʼlum boʻldi. Va umuman olganda, bu rivojlanish surʼati pasayganligidan dalolat beradi”, — dedi Rossiya taʼlim akademiyasi Psixologiya instituti akademigi Aleksandr Veraks.