Nashrda taʼkidlanganidek, ijtimoiy yakkalanish, noaniq kelajak, moliyaviy tashvish, shuningdek, oʻzining va yaqinlarining sogʻligʻidan xavotir hissi butun dunyo boʻylab odamlarning ruhiy salomatligiga zarar yetkazmoqda.
Uzoq muddatli ruhiy taʼsirlanish oqibatlari hali aniq emas, ammo dastlabki tadqiqotlar allaqachon depressiya, xavotir va stress kasalliklari, oʻziga qaram boʻlgan xatti-harakatlar xavfi ortib borayotganini koʻrsatmoqda.
COVID-19 nafaqat ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlar tufayli ruhiy salomatlikka taʼsir qilishi, balki kasallik paytida virus miyaga zarar yetkazishi va asab-psixiatrik alomatlarini qoʻzgʻatishi ham mumkin. The Lancet ilmiy jurnalida chop etilgan tadqiqotga koʻra, bunday alomatlarga qoʻrquv, depressiv kasalliklar, unutuvchanlik, chalkashlik va uyqusizlik kiradi.
Pandemiya ruhiy taʼsiriga oid tadqiqotlar soni tez surʼatlarda oʻsib bormoqda.
“Bugungi kunga qadar ushbu mavzu boʻyicha mingdan ortiq nashrlar mavjud”, deb taʼkidlaydi Mangeymdagi Markaziy ruhiy salomatlik instituti direktori Andreas Meyer-Lindenberg.
Yaqinda Oksford Universitetining shu haqdagi tadqiqoti nashr etildi, unga koʻra kasalxonadan chiqarilgan bemorlarning katta qismida hali ham xavotir va depressiya kabi alomatlar kuzatilmoqda.
“Ruhiy taʼsirlanish oqibatlarining namoyon boʻlish xavfi kasalxonalarda boʻlgan bemorlarda ayniqsa yuqori. Agar siz kasallik yuqtirgan boʻlsangiz, potensial hayot uchun xavfli vaziyatdasiz. Siz reanimatsiya boʻlimiga yotqizilgansiz, sizni alohida davolash, oʻpkangizni sunʼiy shamollatish kerak — bu ruhiyatga taʼsir qiladi”, — deydi Meyer-Lindenberg.
Boston universiteti sogʻliqni saqlash maktabi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, aprel oyining oʻrtalarida amerikalik kattalarning 27,8 foizi depressiya alomatlarini boshdan kechirgan, bu koʻrsatkich pandemiyagacha 8,5 foizni tashkil qilgandi.
Xuddi shunday oʻsish 11-sentyabr voqealari, Ebola epidemiyasi va Gonkongdagi ommaviy noroziliklardan soʻng tegishli aholi orasida qayd etilgandi.
Finlyandiya tadqiqotlari shuni koʻrsatdiki, inqiroz boshlanganidan beri 4000 nafar respondentning 25 foizi koʻproq qoʻrqinchli tush koʻrishni boshladi, deydi mualliflar.
Andreas Meyer-Lindenbergning aytishicha, MERS yoki choʻchqa grippi kabi yuqumli kasalliklar paytida karantin va izolyatsiya holatlari boʻyicha olib borilgan avvalgi tadqiqotlar shikastlanishdan keyingi stress, depressiya va boshqa kasalliklarning koʻpayishiga sabab boʻlgan.
“Ammo, hozir ham biz pandemiya paytida odamlarning ruhiy barqarorligi, shuningdek, karantin va cheklovlarni kuchaytiradigan omillarni nomlashimiz mumkin. Shunday qilib, axborotni boshqarish muhim rol oʻynaydi. Biz sizga rasmiy, ishonchli maʼlumot manbasini topib, kunning cheklangan qismida ushbu manbani kuzatishni tavsiya etamiz”, deydi Andreas Meyer-Lindenberg.
Doʻstlaringiz va oilangiz bilan bogʻlanish orqali yakkalanishni yengib oʻtish ham muhimdir. Sizga yaxshi uxlash va kunning aniq rejasi, shuningdek, faollik kerak boʻladi, deb maslahat beradi olimlar.