Loyihaning ahamiyatli jihati shundaki, u har bir ishtirokchida kelajakka umid koʼzi bilan qarashni, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish uchun yetarli sharoit borligini namoyon etdi.

Ilk bosqichda  nanizm kasalligiga chalingan paralimpiya sportiga qiziqishi boʼlgan 150 nafarga yaqin yurtdoshimiz Toshkent shahrida maxsus tibbiy tekshiruvdan oʼtkazildi.

Soʼngra ishtirokchilar guruhlarga boʼlingan holda para pauerlifting, para yengil atletika va para suzish sport turlarida oʼzlarini sinab koʼrishdi.

Murabbiylar aynan mana shu koʼrik davomida har bir ishtirokchining imkoniyati qaysi paralimpiya sport turiga mos tushishi boʼyicha xulosaga kelib, ularni ushbu sport turi boʼyicha muntazam mashgʼulotlarga jalb etadi.

Quvonarlisi, ishtirokchilardan ayrimlari hatto Osiyoda rekord koʼrsatkichni qayd etgan sportchilar bilan tenglasha olishi mumkinligini oʼzlari ham bilmagan.

Yurtdoshlarimiz oʼz hayotida  yangi sahifa ochilayotganini ushbu tadbir orqali  his etdi.

3 kun davom etgan tadbir so‘nggida barcha ishtirokchilar O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasida jam bo‘ldi. Bu yerda Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida aynan mana shu klassda yadro uloqtirish bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan Boburjon Omonov qatnashdi va o‘zi kabi sportga ilk qadamlarini qo‘yayotgan insonlarga o‘ziga hos motivatsiya berdi.

Shundan so‘ng barcha qatnashchilar madaniy hordiq olishlari uchun qo‘mita tomonidan poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohat tashkil etildi. Bularning barchasi ishtirokchilarga olam-olam quvonch va unutilmas xotiralarni taqdim etdi.

O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi bu kabi saralash tadbirlarini kelgusida ham davom ettirishni rejalashtirgan.