Parijda Fransiya-O‘zbekiston universitetlari II forumi bo‘lib o‘tmoqda

    28 noyabr kuni boshlangan ushbu anjumanda Oliy va o‘rta maxsus taʼlimi vaziri A. Toshqulov boshchiligidagi 20 dan ortiq oliy taʼlim muassasaci rahbarlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi hamda Fransiya tomondan 150 nafardan ziyod rektorlar, ilmiy va ishlab chiqarish doiralari vakillari ishtirok etmoqda.

    Ushbu forum har yilgi anʼanaviy «Campus France–2022 uchrashuvlari» doirasida o‘tmoqda.

    Anjumanni «Campus France» tashkiloti rahbari Donaten Issard xonim kirish so‘zi bilan ochar ekan, taʼlim sohasida yaqindan hamkorlik o‘rnatish maqsadida kelgan O‘zbekiston delegatsiyasiga alohida minnatdorlik bildirdi. So‘zga chiqqanlar ikki davlat hamkorligi, jumladan, oliy taʼlim sohasidagi aloqalar haqida to‘xtalishdi.

    Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov uchrashuv har ikki tomon uchun g‘oyat muhim va ahamiyatli ekani, o‘z navbatida, ikki davlat o‘rtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik yildan-yilga kengayib, mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidladi.

    «Ushbu forum universitetlararo yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni bog‘lash, kadrlar tayyorlash, taʼlim va ilm-fan sohalarida olib borilayotgan jarayonlar yuzasidan fikr va tajriba almashishga xizmat qiladi», dedi Abduqodir Toshqulov.

    Anjuman doirasida «Barqaror rivojlanish jozibadorlik vektori sifatida» deb nomlangan konferensiya, «Markaziy Osiyoda yangi mintaqaviy mobillik markazi sari: O‘zbekistonning xalqaro ochiqlik siyosati va uning Fransiya bilan hamkorlik imkoniyatlari» mavzusidagi seminar ham bo‘lib o‘tdi. Ularda tomonlardan oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda bir qator soha mutaxassislarining maʼruzalari tinglandi.

    O‘zbekiston oliy taʼlim tizimining jahon taʼlim makoniga integratsiyalashuvi, Fransiya universitetlari bilan hamkorlik strategiyasi, ikki mamlakat loyihalari yaratilishi va ularning muvaffaqiyatlari mavzularidagi maʼruzalarda o‘zaro aloqalarning muhim jihatlari haqida so‘z bordi.

    Shuningdek, tomonlar taʼlim maskanlari rahbarlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish va uni yangi bosqichga olib chiqish, tajriba almashish va istiqbolli rejalarni muhokama qildilar.

    Forumning birinchi ish kuni yakunida Fransiya universitetlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikki tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirish, xususan, bir qator yo‘nalishlarda qo‘shma taʼlim va ikki tomonlama diplom beruvchi dasturlarni yo‘lga qo‘yish, fransuz mutaxassislarini O‘zbekistondagi oliy taʼlim muassasalarida qisqa va uzoq muddatli maʼruza o‘qishi, seminarlar tashkil etish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashuvi, malaka oshirish, ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish borasida 10 ga yaqin anglashuv memorandumi, bitimlar hamda yo‘l xaritalari imzolandi.

    Imzolangan hujjatlar asosan yurtimizdagi qator taʼlim maskanlarida «Xalqaro mehmonxona menejmenti» magistratura dasturini yo‘lga qo‘yish, pedagogik kadrlar malakasini oshirish, tibbiyot sohasida simulyatsion taʼlimni joriy etishga xizmat qiladi.

    Xalqaro anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov «Campus France» agentligi xalqaro tashkilotining bosh direktori Donatiyen Issard xonim bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Muloqotda oliy taʼlim sohasidagi o‘zaro aloqalar jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Uchrashuv davomida, shuningdek, O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida qisqa va uzoq muddatli maʼruza o‘qish, seminarlar tashkil etish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashuvi, malaka oshirish, ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

    Muloqot yakunida Fransiya universitetlari bilan navbatdagi rektorlar forumini 2023 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bildirildi.

    Bugun forum o‘z ishini ikki davlat oliy taʼlim muassasalari rahbarlarining V2V tarzidagi uchrashuvlari bilan davom ettiradi.

    Anjuman 30 noyabrga qadar davom etadi.