Parlamentning salohiyatini yanada rivojlantirish va rolini kuchaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi

    Xalqaro hamkorlik 24 May 2023 1274

    Avval xabar berganimizdek, Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Yevropa Ittifoqining “Inter Pares” global dasturi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha loyihaning rasmiy boshlanishiga bagʻishlangan anjuman boʻlib oʻtmoqda.

    Unda senatorlar, “Inter Pares” global dasturi vakillari, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari, Vengriya, Slovakiya, Fransiya Germaniya, Kipr, Chexiya, Litva kabi mamlakatlarning parlamentlari vakillari hamda Yevropa Ittifoqiga aʼzo bir qancha davlatlarning diplomatik korpusi vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirning ikkinchi kuni ishtirokchilar sessiyalarga boʻlingan holda mahalliy byudjet ijrosini nazorat qilish, “elektron parlament” tizimini joriy etish, gender tenglikni taʼminlash, yoshlar bilan ishlash kabi masalalarni muhokama qildi.

    Xususan, Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyev Senatning mahalliy byudjet va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ustidan parlament nazoratini amalga oshirish borasidagi faoliyatiga batafsil toʻxtalib oʻtdi. Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha darajadagi byudjetlarni shakllantirish va Davlat byudjeti mablagʻlaridan foydalanish jarayonida fuqarolarning ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari amalga oshirilayotganini taʼkidladi. “Tashabbusli byudjet” jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish ustidan parlament nazoratini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan “Tuman (shahar) byudjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirilgan tartibi toʻgʻrisidagi” Namunaviy nizom tasdiqlangan.

    Sessiya davomida Litva, Fransiya, Vengriya, Chexiya va Kiprning moliyaviy nazorat sohasidagi tajribasi oʻrganildi.

    Senatorlar xalqaro hamkorlar bilan elektron parlamentga oʻtishdagi muammolar va ularni hal etish yoʻllari yuzasidan fikr almashdi. Elektron parlament va raqamli transformatsiya rejalari muhokama etildi.

    Jumladan, Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari F. Boqiyev Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik amaliyotida “Elektron parlament” dasturiy kompleksini yanada takomillashtirish boʻyicha bir qator amaliy takliflarni ilgari surdi. Parlamentda ochiq elektron va arxiv hujjatlari bazasini shakllantirish maqsadida yetakchi Yevropa davlatlarining (Fransiya, Latviya, Kipr, Vengriya) tajribasini oʻrganish, Yevropa mamlakatlari parlamentlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimini koʻrish, fuqarolarning qonunchilikdagi roli bilan yaqindan tanishish kabi fikrlar taklif etildi.

    Xalqaro hamkorlar Oʻzbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha Respublika komissiyasining ish mexanizmi bilan qiziqdi.

    Yoshlar bilan ishlash masalalariga bagʻishlangan sessiya muhokamasida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari

    D. Tashmuxamedova mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash, yoshlarga boʻlgan eʼtibor barcha darajadagi davlat organlarida ustuvor yoʻnalish hisoblanishini taʼkidlab oʻtdi. Yoshlarning manfaatlarini himoya qilish boʻyicha 50 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilingani ham buni tasdiqlaydi.

    Forum ishtirokchilari Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining maqsad va vazifalari bilan ham tanishtirildi.

    Anjuman ishi yakunlari boʻyicha parlamentning salohiyatini yanada rivojlantirish va rolini kuchaytirish, tajriba almashish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.