Pastdargʻomda suvdan foydalanishda 42 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi

    Qonunbuzilish holatlarining oldini olish yuzasidan 90 nafar qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlariga ogohlantirish berildi.

    Samarqandlik koʻpni koʻrgan, tajribali dehqonlar qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda suvdan oqlona va samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratishmoqda. Ayniqsa, joriy xoʻjalik yilida suv taqchilligini yumshatish maqsadida, suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish yuzasidan qator ibratli loyihalar amalga oshirilmoqda. 2021-yili Samarqand viloyatida 19 ming 329 gektar yer maydonida suv tejamkor uskunalar oʻrnatilishi rejalashtirilgan boʻlib, shuning 19 ming 146 gektari tomchilatib, 183 gektar yomgʻirlatib sugʻoriladi.

    Bu borada hamkorlikdagi idoralar bilan “Oʻzagroinspeksiya”ning Pastdargʻom tumani boʻlimi xodimlari tomonidan keng qamrovli nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

    Jumladan, Agroinspeksiyaning Pastdargʻom tumani boʻlimi tomonidan joriy yilning oʻtgan besh oyi davomida suv resurslari isteʼmoli yuzasidan 160 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilgan.

    Tadbirlari davomida 42 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Ularga nisbatan 26 ta holatda 7 million 774 ming soʻm maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanildi. Mazkur noqonuniy holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli tashkilot va idoralarga 3 ta taqdimnoma kiritilib, 9 ta yozma koʻrsatma berildi. Suvdan foydalanish yuzasidan sodir etilgan 6 ta qonunbuzilish holatlari boʻyicha toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborildi. Qonunbuzilish holatlarining oldini olish yuzasidan 90 nafar qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlariga ogohlantirish berildi. 6 ta qonunbuzilish holatlari yuzasidan 23 million 391 ming soʻm miqdorda moliyaviy sanksiyalar qoʻllanildi.

    Xususan, tumanning “Salim Mallayev” MMTP hududida joylashgan Xudoyqul Rahimov nomli fermer xoʻjaligida gʻalla parvarishida agrotexnik tadbirlar 5-maygacha tugatilishi belgilangan boʻlsa-da, 11 gektar gʻalla maydoni sugʻorilayotgani aniqlandi, deya xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati.

    Tumanning “Mirzo Ulugʻbek” MMTP hududidagi “Oʻtarchi” fermer xoʻjaligi rahbari huquqiy hujjatlarda belgilangan talabni buzib, yaʼni tuman SIU bilan suvdan foydalanish yuzasidan shartnoma tuzmasdan suv isteʼmol qilganligi holati aniqlandi. Mazkur fermer xoʻjaligi rahbariga nisbatan OʻzMJtK ning 74-moddasi 2-qismi bilan maʼmuriy ish qoʻzgʻatilib, maʼmuriy ishlar boʻyicha Pastdargʻom tumani sudining qaroriga asosan 6 million 85 ming soʻm moliyaviy sanksiya xisoblandi.

    Xuddi shuningdek, “Mirzo Ulugʻbek” MMTP hududidagi “Gʻolibjon Mamashukurov” nomli fermer xoʻjaligi rahbariga nisbatan 8 million 889 ming soʻm, “Joniqul Yusupov” MMTP hududidagi “Ulugʻbek zamini paxta dalasi” fermer xoʻjaligi rahbariga nisbatan 8 million 85 ming soʻm moliyaviy sanksiya xisoblandi.