Pedagog kadrlar tayyorlash tizimining tranformatsiyasi

    Afsonalarda bayon etilishicha og'ir yuklarni ko'tarish va siljitishga doir muvafaqqiyatli tajribalaridan ruhlanib ketgan buyuk olim Arximed: “Menga tayanch nuqtasini beringiz, erni siljitaman”, deb aytgan ekan. Maktab ta'limi sifatini oshirishni nimadan boshlash kerak? Bu “og'ir yuk”ning tayanch nuqtasi qaerda?

    A.Avloniy nomidagi Milliy-tadqiqot instituti tomonidan o'qituvchilarning kasb saviyasi o'rganilganda, o'z fanlarini bilish bo'yicha past ko'rsatkichni namoyon qilgan o'qituvchilarning aksariyati 30-35 yoshgacha bo'lgan pedagoglar ekanligi qayd etildi. Ya'ni, oliy ta'lim muassasalarini oxirgi 10-15 yillar oralig'ida tugatgan nisbatan yosh o'qituvchilar etarli bilimlarga ega emaslar. Bu esa, o'z navbatida, pedagoglarni tayyorlash tizimida muammolar mavjudligidan dalolat beradi.

    2000-yillarning boshida pedagogika oliy ta'lim muassasalari universitetlarga aylantirildi va kadrlar buyurtmachisi bo'lmish xalq ta'limi tizimi tarkibidan chiqarildi. Ana shu davrdan boshlab o'qituvchi kadrlar tayyorlash tizimi faoliyati ham izdan chiqdi. Kadrlar buyurtmachisi bilan pedagoglar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasasi, pedagoglar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasasi bilan maktab o'rtasidagi aloqalar izdan chiqdi. Universitetga aylangan sobiq pedagogika oliygohlari universitet ta'limini olgan mutaxassis va oliy ma'lumotli pedagog kadrni tayyorlashga doir bir-biridan nisbatan farq qiluvchi ikki xil vazifani bir vaqtda bajarish bilan shug'ullanishga majbur bo'ldi. Natijada, na sifatli mutaxassisni va na yuqori saviyali pedagog o'qituvchini tayyorlashda talablar darajasidagi sifatga erishilmadi.

    Albatta, mazkur davrda yuqori saviyali pedagog kadrlar ham tayyorlandi, biroq ular kam sonli bo'lib, aksariyat hollarda maktablarga ishga bormagan.

    Pedagog kadrlarni tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalarining kadrlar buyurtmachisi — xalq ta'limi tizimidan alohida faoliyat ko'rsatishi yangi va zarur yo'nalishdagi pedagog kadrlarni tayyorlash ishlarini o'z vaqtida bajarishga salbiy ta'sir ko'rsatib keldi.

    Pedagog kadrlarni tayyorlash tizimida vujudga kelgan tanglik mamlakatimiz rahbariyatidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo qildi. O'qituvchi kasbi nufuzini va pedagoglarning sifat tarkibini oshirish, pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalarini tizimli rivojlantirish va ularda boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ilg'or xorijiy tajribalarni joriy qilgan holda zamonaviy ta'lim dasturlarini ishlab chiqish, yuqori malakali professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga ko'tarish, shuningdek, pedagogika sohasida ta'lim, ilm-fan va amaliyot uyg'unligini ta'minlash, xususan, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ta'lim sifatini oshirish, universitet faoliyatiga ilg'or ta'lim dasturlarini joriy qilish hamda zamonaviy bilim va pedagogik texnologiyalarni qo'llash ko'nikmalariga ega bo'lgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashning samarali tizimini yo'lga qo'yish maqsadida Prezidentimizning 2022-yil 11-maydagi “2022 — 2026 yillarda xalq ta'limini rivojlantirish bo'yicha milliy dasturni tasdiqlash to'g'risida” farmoni, 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik ta'lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida” hamda “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorlari qabul qilindi.

    Mazkur farmon va qarorlarda mamlakatimizda pedagoglar tayyorlash tizimini zamon talablariga mos ravishda transformatsiya qilishning majmuaviy chora-tadbirlari belgilab berildi. Jumladan:

    Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti (keyingi o'rinlarda — Pedagogika universiteti) hamda uning huzuridagi ta'lim va ilmiy tashkilotlar Xalq ta'limi vazirligi tasarrufiga o'tkazildi;

    Pedagogika universiteti pedagogika yo'nalishi bo'yicha o'quv dasturlarni ishlab chiqishda etakchi oliy ta'lim muassasasi etib belgilandi;

    Respublikamizning 8 ta hududida davlat pedagogika institutlari tashkil etildi;

    Chirchiq va Jizzax pedagogika institutlari pedagogika universitetlariga aylantirildi.

    Shuningdek, pedagogika universiteti va institutlarida ta'lim sifatini oshirish, zamonaviy talablarga javob bera oladigan raqobatbardosh pedagog kadrlar tayyorlashni ta'minlash maqsadida:

    pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalari kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olayotgan 2 — 4-bosqich talabalari uchun haftalik o'quv mashg'ulotlari «4+2» tartibida, shu jumladan darslarning 4 kuni oliy ta'lim muassasasida, 2 kuni maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim muassasalarida amaliyot o'tash tartibida olib borilishini ta'minlash;

    o'quv jarayoniga talabalarda mustaqil ta'lim olish, tizimli tahlil qilish va ijodiy fikrlash ko'nikmalarni shakllantirishga qaratilgan metodikalarni joriy qilish;

    malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda pedagoglar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ta'imining o'quv-rejalari va dasturlarini to'liq qayta ko'rib chiqish hamda xalqaro talablar asosida takomillashtirish vazifalari qo'yildi.

    Ta'limning barcha bosqichlarida uzviylik va uzluksizlikni ta'minlash maqsadida Pedagogik ta'limni rivojlantirish bo'yicha Respublika kengashi (keyingi o'rinlarda — Kengash) tashkil etildi va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi:

    maktabgacha, umumiy o'rta va o'rta maxsus, pedagog kadrlar tayyorlovchi professional va oliy ta'lim muassasalari, sohada faoliyat yuritayotgan ilmiy va malaka oshirish tashkilotlari o'rtasida o'zaro aloqalarni ta'minlash va mustahkamlash;

    mamlakatda pedagogik ta'limni rivojlantirishning asosiy yo'nalishlarini belgilash, uning uzoq va o'rta muddatli strategik dasturini tasdiqlash hamda amalga oshirilishini nazorat qilib borish;

    pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalari o'quv rejalari va ta'lim dasturlarining o'zaro uzviyligini, shuningdek, maktabgacha, umumiy o'rta, o'rta maxsus, professional hamda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ta'lim muassasalarining dasturlari bilan uzluksizligini ta'minlash;

    ta'lim muassasalarining pedagogika sohasidagi ijobiy tajribasini, shuningdek, o'qitish va ta'lim oluvchilar bilimlarini baholashning zamonaviy uslublarini ommalashtirish;

    pedagogika sohasida ilm-fan va ta'limni rivojlantirishga oid dolzarb muammolarni aniqlash, ularni keng jamoatchilik ishtirokida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar orqali muhokama qilish va ilg'or xorijiy tajribalar asosida ularning echimi bo'yicha tavsiyalar tayyorlash;

    pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ta'lim dasturlari va darsliklarni takomillashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

    Kengash tomonidan tayyorlangan takliflar tegishli vazirlik va idoralar hamda davlat ta'lim va ilmiy muassasalari tomonidan majburiy tartibda ko'rib chiqilishi belgilandi.

    Ayubxon RADJIEV,

    Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rektori,

    pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD),

    dotsent.