Poliklinikaga kelgan bemor nima uchun avval oilaviy shifokor koʻrigidan oʻtishi kerak?

    Har bir shaxs oilaviy shifokor koʻrigidan oʻtishi kerak. Chunki aynan u fuqaroning yoshligida qanday kasallik bilan ogʻrigani, nimaga allergiyasi borligi, avval qanday muolajalar olgani, qon guruhi singari barcha maʼlumotlarga ega boʻladi.

    Yurtimiz tibbiyot muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar hajmi va dori vositalari roʻyxatini amaliyotga kiritishni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

    Sugʻurta mexanizmining toʻliq yoʻlga qoʻyilishi bilan sogʻliqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablagʻlar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻlamining kengaytirilishi orqali aholining barcha qatlamlarini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish darajasi oshishi, tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitining yaratilishi, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirishga erishiladi.

    Maʼlumki, tibbiyot tizimi, aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatidan boshlanadi. Shu sababli davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish doirasida oilaviy poliklinikalarda aholi oʻrtasida kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish, bemorlarning birinchi navbatda oilaviy shifokorga biriktirilishi va uning koʻrigidan oʻtishini taʼminlashga erishish maqsad qilingan.

    Quyida bemorning kasallik sababli poliklinikaga birinchi bor kelganida bosib oʻtadigan yoʻnalishi keltirilgan.

    Unda koʻrsatilishicha, fuqaro tibbiyot muassasasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan kelishi kerak va uning maʼlumotlari “Elektron poliklinika” tizimiga kiritiladi. Shundan soʻng u roʻyxatxonada navbat raqamini olib, oʻz hududining amaliyotchi hamshirasiga uchraydi. U esa shifokor oldi koʻrigini oʻtkazadi: bemorda yurak kasalliklari va qandli diabetning erta bosqichini aniqlash maqsadida skrining qiladi, qon bosimini tekshiradi va hokazo.

    Soʻng bemorni unga biriktirilgan oilaviy shifokor koʻrikdan oʻtkazadi, zarur boʻlsa, tor soha mutaxassisiga yoʻnaltiradi. Har bir shaxs oilaviy shifokor koʻrigidan oʻtishi kerak. Chunki aynan u fuqaroning yoshligida qanday kasallik bilan ogʻrigani, nimaga allergiyasi borligi, avval qanday muolajalar olgani, qon guruhi singari barcha maʼlumotlarga ega boʻladi. Bu maʼlumotlar esa raqamlashtirilgan tarzda boʻlishiga erishish yoʻlidagi tadbirlar respublika boʻylab bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.