Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi "Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli shifoxonasini tashkil etish toʻgʻrisida" qaror qabul qildi.
Qarorga koʻra, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga moʻljallangan maxsus Zangiota 2-son shifoxonasining boʻsh turgan bino va inshootlaridan samarali foydalanish hamda 18 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun zamonaviy, yuqori texnologik, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Toshkent shahar hokimligining "Toshkent" MFY Yangi aylanma yoʻli manzilida joylashgan "Zangiota-2" shifoxonasi oʻrnida Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan davlat muassasasi shaklidagi 500 oʻrniga moʻljallangan Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli shifoxonasi tashkil etiladi.
Shifoxonaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻladi:
— 18 yoshgacha boʻlgan bolalarda zarur tibbiy tekshiruvlarni oʻtkazish, ularga yuqori malakali tibbiy-konsultativ hamda ixtisoslashtirilgan statsionar yordamini koʻrsatish;
— tuman tibbiyot birlashmalariga amaliy-metodik yordam berish;
— Toshkent shahar tibbiyot muassasalari amaliyotiga zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va boshqaruv usullarini joriy etishda koʻmaklashish;
— tibbiyot xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ishtirok etish.
2024-yil 1-sentyabrga qadar Bolalar shifoxonasining bino va inshootlarida zarur qurilish hamda taʼmirlash ishlarini amalga oshirilib, bolalarga tibbiy yordam koʻrsatishga moslashtiriladi.