Vazirlar Mahkamasining 25.03.2024-yildagi VMQ-149-sonli “Toshkent shahrida “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Toshkent shahrida davlat-xususiy sheriklik shartlarida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi toʻgʻrisidagi Nizom va 2024-2025-yillarda amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli roʻyxati tasdiqlandi.
DXSH shartlarida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi quyidagilarni nazarda tutadi:
- loyiha qiymati–1 mln AQSH dollarigacha;
- obyektni xususiy sherikka 10-yilgacha ijara huquqi asosida taqdim etish. Ijara muddati tugagandan soʻng obyekt Toshkent shahar xokimiyatiga qaytarilishi lozim;
- kapital qurilmalar qurishga taqiq, muhandislik tarmoqlariga zarar yetkazmaslik majburiyati;
- loyiha “Ye-auksion” platformasiga qoʻyiladi.
DXSH loyihalari soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan obyektlar roʻyxati:
1) madaniyat va istirohat bogʻlari, xiyobonlar, sayilgohlar, bulvarlar, alleyalar;
2) daryo, kanal va ochiq kollektorlarning qirgʻoq hududlari;
3) koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlar ostidagi hududlar;
4) yoʻlning qatnov qismi orasidagi hududlar;
5) avtoturargohlar;
6) avtomobil yoʻllari;
7) parkomatlar;
8) boʻsh turgan yer uchastkalari;
9) foydalanilmayotgan yoki kam quvvatda foydalanilayotgan bino va inshootlar
10) qurilishi tugallanmagan bino va inshootlar.
Shuningdek:
- Toshkent shahrida savdoga (ijara huquqi asosida) chiqariladigan yer uchastkalarining manzilli roʻyxati (savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari, maktabgacha taʼlim muassasalari, kichik ishlab chiqarish, koʻp qavatli uylar, avtoturargohlar va boshqalarni barpo etish uchun 169 yer uchastkasidan iborat roʻyxat);
- Yer uchastkalari negizida “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom;
- Toshkent shahrida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlanmoqda.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 27.03.2024-yildan kuchga kirdi.