Jumladan, qadimdan milliy qadriyat sifatida rivojlanib kelayotgan kulolchilik anʼanalarini asrab-avaylash, xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, keng targʻib etish, xalq ustalarining mehnatini munosib ragʻbatlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Rishton kulollari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar oʻzining dizayni, tabiiy rangi va qalampir nusxali naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi. Arxeologlar tomonidan olib borilgan qazishmalar, Katta Fargʻona kanali qurilishi paytida Rishton shahri va Zohidon qish­logʻi hududlaridan topilgan sopol buyumlar va uy-roʻzgʻor ashyolari, shuningdek, turli manbalarda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Rishton eramizdan avvalgi asrlarda ham madaniyat oʻchoqlaridan biri boʻlgan. Soʻnggi yillarda Rishton kulolchilik maktabi yana-da rivojlandi, uning vakillari yaratgan mahsulotlar barchani hayratga solib kelmoqda.

Qadimiy hunarga oʻziga xos uslub va joziba berishda usta kulol Tohirjon Haydarov yaratgan kulolchilik maktabi alohida oʻrin egallaydi. Sopol buyumlarga noanʼanaviy yoʻl, yaʼni igna va bigiz kabi buyumlar bilan naqsh solish sanʼati koʻpchilikning eʼtiborini tortmoqda. Chunki bu usulda ishlangan sopol buyumlar oʻziga xos koʻrinishi, jilosi va tabiiyligi bilan ajralib turadi.

Fargʻonada kulol Tohirjon Haydarovni tanimagan, bilmagan odam kam topiladi. Rishtonga borib, mashhur kulol ustaning uyi qayerda deb soʻrasangiz, bas, “Oʻzimizning «Usta bobo”ni ayt­yapsizmi? Shundoqqina Jaloyir qishlogʻidagi muzey-ustaxonamizga borasiz. Hozir u joyga xorijliklar ham tez-tez keladigan boʻlgan», deya faxr bilan yoʻl koʻrsatadi.

“Rishtonda bir xonadon bor ...”

Rishtonliklar faxrlanganicha bor ekan, zilol suvlari koʻngilga orom beradigan ariq boʻyidagi anvoyi atirgulu sadarayhonlar bilan oʻralgan hovliga yaqinlashar ekanmiz, xuddi ertaklarda tasvirlangan goʻzal maskanga tushib qolgandek boʻldik. “Muzey-ustaxona” deb yozilgan naqshinkor eshikdan kirib borar ekanmiz, tariximizdan soʻzlaguvchi ajoyib eksponatlarga — Qoʻqon arava hamda bugʻdoy yanchadigan keliga koʻzimiz tushdi. Tohirjon usta bizni quvonch bilan qarshi olar ekan, salom-alik orasida bu gʻaroyib eksponatlarga taʼrif ham berib ulgurdi:

— Muzey-ustaxonamiz 2017-yilda tashkil etilgan. Xorijdan keladigan mehmonlarga nafaqat hunarmandchiligimiz namunalari, balki tariximizga oid shunday eksponatlar haqida ham soʻzlab berishni xohlayman. Mana bu Qoʻqon arava, restavratsiya qilinmagan, 250-yil avval yasalgan. Bu eksponat ustalarning 4-avlod vakillarida saqlanib qolgan.

Muzeyga kiraverishda guvaladan qurilgan somonsuvoqli koʻhna uy ham saqlangan. Ustaning aytishicha, bunday uylardagi harorat jazirama issiqda ham moʻtadil holatda boʻlar ekan.

Yanada ichkariroq kirib borsangiz 2000 ga yaqin kitob jamlagan muzey kutubxonasida chugʻurlashib oʻtirgan mahalla bolalariga koʻzingiz tushadi. Qaniydi, yurtimizdagi har bir mahallaning Tohirjon akaga oʻxshash maʼnaviy yetakchisi, mehribon ustozi boʻlsa... Ushbu kutubxonada kitobxonlik kechalari, tanlovlar kulollar sulolasining tabarruk onaxoni 78 yoshli Xursanoy aya boshchiligida oʻtkaziladi.

Muzey-ustaxona bilan tanishish ishtiyoqimiz ortgani sayin taniqli ijodkor Amirqul Karimning ushbu maskan taʼrifida bitgan mana bu ­misralari yodimizga tushdi:

Rishtonda bir xonadon bor,

Unda tilga kirar sopol.

Rivoyatlar tinglab uzun,

Gul havasda surar xayol...

— Otamning aytishicha, bir zamonlar kulollarga odamlar qiz berishni xohlamagan. Chunki ularning topish-tutishida baraka boʻlmagan, — deydi usta. — Lagan, koʻza yasab bozorga olib chiqsa, uyini melitsiya bosib qamab qoʻygan. Endi zamonamizni qarang. Bugun Prezidentimizning hunarmandlarga qaratayotgan eʼtibori tufayli soliqlardan ozod boʻlib, oʻz mahsulotlarimizni chet ellarda ham sotish imkoniyatiga ega boʻldik. Prezidentimiz bizga eshikni katta ochib, xohlaganingcha oʻzingni namoyon qil, ijoddan toʻxtama, ­deyapti. Oʻzbekiston soʻnggi yillarda mehnat qilgan odam qadr topadigan jannatmonand yurtga aylandi. Men kasbimni halolligi, falsafiyligi uchun sevaman. Halol kasbimizni qadrlaydigan, bizni eʼzozlaydigan davlatimiz rahbarining maʼnaviyatiga butun dunyodan kelgan sayyohlar ham tan beryapti. Men “dunyoga chiqmadim, lekin dunyoni qishlogʻimga olib kelaman”, deb ahd qilganman. Yaratganga shukr, yangi Oʻzbekistonda davlatimiz rahbari bergan imkoniyat va sharoitlar tufayli shu maqsadimga yetdim. Oliy maʼlumotli boʻlmasamda, yuksak qadrlandim — “Doʻstlik” ordeniga munosib topildim, oʻgʻlim hali shogird kulol boʻlsada, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotini oldi. Shu kasb ortidan obroʻ-eʼtibor topdim, qadr topdim. Davlatimiz kamtarona mehnatlarimizni eʼzoz­lamoqda. Oddiy kulolga yana nima kerak?!

“Bu tuproq qorakoʻz bir nigor edi”

Devorga osilgan laganlar va bir qator qilib terilgan naqshin koʻzalar oralab kezar ekanmiz, oʻtmishga kirib qolgandek his qildik oʻzimizni. Bir tomonda Buyuk Amir Temur oʻz oʻgitlari bilan sizni hushyorlikka chorlasa, boshqa tomonda Umar Xayyom hazratlari bu sanʼat durdonalari yaralishiga sabab boʻlgan muqaddas tuproq oʻtmishidan ertaklar soʻzlaydi goʻyo...

Sen-mendan oldin ham tun-kun bor edi,

Aylangan falak ham butun bor edi.

Tuproqqa avaylab qadamingni qoʻy,

Bu tuproq qora koʻz bir nigor edi.

— Rishtonning tuprogʻi kulolchilikka mos. Odamlarning tomorqasidan ketmonda kavlab olingan oddiy qizil tuproqni sotib olib, mayda chiqindilardan tozalab, kulolchilik mahsulotlari yaratamiz. Yasalgan buyumlarga nina bilan ishlov beriladi. Koʻproq lagan va koʻzalarga mashhur insonlar surati, hikmatli soʻzlar yoki gʻazal, sheʼrlardan namunalarni igna bilan chizib, keyin ularni olovda pishirgandan soʻng rang beramiz. Bu usul juda uzoq mehnat talab qiladi. Masalan, bitta laganga qalam bilan surat chizishga bir-ikki kun vaqt yetsa, bu usulda eng kamida hafta-oʻn kun vaqt ketadi. Bu sanʼat asarlari, avvalo, sifatli yaratiladi, uzoq muddat yaxshi saqlanadi va shu sabab ularga talab yuqori. Shu oʻrinda yana bir sirni oshkor etmoqchiman: faqat Rishton tuprogʻidan yasalgan sopol idishlargina chertganingizda oʻzgacha jaranglaydi.

“Sehrli tuproq”dan yaralgan goʻzal va betakror sanʼat namunalarini koʻzdan kechirar ekanmiz, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Xiva xonligi, Qoʻqon xonligi shajaralaridan hikoya qiluvchi yarim metrli laganlar hayratimizni yana-da oshirdi. Bu kabi ijod namunalarini koʻrgan yoshlarning tariximizga, ajdodlarimizdan qolgan moddiy va maʼnaviy merosga qiziqishi oshishi, tabiiy. Inson kitob oʻqiganida koʻp narsa esida qolmasligi mumkin, lekin bejirimgina lagan va koʻzadagi suratlar yodingizdan mustahkam oʻrin olishi aniq.

— Usta-shogird maktabini 2018-yilning sentyabr oyida tashkil qildik. Dastlab, qishlogʻimizdagi uyushmagan yoshlardan 20 nafarini maktabga jalb etdim. Oylik toʻlovni toʻlashga imkoni boʻlmagan yoshlarni oʻzini tiklab olgunicha bepul oʻqitdik. Oʻtgan yili 7 nafar shogirdim oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirdi. Ularning 3 nafari grant asosida tahsil olmoqda.

Bugungi kunda Tohirjon Haydarovning 100 dan ortiq shogirdi bor. Besh nafar farzandi ham el-yurt havas qilgudek insonlar boʻlib voyaga yetgan. Suhbatdoshimiz ular haqida faxr bilan soʻzlar ekan, Neʼmatjon Qulabdullayev ijrosidagi qoʻshiq yangray boshladi: «Qiz bolaga atlas koʻylak yarashmaydimi, chamanzorda raʼnogullar qarashmaydimi...» Ha, usta kulolning hovlisida hamisha mumtoz qoʻshiqlar va kuylar yangrab turadi. Va bu koʻhna ohanglar anvoyi atirgul va sadarayhonlar iforiga qoʻshilib, qalbimizdagi eng ezgu hislarimizni, milliy oʻzligimiz bilan tutash ildizlarni uygʻotayotgandek goʻyo...

“Mard oʻgʻlon” otasining izidan bormoqda

Ustaxonadagi eng qizgʻin jarayon kulol dastgohi yonida kechadi. Mazkur mahorat saboqlarida Amerika, Angliya, Germaniya, Yaponiya, Malayziya, Indoneziya kabi koʻplab mamlakatlardan kelgan sayyohlar, shuningdek, oʻzimizning sanʼat ixlosmandlari va yoshlar katta qiziqish bilan ishtirok etgan. Bugun “Mahorat saboqlari”ni yaqinda ­Prezidentimiz qaroriga koʻra, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan Temurbek Haydarov olib bormoqda. U ayni paytda Fargʻona davlat universitetining sanʼatshunoslik ­fakulteti 2-bosqich talabasi.

— Bu yil menga judayam omadli keldi, — deydi Temurbek. — Joriy yilning iyun oyida universitet talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan Respublika fan olimpiadasida “Amaliy sanʼat ashyolarida ishlash” yoʻnalishi boʻyicha sovrindor boʻldim. Qolaversa, Ispaniyada “Dekorativ hunarmand” yoʻnalishi boʻyicha tanlovda 2-oʻrinni qoʻlga kiritdim. Oʻtgan yili Italiyada oʻtkazilgan xalqaro tanlovda “Badiiy kulolchilik” nominatsiyasi boʻyicha 1-darajali diplom bilan taqdirlandim. Italiya, Ispaniyada ham ijodimga qiziqadigan muxlislar orttirdim. Hozirda koʻproq Turkiya davlati bilan hamkorlik qilyapmiz.

Temurbek Haydarov qoʻligul yosh hunarmand sifatida 2019-yil Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan Xalqaro hunarmandchilik festivalida faol ishtirok etgan. Turkmanistonlik tengdoshlari bilan shartnoma tuzib, u yerda Rishton kulolchiligini rivojlantirishni kelishib olishdi. Biroq pandemiya sababli bu reja ortga surilib turibdi. Temurbekning asosiy maqsadi Rishtonning betakror tuprogʻidan yasalgan kulolchilik mahsulotlarini butun dunyoga taratish, ustozlaridan oʻrganganlarini shogirdlariga ham oʻrgatish.

Yurtimizdagi har bir uyda sopol buyumlar boʻlmogʻi kerak

Agar Margʻilon atlas va adraslari, Qoʻqon yogʻoch oʻymakorligi va naqqoshlik maktablari bilan dong taratgan boʻlsa, Rishton azaldan kulolchilik sanʼati bilan dunyoga tanilgan. Bu yerda tayyorlangan sopol idishlar oʻziga xos dizayni, ekologik tozaligi bilan ajralib turadi. Shu bois, Rishton kulolchilik mahsulotlari tashqi bozorda xaridorgir.

— Shunisi quvonarliki, pandemiya davrida aholining uyda oʻtirib, hunarmandchilik bilan shugʻullanishi va daromad topishiga koʻmaklashish maqsadida qisqa muddatda tumanda Xalqaro kulolchilik markazi barpo etildi, — deydi Tohirjon Haydarov. — Bu yerda 20 ta ikki qavatli kulollar xonadoni, Rishton tarixi muzeyi, bank xizmatlari markazi qurilgan. Uylarning birinchi qavatida ustaxona va savdo doʻkoni joylashgan, ikkinchi qavatda hunarmandlar oilasi bilan yashaydi. Xonadonlarning har birida 6 oʻrinli mehmonxona ham mavjud. Chet ellik sayyohlar bu yerda yashab, kulollarning ishi bilan tanishishi mumkin.

Prezidentimiz joriy yil Fargʻonaga safari davomida kulollar bilan suhbatda shunday taʼkidlagan edi: «Bu idishlarda mehnat, yurak bilan birga tarix ham bor. Hamma yoʻnalish­larda milliy anʼanalarimizni tiklayapmiz. Sopol buyumlar ham milliy qadriyatimiz. Ularni yana-da ommalashtirib, har bir xonadonga kiritish kerak. Ularni chet elliklar juda qadrlaydi. Chunki chiroyli, sifatli, ekologik toza. Yurtimizdagi har bir uyda mana shunday idishlar boʻlsa, ham milliy iftixor, ham maʼnaviyat boʻladi».

Tohirjon Haydarov davlatimiz rahbarining ushbu soʻzlari har bir kulol qalbiga oʻzgacha shijoat va zavq bagʻishlaganini, shuningdek, kulollarga aylanma mablagʻ va imtiyozlar berish, bosh­qa hududlarda doʻkonlar ochishiga koʻmaklashish, mamlakatimizning xorijdagi elchixonalarida koʻrgazma-savdo rastalari tashkil etish boʻyicha bergan koʻrsatmalari hunarmandlarga katta imkoniyatlar eshigi ochilishiga turtki boʻlganini aytdi.

“Hech qayerda aytilmagan hikmatni topdim”

Muzey-ustaxonaning bir qismida tashkil etilgan oilaviy mehmonxonada dam olishni istagan sayyohlarga barcha sharoit muhayyo. Palov yegingiz kelsa, mezbonlar darrov oʻchoqqa oʻt qalab taom tayyorlashga kirishib ketadi. Shuningdek, fargʻonalik ijodkorlarni chorlab, madaniy-maʼrifiy suhbatlar ham uyushtiriladi.

Amerikalik sayyoh Gren Devir milliy hunarmandchilik mahsulotlariga juda qiziqadi. U, ayniqsa, Rishton sopol buyumlarining shaydosi. Muzeyning “Esdaliklar” kitobiga shunday soʻzlarni yozib qoldirgan: «Ustaxona supasida oʻtirib bir suhbatlashsangiz bormi... Avval mehmon kelishi bilan uni soʻriga taklif qilishadi. Soʻngra duo oʻqilib, bir piyola choy beriladi. Dasturxondagi neʼmatlarning qaysi birini aytay... kishmish uzum, zargʻaldoq shaftoli, tillarang qantaklar... tilimi tilni yoruvchi qovunlaru karsillama tarvuzlar... Bu tuproqning mevalaridagi taʼm bosh­qa hech qayerda yoʻq. Qoʻy yogʻi, qoʻy goʻshtiga osh tayyorlashgunicha Tohir usta bir gapni aytib qoldi. Uning taʼkidlashicha, biz u bilan aka-uka ekanmiz. Chunki barchamiz mana shu biz bosib turgan tuproqdan yaralganmiz va yana yerga qaytamiz. Men bunday hikmatni ilgari hech qayerda eshitmaganman. Fargʻonaga 15 kunga kelgan edik, lekin juda uzoq qolib ketdik. Negaki, fargʻonaliklar juda istarasi issiq odamlar ekan...».

Gren Devir soʻzlari harorati bizningda qalbimizga koʻchdi. Usta kulol bilan xayrlashar ekanmiz, butun umrini, qalb tugʻyonlarini aziz yurtdosh­lariga mana shu mehnatkash va qadoq qoʻllari, qaynoq qalbi bilan tutayotgan Hazrati insonga uzoq umr, mustahkam sogʻliq tiladik.

Muzeyning “Esdaliklar daftari”ga dil soʻzlarimizni yozib qoldirayotib milliy qadriyatlarimizni, hunarmandchilik sir-asrorlarini avaylab, yosh avlodga oʻrgatib kelayotgan ustalar fidoyiligidan mamnun boʻldik. Yoʻlingiz tushsa, Rishtondagi ushbu muzey-ustaxonaga tashrif buyuring. Bu yerdagi betakror kulolchilik namunalari, mohir ustalar mehnati, bugun va tarixni qamrab olgan muhit yozganimizdan ham taʼsirli ekaniga oʻzingiz guvoh boʻlasiz.

Muxtasar TOJIMAMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri