Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov: “Halollikni farzandlarimiz tarbiyasiga singdirishimiz kerak”

    Saylov 7 Oktabr 2021 1353

    O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Alisher Qodirov xorazmlik saylovchilar bilan uchrashuvda “Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi” shiori ostida ta’lim-tarbiya uzluksizligini ta’minlash, milliy urf-odatlar va qadriyatlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish kabi ezgu maqsadlarni ustuvor deb bilishini ta’kidladi.

    – "Yangi avlod" davlat dasturi qabul qilinadi, – dedi Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov. – Bola tug‘ilganidan maktabni tugallaganicha davrni o‘z ichiga olgan tarbiya va ta’lim dasturi ishlab chiqilishi uchun yagona "Oila – bog‘cha – maktab" tizimi yaratiladi. Oilada sog‘lom farzandni dunyoga keltirish va tarbiyani to‘g‘ri tashkil etish uchun 18 yoshgacha farzandlari bo‘lgan ota-onalar qo‘llab-quvvatlanadi. Bog‘chalarning davlat tomonidan moliyalashtirilishi va (xususiy bog‘chalarga ruxsat beriladi) bog‘cha davrining oxirgi bir yili majburiy bo‘lishi belgilanadi. Bu jarayonda eng avvalo, tarbiyachilarning ish haqisi oshiriladi, ular uchun yillik sertifikatlashtirish joriy etilib, bog‘cha guruhlarida bolalar soni 15 nafardan oshirilmasligiga erishiladi. Maktablarda boshqaruv, o‘qituvchiga munosabat va tarbiya-ta’lim ishlarini tashkil etish tubdan o‘zgartiriladi (xususiy maktablarga ruxsat beriladi).

    Uchrashuvda Alisher Qodirov saylovchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi. Tadbirda turli soha vakillari nomzodning saylovoldi dasturini qo‘llab so‘zga chiqdi.